Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Gul rangidagi bolalik

O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning shunday so‘zlari bor: “Taqdir taqozosi bilan rus maktabida o‘qib, ruscha ta’lim olganlar ichida o‘zbek tilining qadr-qimmati uchun kurashgan ko‘plab jonkuyarlar yetishib chiqdi. Ulardan biri mashhur san’atshunos olim Hamidulla Akbarovdir. U mening kursdoshim, yaqin do‘stim. Hamidulla Akbarov rus filologiyasi fakultetini tugatgan bo‘lishiga qaramay o‘zbek tili va san’atining kuyunchak targ‘ibotchisidir”.

Darhaqiqat, bu fikrlarning qanchalik haq ekanligiga olim bilan suhbatda bo‘lgan har qanday inson ishonch hosil qilishi mumkin.

 Yaqinda jurnalimizning ijodiy hamkori, uzoq yillar telerejissura sohasida ishlagan Qosimjon So‘piyev O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida Hamidulla Akbarovning “Zamonalarni ilg‘ayman yuritganda qalam”, “Chopqir kunlar, nash’ali lahzalar”, “Золотое сечение жизнедеятельности” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lishi haqida aytdilar. Taqdimotda qatnashib, u yerdan bir olam taassurotlar bilan qaytdim.

Aziz o‘quvchi, quyida olimning bolalik xotiralarini sizga tuhfa etamiz. Zero, ularning mulohazalari, fazilatlari siz uchun katta hayot maktabi bo‘lishi mumkin.

 

ONA – BUYUK QO‘SHIQ

Men 1936-yilda qish chillasi kirishi arafasida Toshkentda tavallud topganman. Bir tomonda qatag‘on avjiga chiqqan, millatning asl farzandlari birin-ketin otila boshlangan, boshqa tomondan musiqachilar oilasida chaqaloqning dunyoga kelishi shod-u xurramlik, o‘yin-kulgi bilan nishonlangan. Bu haqida ko‘p o‘ylayman, ajab zamonlar bo‘lgan. Shuning uchun bu davrni tahlil qilib, qog‘ozga tushirish, umuman o‘rganish istagi yoshligimdan paydo bo‘lgan. 

Padari buzrukvorimiz Shoilyos ota-onadan yosh qolganlar. Jadid Munavvarqori Abdurashidxonovning hovlisida ochilgan “Muxtoriyat” maktabida ta’lim olganlar (Munavvarqori ona tomondan qarindoshimiz). Rahmatli otam qiziq voqeani kulib eslardilar: “Bir sinfdoshimiz hamisha shapka kiyib yurar, dars paytida ham shapkani yechmas edi. Bir kuni Munavvarqori dars o‘tar ekanlar o‘sha bolaga:

– Falonchi o‘g‘lim, doskaga chiqing, – dedilar.

– Xo‘p.

– Qo‘lingizga bo‘rni oling. Yozing: O‘zbek bolasiga shapka yarashmas.

Sinfda “gurr” etib kulgi ko‘tarildi. Bola xijolat bo‘lib, shapkasini yechdi va dars paytida boshqa kiymaydigan bo‘ldi”. 

Otam yillar davomida o‘zbek tilida ilk izohli musiqa lug‘atini tuzgan, musiqiy-folklor ekspeditsiyalarida ishtirok etib, 9 jildlik “O‘zbek xalq musiqasi” nota to‘plamlariga muharrirlik qilganlar. Bolalar uchun ko‘plab qo‘shiqlar va “Musiqa savodxonligi” kitobini yaratganlar.

Inson qaysi yoshda bo‘lmasin, onasi bilan o‘tkazgan damlarni eng lazzatli, eng qadrli deb biladi. Onaning nigohi eng mehrli, qo‘llari eng yumshoq, so‘zlari totli, munosabati samimiy. Ular biz farzandlarning noo‘rin so‘zi, qo‘pol harakatidan norozi bo‘lganida jahli tez tarqar, yana xushmuomalasi bilan ko‘nglimizni olardi. Onam Hafiya Akbarova kompozitor sifatida 30-yillarda tanilganlar. Ular yaratgan 20 ga yaqin qo‘shiqlar to‘plamlarga kirdi, radio va televideniyeda, dutorchi qizlar ansambli konsertlarida aytilib kelinmoqda. Mutavakkil Burhonovning romanslarini chayqalib-chayqalib pianinoda chalganlarini ko‘p eshitganman, ko‘rganman.

–   Mutavakkil Burhonov yaratgan kuylar qanday yoqimli, qanday ta’sirchan, – deb pianino klavishlarini asta bosar, ikki xona va bolaxonadan iborat xonadonimiz musiqaga to‘lardi. Opam Xolida, singlim Gulnora yumushlar bilan ovora bo‘lsalar-da, yod bo‘lib ketgan ohanglarni birga xirgoyi qila boshlardilar.

U paytda bolalar texnik stansiyasi bo‘lardi. Stansiyada o‘g‘il-qizlar radio, suratga olish, raqs, to‘qishni o‘rganishardi. Direktori Ro‘zimat Daminov har yil yozda 25 tacha bolani Bo‘stonliq tumanining Nanay, Qorabuloq, Bog‘iston degan bir-biridan chiroyli tog‘li joylariga bir oyga olib chiqib ketardilar (Ro‘zimat aka asli nanaylik edi). U yerda hech qanday oromgoh yoki tayyorgarlik bo‘lmasdi. Hammamiz o‘zimiz bilan kichkina ko‘rpacha va yopinchiq olardik. Qayerda qulay joy bo‘lsa, o‘sha yerda uxlab ketaverardik. Tog‘larning qor erimaydigan joylarigacha chiqqanmiz. O‘sha yerda mashg‘ulotlarni ham davom ettirardik. Tog‘ning toza havosiga to‘yinardik, so‘lim tabiatidan bahra olardik.

 

YORQIN SIYMOLAR

Bolaligimni eslasam, oilamizning do‘sti usta Usmon Zufarov yodga tushadi. Bu soz ustasi ijod etgan dutor, tanbur, doira, hatto, keksalar tayanib yuradigan hassa ham san’at asaridek edi. U kishi bizga nihoyatda nozik did bilan yasalgan dutor sovg‘a qilgan edilar. Uni ota-onam yoki mehmonlar qo‘lga olganlarida tovlanib turgan oq-sarg‘ish sadaflarini silashar, dastadagi pardalarni galma-galdan bosib ko‘rishardi. Usta Usmon meni go‘dakligimda ko‘rib: “Bu jingalak sochli yigitchaga Sanjar ismi to‘g‘ri keladi”, deganlar. Shu-shu o‘rtoqlarim “Sanjar” deb chaqiradigan bo‘lishdi. Chamasi 6-7 yoshimda otamning velosipedi bo‘lardi. Unga beqasam matoga qavilgan paxtadan jajjigina egar yasab o‘rnatilgandi. Ota-bola velosipedga o‘rnashib olib, bog‘ hovlimizga, yo‘l-yo‘lakay Shofayzga – Usmon akaning uylariga borardik. Usta bir gal katta qismida ishkom, mevali daraxtlar, majnuntol bo‘lgan bog‘ga taklif qildilar. Sal beridagi rang-barang gullar, ayniqsa pastakkina, mayda, ko‘m-ko‘k gunafshaning hidi ajoyib.  Bog‘ni aylandik. “Mana bu gullarni tergin, Sanjal, (erkalab “Sanjal” derdilar) onangga olib borasan... Birga teramiz”. Bog‘dagi tanasi nozik nihol, g‘uncha, ko‘chatlarni erinmasdan ta’riflab berdilar.

Otam bolaligimda bir necha bor Viktor Uspenskiyning, keyinchalik Yunus Rajabiyning fayzli xonadoniga boshlab borganlari men uchun qiziqarli bo‘lgan. Otamda bu insonlarning fazilatlarini ko‘rardim. Uchovlon bilimi keng va kitobning ashaddiy shinavandasi, samimiy, yaqin va yiroqdagilarga ma’nan yoki moddiy yordamga ehtiyoj sezilganda ko‘mak berishga tayyor edilar.

Urushning so‘nggi yili bo‘lsa kerak. Mahallamizdan o‘tgan ariq bo‘yida maysazor bo‘lardi. U yerda chamasi 4-5 yoshli rus qizi hamisha yolg‘iz o‘tirardi. Bir qo‘shiqni ingichka ovozi bilan aytgani-aytgan:

 

Mама на работе,

Папа на войне.

Маленкая Леночка

Играет на траве.

 

O‘shanda shu qo‘shiq orqali urush bo‘layotganini, uning oqibati, asorati qanchalik og‘riqli ekanligini his qila boshlaganman. Qizcha hech kimdan yordam so‘ramasdi. Zufar otaning hovlisiga kiraverishda omonatgina qurilgan uyda pochtachi onasi bilan istiqomat qilardi. Ona ertalab qizini ariq bo‘yiga o‘tkazib, ishiga – pochtaga, xonadonlar tomonga ketadi. Ilojini topsa, peshinda qizidan birrov xabar olar, kech, namozshomdan keyin uyga maktublarni ko‘tarib keladi. Lenaning shirinligi, ashulasining ma’yusligi o‘tgan-ketganlarni ham qiziqtirardi. Ular qizaloqdan iltimos qilib qo‘shiqni takror eshitishar, ko‘zlari yoshlanar, kichik xonandaga dalda berishardi. O‘yinqaroq bolalar eshitaverib, yod bo‘lib ketgan to‘rtlikni Lenaga o‘xshatib xirgoyi qilishadi, xola-xola, bekinmachoq o‘ynaganlarida ham ashula og‘izlaridan tushmaydi. Onam “Uyga yurgin, biror narsa toparman. Olib chiqib Lenaga berasan”, derdilar.

Tomda varrak uchirib yurganimda oshxonaning mo‘risiga boshimni tiqib, pastga – qozon tepasida osh suzayotgan onamga kutilmaganda so‘z qotardim: “Suvidan ozroq, donidan ko‘proq!”. Onam tepadan kelgan ovozdan cho‘chib, suzishda davom etib, “Suvi senga, doni-go‘shti varragingga. Bugun eng baland uchgan varrak seniki bo‘ldi, shekilli. Tush tezroq, ovqat sovib qoladi”, – deb javob berardilar.

Maktabda Sa’dulla Karomatov degan ustoz ona tili va adabiyotidan juda qiziqtirib dars o‘tardilar. G‘afur G‘ulomning “Sen yetim emassan” she’rini mendan ikki sinf yuqorida o‘qiydigan Turob G‘ulomov ismli a’lochi o‘quvchiga yod oldirganlar. U maktab sahnasida she’rni turli harakatlar – yurib, o‘tirib, qo‘l harakatlari bilan boyitib, juda ta’sirli o‘qigan. Bu sahna hozirgacha xotiramda muhrlanib qolgan. Meni ta’sirlantirgan mana shunday voqealar hayotimni kino bilan bog‘lanishiga turtki bo‘lgan. Sa’dulla aka keyinchalik yozuvchi sifatida tanildilar. Ammo umrlari qisqa ekan, hayotdan erta o‘tdilar.

Otam har yili avgust oyida ro‘yxat qilib, Moskvada chop etiladigan “Костёр”, “Огонёк”, “Смена”, “Весёлые картинки” kabi jurnallarga oldindan obuna bo‘lardilar. Rang-barang, qiziqarli jurnallarni talashib o‘qirdik. Otamning yana bir odatlari bor edi. Qayerga borsalar bir hafta-o‘n kundan keyin pochtadan kitob jo‘natardilar. Oyim rahmatli “Faqat kitob yuboraverasiz, yuboraverasiz... Boshqa narsalar ham yuboring”, derdilar hazillashib. Bilasizmi, kitoblar shunchalar ko‘pki, men otamdan juda minnatdorman. Bir kuni “Ota, shuncha kitoblaringiz bor, biz foydalanyapmiz, ayrimlarini konservatoriyaga, san’at institutiga bermaymizmi?”, desam “Mendan keyin nima qilsang, qilarsan”, deb javob berdilar. Keyinchalik uch marta saralab, shogirdlarimni chaqirib, oliy o‘quv yurtlariga, bolalar musiqa va san’at maktablariga berdim.

 

KINONING SEHRLI OLAMI

O‘spirinlik paytimda ilk bor “Tohir va Zuhra” filmini ko‘rdim, shu-shu kino olami mo‘jizalari bilan o‘ziga rom etdi. 1946-47-yillar bo‘lsa kerak. Xadradagi “Vatan” kinoteatriga ne-ne qiyinchiliklar bilan bilet olib kirganman. Zalda birorta bo‘sh joy ko‘rinmasdi. Kinoseans esa spektakl ketayotgan damlarni eslatadi, tomoshabinlar muhabbatlarini ham nafratlarini ham ochiq-oydin ifoda etardilar. Go‘zallik olamiga bo‘lgan ayricha ishtiyoq meni 1965-yilda Moskvaga San’at instituti aspiranturasiga yetakladi. Shu yili qahraton qishda Moskvadagi kinoteatrda yana “Tohir va Zuhra” filmini tomosha qildim. “Menda ikki maqsad bor edi – biri film qahramonlari bilan yana bir bor uchrashish, undagi yoqimli kuy ashulalarni eshitish va ikkinchi maqsadim Moskva tomoshabinlari 20 yillar muqaddam suratga olingan filmni qanday tomosha qilishlarini kuzatish edi. Yodimda qolgani shuki, film zaldagilarni yig‘latdi, o‘ylantirib qo‘ydi hamda ularga zavq berdi. Seansdan keyin zalda biroz o‘tirib qoldim. Oldingi qatordagi tomoshabin qizlar zalni tark etar ekanlar “Kinoda sevgini, sadoqatni shunchalik tasvirlash mumkin ekan-da, qanday go‘zal bu qahramonlar”, deb bir-birlariga aytgan gaplari yodimda.

Bolalikni eslash, qo‘msash, o‘sha “ko‘cha changitib” o‘tgan chog‘lar qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, baribir gul rangida namoyon bo‘laverarkan. Menimcha, bu odamzod tabiatiga xos hissiyot bo‘lsa kerak.

 

Dilafro‘z ZAYNIYEVA suhbatlashdi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.