Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ijodkor o‘zi kim?

Ijodkor shaxsni boshqalardan qanday qilib ajrata olish haqida O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov: “Haqiqiy ijodkor o‘z xalqining sodiq farzandi, sodiq posboni, sodiq xizmatkori... Boringki, sodiq quli bo‘lishi kerak”, – deydi.

Ijodkorni quyidagi keltirilgan o‘ziga xos belgilari orqali ajrata olish mumkin ekan:

1.  Boshqalardan ko‘proq narsa ko‘ra olishi.

2.  Go‘zallikka intiluvchanligi.

3.  O‘z his-tuyg‘ularini erkin ifoda eta olishi.

4.  Fantaziyaga boy bo‘lishi.

5.  O‘z ijod namunalarini qadrlashi.

6.  Orzusi ortidan tinmay intilib borishi.

Bolalar adabiyoti mutaxassislaridan biri o‘z tanishining quyidagi fikrini muhokamaga qo‘yadi. Uning fikriga ko‘ra, insoniyat ikki guruhga bo‘linadi. Haqiqiy kashfiyotchi ijodkorlar va kashfiyot qilmaydiganlar. Buni sinab ko‘rish uchun ularga shunday vazifa beradi. Masalan, mushukni bilvosita ta’riflash kerak. Ya’ni ishora bo‘lishi kerak  va bu ishora nechog‘li kutilmagan va yorqin bo‘lsa, nur ustiga nur. Kimdir bosh chayqaydi. Mushuk – paxmoq uy hayvoni, boshqa birov esa ketma-ket istioralarni yog‘diradi. “Sichqonning homiysi”, “Yo‘lbarsning jiyani”, “Tekin isitgich” va h.k.

Albatta, istioradan unumli foydalanish ijodkor uchun muhim. Ammo bu xususiyat uni yaxshi yo yomon ijodkor deyishimizga asos bo‘la olmaydi. Istiora asarning bezagi bo‘lishi mumkin, ammo usiz ham ta’sirli, badiiy jihatdan puxta asar yozish  mumkin.

O‘tkir Hoshimov yozuvchining hech kimga nasib etmagan baxtini bir varaq oq qog‘ozga dardini to‘kib  solishda, deb biladi.

Ozod Sharafiddinov esa: “Shoirning qo‘li hamisha davr tomirida, qulog‘i xalqning ko‘ksida bo‘lishi kerak. Xalq hayotidagi har bir jiddiy voqea shoir qalbida aks sado berishi lozim”, – deydi.

Haqiqiy ijodkorning asari o‘quvchiga ma’naviy ozuqa berishi, ta’sirchan bo‘lishi zarur, eng asosiysi esa ko‘chirmakashlik (plagiat) bo‘lmasligi, birovga yozdirilmaganligi muhim. Adabiyotdagi ilk qadam keyingi qadamlar kabi halol bo‘lishi o‘ta ahamiyatli.

Aslida har bir soha fidoyilikni talab qiladi. Boshqa sohadagi ijodkorlikda ham ilhom kelganda yangi-yangi kashfiyotlar paydo bo‘ladi. Ammo, ilhom mehnatsevar, ishiga sinchkov, izlanuvchan insonlarga kelishini aytib qo‘yay. Yarim tungacha ko‘chada yurib yoki televizor oldidan ketmay, yoinki internet xabarlaridan ko‘zini uzmay toliqqan insonga ilhom kelishi amrimahol. Shuning uchun, iste’dodning 99 foizi mehnat, deb bekorga aytishmaydi.

Ijod mahsuli haqiqiy san’at asariga aylansagina, o‘quvchining vujudi, borlig‘i junbushga kelib, dunyoqarashi o‘zgaradi. Haqiqiy asar inson qalbini  zavq-shavqqa to‘ldiradi. Ularning mualliflari haqiqiy qahramonlardir.

Boris Polevoyning uchuvchi Meresev haqidagi qissalarini o‘qib qancha nogironlar hayotga umid ko‘zi bilan qaray boshlagan. Ozodlik, mustaqillik, erk uchun kurashgan Cho‘lpon, Usmon Nosirning she’rlaridan mustabid tuzum vakillari qo‘rqib, ularni yoqib yuborganlar. O‘sha paytda Germaniyada o‘qib yurgan hamyurt talabalarimiz uchun og‘izdan og‘izga o‘tib yurgan Cho‘lponning she’ri ilinjga aylangan. Mustabid tuzum vakillari undan bombadan qo‘rqqandek yoki undan ham dahshatliroq kuch sifatida qo‘rqishgan. Chunki she’r o‘lmas, u qalbga abadiy joylashib, yurakni eng shiddatli harakatlarga da’vat etishi mumkin. 

 

Kavsar TURDIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.