Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eng yaxshi do‘st

Sevimli nashringiz – “Gulxan” jurnali yillar davomida iste’dodli yoshlarni yuzaga chiqarib kelmoqda. Hozir xalqimizning sevimli ijodkoriga aylangan O‘zbekiston xalq shoiri, “Fidokorana xizmatlari uchun” ordeni sohibi Iqbol Mirzo ham “Gulxan”ning ana shunday kashfiyotlaridan. Chunki bag‘dodlik o‘quvchi Iqboljon Mirzaaliyevning ham ilk she’ri jurnalning o‘sha vaqtdagi bosh muharriri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning nazariga tushgan va jurnalda e’lon qilingan. Shundan buyon Gulxanjon endilikda xalqimiz Iqbol Mirzo deb ardoqlaydigan shoir do‘stining ijodini mehr bilan kuzatadi. Biz shoir bilan suhbatlashganimizda Iqbol aka o‘sha beg‘ubor onlarini yodga oldi va bolalik damlariga qaytgandek bo‘ldi.

 

Ilk yolg‘on va mehr

Dadam rahmatli adabiyotshunos edilar. Ko‘p yillar davomida Bag‘dod tumani ta’lim tizimida ishlaganlar. U kishini tanigan, bilganlar, halol va insofli odam bo‘lgan, deya xotirlashadi. Onam ham uzoq yillar o‘qituvchilik qilganlar. Oilada 6 farzandmiz – 4 o‘g‘il, 2 qiz. Oilamiz mahallamizning eng fayzli xonadonlaridan biri edi...

Qishloq bog‘chasida singlim bilan bitta guruhda edim. Bog‘cha opam besh yoshga to‘lganim uchun meni o‘rta guruhdan katta guruhga o‘tishim kerakligini aytdi. Shunda mudiraning yoniga singlimni yetaklab chiqdim-da, qo‘lchalaridan mahkam ushlagancha: “Singlim bilan bir guruhda bo‘lishim kerak. Boshqa guruhga chiqishimga ruxsat yo‘q ekan. Dadam menga shunday deb tayinlagandilar”, deya yig‘lab yuborganman. O‘shanda menga go‘yoki katta guruhga o‘tib ketsam singlim himoyasiz qolayotgandek, kimdir uni xafa qiladigandek tuyulgandi. Shuning uchun yolg‘on gapirishga majbur bo‘lganman. Bu mening ilk yolg‘onim, ilk jasoratim va singlimga bo‘lgan mehrimning namoyishi ham edi. Mudira va uning yonidagi ayollar menga hayrat bilan qarab turishardi. Mudira opa, “Mayli, yig‘lama, Iqboljon, singling bilan bir guruhda qolavergin”, deganlaridagi quvonchimni ko‘rsangiz edi. Eshikdan tashqariga chiqishim bilanoq singlimni quchoqlab olganman...

Shunchalik sho‘x bola edimki, bog‘cha opalar meni faqatgina qiziqarli ertak yoki rivoyat o‘qib berish bilangina tinch olib o‘tirishardi.

Oilamizda kitobga bo‘lgan munosabat, hurmat boshqacha edi. Onam “Kitob go‘yoki bu sening do‘sting. Do‘stning esa yaxshisi ham, yomoni ham bo‘ladi. Ya’ni foydali yoki zararli. Sening vazifang yaxshi do‘stni yomonidan farqlay olishingdadir. Duch kelgan kitobni o‘qib ketaverish yaramaydi”, derdilar. Onamdan yaxshi kitobni qanday farqlayman, deb so‘raganimda, u kishi menga bir kitobni tutqazdilar-da, o‘qishni boshla, dedilar. Kitobning 15-sahifasiga kelganimda “Hozir sen nima haqida o‘ylayapsan?” deb so‘radilar. “Baliq ovi haqida”, dedim. Vaholanki, kitobda baliq ovi haqida hech nima yozilmagan, sevimli mashg‘ulotim bo‘lgani uchun xayolim baliq ovlash bilan band edi. Shunda onam “Bu yaxshi kitob emas”, dedilar va menga “Baron Myunxauzenning sarguzashtlari” nomli kitobni berdilar. Kitobni o‘qishni boshlashim bilan voqealar rivoji shunchalik qiziqtirib qo‘ydiki, qalbimni ajib bir quvonch qamrab oldi. Uy yumushlarini-da unutib asardan bosh ko‘tara olmay qoldim. Shunda onam “Mana shu yaxshi kitob. Sening butun fikr-u xayolingni o‘ziga qarata olgan asargina senga eng yaxshi do‘st bo‘la oladi”, degandilar. Ana shu tariqa onam qalbimda kitobga mehr uyg‘otib, “Sen shoir bo‘lasan”, degan kayfiyatda o‘stirdilar. Har gal otam bizga qiziqarli kitob olib kelsalar talashib-tortishib, qo‘lma-qo‘l qilib o‘qirdik. Adabiyot, tarix, botanika, zoologiya, astronomiya va jismoniy tarbiya darslarini yaxshi ko‘rardim. Ammo har qancha o‘qimay fizika fanini hecham tushunolmasdim. Hozir ham tushunmayman. Shunday bo‘lsa-da, maktabni oltin medalga tamomlash uchun butun boshli fizika kitobini yod olib chiqqanman. Chunki boshqa hamma fanlardan bahoim “besh” edi-da.

Abdulla Oripovning bir necha sahifali she’rlarini bir o‘qishda yod olardim va tutilmay aytib berib hammani lol qoldirardim. Esimda, beshinchi sinfda o‘qiyotganimda Sergey Yeseninning “Zamin darg‘asi” (Ustoz Erkin Vohidov tarjimalarida) kitobini yod olganim uchun dadam mukofot tariqasida Qo‘qon shahriga tomoshaga olib borgandi...

Juda sho‘xligim sabab ko‘p tanbeh eshitardim. Qishloqdagi, mahalladagi bolalar bilan ko‘p urishardim. Bolaligimdan futbolga ishqiboz bo‘lganim uchun o‘rtoqlarim bilan tinmay koptok tepardik. Bir kuni tepgan koptogim qo‘shnimizning o‘choqdagi bir qozon ovqatiga tushib ketgan. Oilamizda qat’iy tartib-qoida mavjud bo‘lib, kun botgunga qadar hamma uyda bo‘lishi shart edi. Biroq o‘yinga berilib ketganimdan ko‘pincha uyga kech qaytardim. Me’yoridan ortiq o‘yinqaroqligim sabab qattiqqo‘l otam meni jazolardi. Behining mevasidan tashqari gavronining ta’mini ham tatib ko‘rganman. Ota-onam doim bizga “Qat’iyatli, imoni mustahkam bo‘ling. Hech kimni norozi qilmang va dilini og‘ritmang. O‘rni kelganda sukut qilishni o‘rganing”, deb uqtirishgan.

 

She’riyat – mening qanotim

Qo‘limdan tutib harf yozishni o‘rgatgan ustozim Dilbaroy opa Oxunova men uchun doimo o‘zbek ayoli timsolida gavdalanadi. Har gal a’lo baho olsam, “Barakalla” deb qo‘yardilar. Shu so‘zni eshitsam o‘zimni baxtiyor sezardim. Yuqori sinflarda o‘qib yurgan kezlarimda ham har bir yutug‘imdan xursand bo‘lib, “Barakalla”, derdilar. Hozir o‘ylab qarasam, o‘qituvchida bilim va salohiyatdan tashqari eng avvalo mehr bo‘lishi kerak ekan.

 

...Bu – siz... Xotiralar asta jonlanar,

Sinf. Kitob hidi. O‘ttiz polapon.

Bu – men... Mehribon qo‘l boshimni silar:

“Chiziqdan chiqmasdan yozing, Iqboljon!”

 

Ushbu “O‘qituvchi” deb nomlangan she’rimni mehridaryo ustozim Dilbaroy opaga atab yozganman.

Bolaligimda uchuvchi bo‘lishni orzu qilganman. Garchi bu niyatimga yetmagan bo‘lsam-da, yozganlarim bilan uchyapman. Adabiyot, she’riyat mening qanotimga aylangan... Tog‘am G‘ulom Abdulla yaxshi shoir edi. Ilk she’riy saboqlarimni shu kishidan olganman.

Bolaligimning ko‘p vaqti paxtazorlarda o‘tdi. So‘nggi qo‘ng‘iroq paytida bir o‘rtog‘im “Qara-ya, paxta dalasida yurib maktabni ham tamomlab qo‘yibmiz-ku”, degan edi... Lekin shunday qiyin sharoitda ham kitob o‘qishga, fanlarni yaxshi o‘zlashtirishga harakat qilardik.

Bugun yoshlar uchun hamma shart-sharoitlar yetarli. Ulardan esa faqat o‘qish talab etiladi. Ana o‘shandagina yoshlarimizda o‘sish seziladi. Qachonki ijodkor havaskorlikdan o‘tsa, har bir mavzu yoki voqea-hodisaga professional yondashsa, o‘z fikriga ega bo‘lsa, haqiqiy ijod namunalari yaraladi. Uka-singillarimga maslahatim shuki, yaxshi odam bo‘lish uchun o‘qish kerak. Ba’zilar kitob yig‘adi-yu, o‘qishga hafsalasi bo‘lmaydi. Ayrimlar to‘plamaydi-yu, lekin qo‘liga tushgan yaxshi kitobni albatta mutolaa qiladi. Shuning uchun ham “Kitobning yig‘ilgani emas, o‘qilgani boylik”, degan gap bor.

“Gulxan” jurnali muxlislariga ham ana shunday tom ma’nodagi boylik yig‘ishlarini tilab qolaman...

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.