Mangulik
Ustoz Abdulla Oripovni xotirlab
O‘ylab ko‘rsam, ko‘pchilikka nasib etavermaydigan baxt menga berilgan ekan. Minglab odamlar bir bor yuzlashishni orzu qilgan, adabiyotimizning muazzam ustunlari bo‘lgan, hayotligidayoq mumtozlik maqomiga erishgan buyuk ijodkorlar bilan bir jamoada, yelkama – yelka mehnat qilgan ekanman.
Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdulla Oripov, Oydin Hojiyeva, Omon Matjon... Ularning nomini tilga olishim bilan yuragim orziqib ketaveradi. Afsus, u chog‘larda yoshlik, g‘o‘rlik qilgan ekanmiz. Hozirgi aqlim bo‘lganida oddiygina so‘zida ham hikmat yog‘ilib turgan tashbehlarni yon daftarimga yozib borgan bo‘lmasmidim.
“Gulxan”ni har bir bola sevib, izlab o‘qiydigan jurnalga aylantira olgan, har birimizni yozishga undagan Bosh muharrir Xudoyberdi To‘xtaboyev 1983-yilning boshida “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga o‘tib ketdi.
– “Gulxan” bolalarning o‘ziday beg‘ubor. Bu yerdagi ijodiy muhit ham toza. Jamoa esa bir oiladek ahil. Men shu yerda ishlash jarayonida “Qasoskorning oltin boshi”, “Yillar va yo‘llar” romanlarimni yozdim. Menga qolsa bir umr “Gulxan”da ishlayverardim, – dedi Xudoyberdi aka jamoa bilan xayrlashayotib. Keyin ishonch bilan qo‘shib qo‘ydilar: – Xudo xohlasa, jurnalga yana bir yaxshi inson rahbar bo‘lib keladi. To‘g‘risini aytsam, unga havasim kelyapti, chunki bolalar jurnali juda omadli dargoh.
Xudoyberdi akaning bashorati to‘g‘ri chiqdi.
– Muhabbat, agar bizga kim bosh muharrir etib tayinlanganini eshitsang, hushingdan ketasan, – deb qoldi katta muharrir Temur Ubaydullo sirli jilmayib. – Chunki sen tushingda ham u kishining she’rlarini ko‘rib chiqasan.
– Abdulla Oripovmi? – so‘radim yuragim dupuri o‘zimga ham eshitilib.
To‘g‘risi, zabardast she’rlari bilan butun O‘zbekiston xalqining suyukli shoiriga aylangan Abdulla Oripovni “Gulxan”ga bosh muharrir bo‘lishi yetti uxlab tushimizga ham kirmagan.
Abdulla aka nafaqat yaxshi ijodkor, balki tengi yo‘q kamtarin inson ham ekan. Har birimiz bilan o‘z ukasi, singlisiday muomala qilardi. Bizda ishlayotganlariga ko‘p bo‘lmasdan ustoz “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandilar.
“Bu mukofotning teng yarmi “Gulxan”niki”, degandilar Abdulla aka o‘shanda.
Ha, Abdulla akamiz hammaga bir xil mehr ko‘zi bilan qaraydigan g‘amxo‘r, tanti inson edi. Biz ishga xuddi bayramga otlangandek quvonch bilan kelar edik. Ishxonadagi ahillik, mehr ohanraboday o‘ziga tortar edi. Chunki Abdulla aka har birimizning kichkinagina yutug‘imizni ham darrov ilg‘ab olar, jurnalning o‘sha paytdagi zabardast ijodkorlari tashkil qilgan hay’at yig‘ilishlarida oshirib-toshirib maqtar edi. Mening Toshkent Hayvonot bog‘ining 100 yilligiga bag‘ishlab yozilgan “Toshbaqa xolaning hikoyasi” sarlavhali maqolamni Hakim Nazir, Shuhrat, Yayra Sa’dullayevalarga ovoz chiqarib o‘qib berdilar.
– Qarang, qanchalik bolalarga yoqadigan tilda yozilgan. Yana unda yutuqlar bilan birga muammolarni ham chiroyli ifodalay olgan, – deb jilmayib qo‘ygandilar.
– Aleksandr Sergeyevich Pushkin ham tug‘iliboq Pushkin bo‘lib qolmagan. Avval Sasha degan bolakay bo‘lgan. O‘qish, tarbiya, e’tibor tufayli rus she’riyatining quyoshi Aleksandr Pushkin bo‘lib yetishgan. Shunday ekan, Vasilaxon, Faridaxon, sizlar ham o‘quvchilardan kelayotgan har bir xatni sinchiklab o‘qinglar. “Yilt” etgan yangi fikrni ko‘rsangiz, darhol bo‘limlarga chiqaring. Sizning e’tiboringiz, g‘amxo‘rligingiz yangi Navoiylar, Cho‘lponlarni kashf qilishga zamin bo‘ladi, – tayinladilar xatlar bo‘limi xodimlariga. Shu tariqa Isajon Sultonov, Asadulla Jo‘rayev, Farhod Arziyev, Nodira Afoqova kabi iste’dolarni kashf qilganmiz. Ularning hikoya, she’rlarini jurnalda chop etibgina qolmay, yo‘l-yo‘riq, maslahatlar yozilgan maktublar ham yo‘llaganmiz. Jurnalning obro‘si ham, adadi ham oshib boravergan. “Gulxan”dagi davr ustoz uchun juda sermahsul kechdi. Chiqishi bilan dildan dilga, tildan tilga tushib qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan, ustoz ijodini yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘targan “Yillar armoni”, “Najot qal’asi” singari kitoblari shu yerda yaratildi. Nazarimda, she’r Abdulla aka uchun ilohiy mujda edi.
– Muhabbatxon, juda serg‘ayrat, iqtidorli qizsiz. Sizga mukofot: Respublika yoshlar tashkiloti bir guruh yosh ijodkorlarni Bolgariyaga sayohatga yuboryapti. Ular safiga sizni ham kiritganmiz.
Men ustozimning g‘amxo‘rligi bilan Yevropa davlatlarida bo‘lib qaytsam, Abdulla aka Yozuvchilar uyushmasiga ishga o‘tib ketibdilar. Lekin “Gulxan” bilan aloqalarini hech qachon uzmadilar. “Gulxan”da ishlagan yillarini sog‘inib eslardilar. Qaysi uchrashuvga bormasin albatta, jurnal haqida gapirardi. Gulxan”im, derdi mehr bilan. Qo‘llaridan kelgancha jurnalimizni qo‘llab-quvvatlardilar.
2016-yilning saratonidan keyin havoning hovuri bosilgan avgustning huzurbaxsh kunlaridan birida ishga kelayotsam mashhur “Navoiy-30”ning o‘ng tomonidagi darvozasi yonida Abdulla aka shoir Qo‘chqor Norqobil bilan suhbatlashib turgan ekanlar. Ko‘rinishlari ham, kayfiyatlari ham yaxshi edi. Meni ko‘rib ustozning chehrasi yana ham yorishdi. Samimiy hol-ahvol so‘rashgach, o‘zim istamasam-da suhbatlarini bo‘lishga iymanib xayrlashdim. Afsus, bu katta ustoz, buyuk inson bilan so‘nggi uchrashuvim bo‘lib qoldi.
To‘g‘ri, Abdulla aka o‘z davrida qadr topdi, xalqi qalbini zabt etdi. Biroq yuksak tog‘larning zalvori, uni yonida turganingda sezilmas ekan. Toqqa qancha olisdan tikilsang, uning salobatini shuncha teran his qilasan. Adabiyotimizning Asqar tog‘i bo‘lgan Abdulla Oripov iste’dodi, dahosi yillar, asrlar osha yanayam yuksalib boraveradi. Uning mangulikka daxldor nomi, zamonlar g‘alviridan eson-omon o‘tgan mumtoz asarlarini xalqimiz Navoiy ijodidek ardoqlab, sevib o‘qiyveradi. Ana shunda ustoz hayotining bir bo‘lagiga aylanishdek ulug‘ baxtga muyassar bo‘lgan “Gulxan” jurnalining nomi ham o‘zbek bolalari tilida mehr bilan, faxr bilan jaranglaydi. Yaxshining sharofati, deganlari shu bo‘lsa kerak.
Aytmoqchi, Abdulla aka ummon ortiga davolanishga ketishlaridan avval bosh muharrir o‘rinbosari Nilufar Jabborova ularga qo‘ng‘iroq qilib jurnalning “Mashhurlar bolaligi” sahifasi mehmoni bo‘lishga taklif qildi. Shunda Abdulla aka sal xasta ovozda uzrli ohangda shunday dedilar:
– Ona qizim, men hech qachon “Gulxan”imga yo‘q demaganman, demayman ham. Biroq hozir sog‘lig‘im bu suhbatni ko‘tara olmaydi. Davolanib qaytgach, albatta, suhbatlashamiz, – debdilar. Bu foniy dunyoda har doim ham biz aytganimiz amalga oshavermaydi. Biroq u zotning bolaligi haqida jurnalimizda, albatta, hikoya qilamiz. Bunga bizda imkoniyat bor.
Muhabbat HAMIDOVA