Najot – ilm-ma’rifatdan
Jadid so‘zi – ilmda, fikrda, axloqda, ona xalqiga, yurtga muhabbatda yangilanish demakdir. Tariximizga nazar tashlasak, XIX asr oxiri, XX asr boshida yashab o‘tgan jadid bobolarimiz millatimiz oydinlari edi. Ular har jabhada yangilikka intilishdi. Ozodlikni, hurlikni qadrlashdi. Ona yurtimiz hurligi, xalqimiz kelajagi uchun aziz jonlarini fido qilishdi.
Yaqindagina Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishida davlatimiz rahbari ular haqida alohida to‘xtalib, bugungi taraqqiyotimizga tushov bo‘layotgan kamchiliklar, illatlarning najoti faqat ilm-ma’rifatda, ta’lim-tarbiyada ekanini ta’kidlab o‘tdi:
“Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi.”
MAHMUDXO‘JA BEHBUDIY
EHTIYOJI MILLAT
Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur.
50 sana (yil) muqaddamgi zamonda, biz turkistonlilar yakka va tanho yashab, boshqalar ila muomala va munosabatimiz yo‘q edi. Endi zamon o‘zgarib, boshqa millatlar ila maxlut bo‘lduk, shari’at va o‘z urfimiz ustiga qonun va Ovrupo odatiga itoat qilmoqqa majburmiz. Ammo qonun va Ovrupo odatlarini bilmaganimiz uchun boyimiz bo‘lsun, qozi va milliy hukamomiz va aholimiz bo‘lsun ko‘b tashvish va zarar ko‘rar. Zamoni sobiqda faqat shari’at bilmoq kifoya etardi. Endi qonun va zakunni bilmoq ham lozimdur.
Shari’at ilmi madrasalarda, qonun ilmi Rusiya dorilfununlarida o‘qilur. Dorilfununga kirmoq uchun, avvalo, o‘n sana gimnaziyaga o‘qumoq kerak. So‘ngra to‘rt sana dorilfunun o‘qub andan huquqshunos, yurist, ta’bir joiz bo‘lsa, zamona faqihi bo‘lib chiqar.
Kontur va rasmiy daftar tutib, kassa ko‘rib tijorat etmoq lozim. Ilm tijorat bilaturgan, buxgalterlik hisobi yuritadurgon boylarimiz-da kerak, ul ham o‘zimizdan bir nafar topilmaydur. Hammollikdan bu ishlar yaxshi bo‘lsa kerak. Bir necha boyvachchani bilarmanki, eng qattiq xizmatlarga giriftor. Sababi nadur – ilmsizlik, holbuki alarni “to‘yi”ga atosi besh ming so‘m sarf etib edi.
Boshqa millatlarni boylari faqira va yetimlar uchun maktab va dorilfununlar soladurlar, faqir va yetimlarni o‘qumog‘i uchun vaqf “istipendiya”lar ta’yin qilur. Boshqa millat miliunerlari maktabi ila, istipendiyasi-la, idora qilaturgon gazet va majallasi-la, bino qilgan dorulojizin (ayollar universiteti), barpo qilgan jam’iyati xayriyasi-la faxr qiladur.
Biznikilar juft oti-la, arobasi-la, to‘yi ila va... la faxr etar. Hatto, o‘z o‘g‘illarini o‘qutmaydurgon boylar bordur.
Bu ketishni oxiri yamondur, o‘qumoq, o‘qutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilmi diniy va ilmi zamoniy meros qolsun.
“Samarqand gazetasi” 1913-yil 12-iyul
***
MILLATLAR QANDAY TARAQQIY ETARLAR?
Millatlar taraqqiyiga bir necha sabablar bo‘lub, tub sababi ulamo ila ag‘niyoning hamiyyat va g‘ayratlaridur. Taraqqiy qilg‘on va yo endi taraqqiy qilguvchi millatlar ahvoliga diqqat qilinsa, mazkur ikki sinf muhtaramni o‘z millatlariga so‘z va oqcha ila xizmat etganlari zohir bo‘lur...
Rus, armani, yahudiy va boshqa Rusiyadagi vatandoshlarimizni boylari doimo o‘z millatlari uchun katta xayr va ehsonlar qiladurlar, inchunin, Qafqoz, Qirim, Qozondaki musulmon birodarlarimizni boylari, ulamosi va ahli qalami, sohibi fikri o‘z birodarlarira mol, oqcha, qalam va ilm ila ko‘b iona qiladurlar.
Ammo bizni Turkistonda bu ishlardin so‘ylamoqqa hanuz navbat kelgan yo‘q. Har kim o‘z naf’i va o‘z shaxsiy ishi ila sargardon, umumiy yoinki diniy va milliy ishlarni oyandasi uchun, millatni zamona odamlaridek taraqqiy etmog‘i uchun, xaloyiqni isloh axloqi uchun g‘am tortuvchi va harakat etguvchi yo‘qdir.
Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosiga tobe’ ekan, bizni ulamo bil’aks avomg‘a tobe’dur. Buning oxiri xarobdur. Yigirma, o‘ttuz sana so‘ngra yana yomonroq bo‘lur. Musulmonlik, ilm va odob ila qoim millat axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur.
Bir karra diqqat qilib, mahalla-ko‘y va qishloq xalqlariga qaralsun. Avomlik, beilmlik naqadar ko‘paygan. Biz musulmonmiz. Musulmonlikg‘a ilm lozim, amal lozim. O‘qumoq kerak, nima uchun boshqa millatlarda yuza bir nafar besavod yo‘q ekan, biza yuza bir nafar savodlik yo‘q?
Bugun islohi maktab-madrasa, ya’ni islohi millatga qo‘shish qilinmasa rabi asr so‘ngra diyonat barbod bo‘lur va aning javobi mas’uliyati bugungilarg‘a qolur, bu mas’uliyatdin qutulmoq uchun millatni diniy ilm va dunyoviy ilm-fanlar o‘qumoq uchun targ‘ib qilmoq kerakdur.
“Samarqand gazetasi” 1913-yil 30-iyul