Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

To tirikdirki tabiat…

Shu kunlarda xalqimiz o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir va adib, taniqli davlat va jamoat arbobi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini keng nishonlamoqda. Garchi bugun ardoqli shoirimizning o‘zlari oramizda bo‘lmasalar ham u kishidan qolgan ulkan adabiy meros, go‘zal she’rlari hamisha biz bilan. 

Shoirning har satrida hayotga, insonga, tabiatga, millatga muhabbat ufurib turgan she’rlari ma’naviy olamimizni boyitish bilan birga kelajakda barkamol inson bo‘lib yetishishimizda beminnat ustoz-murabbiy hamdir.   

 

Bolalik

Tuproq ko‘chalardan chopgan bolalik

Yillar changi ichra asta yo‘qoldi.

Bolalik ketdi-yu, sho‘x suhbatlarda

Uni kula-kula eslamoq qoldi.

 

Jilg‘alar oshiqar daryo bo‘lgani,

Giyohlar bo‘y cho‘zar doim quyoshga.

Ertaning ishqida yillar oshdimu

Orzu qanotida yetdim bu yoshga.

 

Qancha intilganman, kursi qo‘ymasdan

Dadam javonidan olguncha kitob.

Qancha izlaganman, murg‘ak fikrning

Minglab savoliga topguncha javob.

 

Bolalik!

Men seni bir umr qalbda

Ona suti kabi saqlay muqaddas.

Va lekin ertangi kunimdan kechib,

Senga qaytmoqni hech qilmayman havas!

 

 

Nutq haqida

Har so‘zida “bu”, “anu”,

“Haligi”, “so‘ng”, “anaqa”,

“Bu-bu”, deydi – nima bu,

“Unaqa”si – qanaqa?

Tiliga kelib qolgan

So‘zdan qayta olmasa,

“Bu” qo‘shmasdan savolga

Javob ayta olmasa.

Gohi qovushmay so‘zi

Gapidan to‘xtab qolsa.

Yaxshi bilsa ham o‘zi,

Zo‘rg‘agina “3” olsa.

 

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring,

Nima, bu, qanaqasi?

Qachon qolar O‘tkirning

“Nima”, “bu”, “anaqa”si?

 

Odatlanganman, deding,

To‘g‘ri, hamma gap shunda.

Lekin axir o‘z tiling

O‘zingga bo‘ysunsin-da.

 

To‘g‘ri, aniq gap tuzib,

Javob bergin so‘roqqa.

Xizmat qilsin har so‘zing

Fikringni to‘latmoqqa.

 

Mazmun nomli mo‘ljalga

So‘z otilgan o‘q bo‘lsin.

Nishonga tegmay qolgan

Bitta o‘q ham yo‘q bo‘lsin.

 

Do‘stim O‘tkirjon, buni

Yodingda tut har doim,

Otashin notig‘ini

Minbarlar kutar doim.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.