Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sarhisob

Ayni shu kunlarda ota-onalaringiz, aka-opalaringiz va saylash huquqiga ega barcha fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasi Pre­zidenti saylovi kunida faol qatnashib, farovon kelajak uchun ovoz berdik. Tadbirkorlar va ish­bilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan nomzod etib ko‘r­satilgan Shavkat Miromonovich Mir­ziyoyev 15 million 906 ming 724 ovoz bilan mamlakatimiz Prezidenti etib saylandi.

Dekabr oyida xalqimiz va Vatanimiz uchun ahamiyatli bo‘lgan bir necha mu­him sanalarni nishonladik. 8-dekabrda O‘zbe­kis­ton Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligini bayram qildik. “Konstitutsiya — nafaqat bugungi kunning qomusi, balki u ertangi kunimiz, qurayotgan jamiyatimiz istiqbolini aniqlab beruvchi hujjat, farzandlarimiz yo‘lini yoritib turuvchi mayoqdir”, degan edilar mamlakatimizning birinchi Prezidenti Islom Karimov. Darhaqiqat, Bosh Qomusimiz dav­latimiz mustaqilligining ulkan ramzi bo‘lib, unda o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘limiz aks etadi. Shu bois ham mamlakatimizning yosh avlodi uni erkinlik, mustaqillik, ozodlik va hurlik tantanasi sifatida e’zozlab o‘rganadi.

1992-yil 10-dekabr O‘zbekiston Res­pub­likasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun.

Madhiyamiz matni muallifi O‘zbekiston Qah­ramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov yaratgan. Aziz muxlislar, biz bu ardoqli insonlar nomini hamisha yodda saqlashimiz, ularning hayoti va ijodidan xabardor bo‘lishimiz zarur. Chunki ular ijodiy hamkorlikda shunday tarixiy ishni amalga oshirdilarki, o‘tgan yillar mobaynida bu madhiya xalqimizning butun vujudiga singib ketdi. Qonunda ham madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir, deb belgilab qo‘yilgan. 

Mana qadrli jurnalxonlar, yurtimiz ta­rixiga “Sog‘lom ona va bola yili” degan nom bilan muhrlanadigan  2016-yilni yakunlash arafasida turibmiz. Yil munosabati bilan jurnalda e’lon qilingan “Sog‘lom bola — boy bola” tanloviga o‘quvchilarimizdan yuzlab maktublar keldi. Kuzatib borgan bo‘lsangiz, tanlov shartiga ko‘ra  ularning eng yaxshilarini jurnal sahifalarida yoritib bordik. Tanlov natijasi haqidagi ma’lumotlar jurnalning 2017-yil 1-sonida e’lon qilinadi.

Odatda, yil yakunida har kim o‘ziga o‘zi savol berib, ortiga nazar tashlaydi. “Nimalarga erishdim-u, nimalarni yo‘qotdim, vaqtdan unumli foydalandimmi yoki uni behuda o‘tkazib yubordimmi?” degan savollar bilan o‘tgan kunlarini sarhisob qiladi. Siz ham shu savollarni o‘zingizga berib ko‘ring-chi. Agar boy berganlaringizga nisbatan, topganlaringiz ko‘proq bo‘lsa, yana bir yilingiz samarali o‘tibdi. Demak, 2016-yildan ko‘nglingiz to‘­lib, uni mamnuniyat bilan kuzatib, yangi 2017-yilni yorug‘ yuz bilan kutib olasiz.  Siz, jur­­nalxonlarga sidqidildan xizmat qilayotgan ijodiy jamoamiz esa yil davomida “Gulxan”ning har bir soni qiziqarli va mazmunli chiqishi uchun bor kuch-g‘ayratini ayamadi. Tah­ri­riyatga kelayotgan qo‘lyozmalarni o‘qib  o‘r­ganish, telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berish, elektron manzilimizga kelgan maktublar bilan tanishib ularni saralash,  xatlarni  bo‘limlarga taqsimlab, vaqtida javob yozish, maktab va boshqa ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan tadbirlarda ishtirok etish va ularni  jurnalda yoritish ijodkorlardan katta mehnat talab qiladi. Yil yakunida ana shu ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yelib-yugurib bajarayotgan jurnalist, rassom aka-opalaringizni sizlarga tanishtirib o‘tmoqchimiz. (Jurnalning 30-sahifasiga qa­rang) Kirib kelayotgan yangi 2017-yil mu­borak bo‘lsin. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” barchamiz uchun yangi na­tijalar va ulkan muvaffaqiyatlar yili bo‘lsin!

                                                                                              

Bosh muharrir

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.