Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maktab hayoti

O‘zim o‘qigan maktabga tez-tez borib turaman. Ustozlar, o‘quvchilar, darslar – barchasi qadrli va kishiga o‘zgacha xotiralarni eslatadi. Oxirgi paytlar ayniqsa, psixolog opa bilan ko‘p suhbatlashadigan bo‘lib qoldim. Bolalar olamiga qiziqqanim bois ularning ruhiyatidagi holatlar meni o‘ziga jalb etdi. Ya­qinda ko‘rishganimizda 4-sinfda o‘qiydigan qizaloq haqida gapirib qoldilar. Suhbatni sizlar bilan bo‘lishmoqchiman.

Sabina 10 yoshda. A’lochi qiz. Ustozining aytishiga qaraganda o‘ziga to‘q, ziyoli oilaning farzandi. Am­mo oxirgi paytlar xomush, kayfi­yatsiz ho­lat­da ko‘p uch­ratdim va bir kuni xonamga cha­qirib so‘z­lashdim, de­di­lar.

– Sabina, qi­zim, yaxshi­misan? O‘qish­laring qan­day? Kel, sen bilan yaqindan bir so‘z­lashaylik-chi.

– Rahmat yax­shi.

– Balki menga xomushligingning sa­ba­­bini aytib be­rarsan. Sen bilan yaqinmiz, bir-birimizdan yashiradigan sirimiz yo‘q. Shundaymi?

– Ha, shunday.

– Negadir shu kunlarda kamgapsan, ilgari gapdan to‘xtatolmasdik.

– Yo‘q, yaxshiman, hammasi joyida.

– Mayli unda, qachon nima yordam kerak bo‘lsa, menga ayt xo‘pmi?

Sabina biroz o‘ylanib gap boshlab qoldi.

– To‘g‘risini aytsam, judayam charchadim. Ichimdagini hech kimga aytolmayman. Bilasiz, oilada bitta qizman, ikki ukam bor. Biri 7, biri 5 yoshda. Oldin sezilmasdi, endi ota-onam hamma mehr-e’tiborni shu ukalarimga qaratishayotgandek. Meni maktabga olib kelib, olib ketishadi xolos. Qolgan paytda ishlari ham yo‘q. Onamning yumushlari ko‘p, desam, dadam ham beparvolar. Ilgarilari, qizalog‘im, deb ishdan qaytishda shirinliklar olib kelardilar. Hozir biroz qaysarlik qilsam, “Sen endi katta qizsan” deb tanbeh beradilar. Uyda zerikadigan bo‘ldim. Hech kim bilan  gaplashishni xohlamay qoldim. Shu sabab erka ukalarimga ham qaragim kelmayapti.

– Balki senga shunday tuyilayotgandir. Ota-ona barcha farzandlarini teng yaxshi ko‘radi. Ukalaring hali kichkina bo‘lgani uchun ularga ko‘proq e’tibor kerak-da!

– Ha, lekin baribir tushunmaysiz. Hech bo‘lmasa kunim qanday o‘tgani, o‘qishim ham qiziqmas. Ukangga qara, kiyimini olib kel, uy ishlariga yordam ber... Faqat shu gaplar.

Men psixolog opaning Sabina bilan suhbatini eshitib xulosa chiqarishga urindim. Avvalo, ota-ona bilan ishlash kerak, dedilar. Ba’zida kattalar uy ishlari, pul topish, turli tashvishlar bilan bo‘lib o‘zlari bilmagan holda farzandlariga bee’tiborlik qilishadi. Bola necha yoshda bo‘lmasin, ota-onadan mehr, e’tibor kutadi. Bunday holatlarda ona va bola, ota va bola dildan suhbatlashishi, tushunishi, tushuntirishi, vaqt ajratishi kerak. Aynan sizga aytib berayotganimning sababi esa, barcha ota-onalar bu kabi holatlardan ogoh bo‘lishlari va o‘zaro munosabatlarni sovutib qo‘ymaslikka harakat qilishlari kerak. Bolalik – nozik va beg‘ubor davr. Undagi aksariyat xotiralar kishi ongida bir umrga muhrlanadi.

 

Barnoxon RAJABOVA

Aziz o‘quvchilar, psixologning gaplari, muallifning xulosasini o‘qidingiz. Siz teng­doshingiz Sabinaga nima degan bo‘­lardingiz? Jurnalda ko‘rsatilgan manzil­larimiz orqali javoblaringizni kutamiz. Eng munosib javoblar “Gulxan”ning keyingi sonlarida e’lon qilinadi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.