Mukammallik sari
Diyorimizning har bir go‘shasida nodir iste’dodga ega bolalar voyaga yetmoqda. “Kimyogarlar shahri”, deb ataluvchi Chirchiq shahrida ana shunday qobiliyatli bolalar bilan yuzlashdik. Shulardan biri Muhammadjon Rofiyevdir. U ushbu mo‘jaz shahardagi 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6-sinfida tahsil olmoqda. Bizni o‘ziga tortgan jihati uning ingliz tilida qiynalmay, bemalol so‘zlasha olishi bo‘ldi.
Muhammadjonning onasi Jamila Normatova biror yumush bilan ko‘chaga chiqsa, yo‘l-yo‘lakay ingliz tilini o‘rgatuvchi mashg‘ulotlar yozilgan video disk sotib olar ekan. Chunki Jamila opa shu tilni o‘rganishga astoydil kirishgan ekan-da. E’tibor bersa, o‘ziga qo‘shilib besh yoshli o‘g‘li Muhammadjon ham ekrandan yangrayotgan inglizcha so‘zlarni takrorlayapti. Shundan so‘ng Jamila opa ingliz tilini o‘g‘liga ham o‘rgata boshladi. Bu jarayon hozirgacha davom etib kelmoqda.
Ona va o‘g‘ilning intilishi besamar ketmadi. Muhammadjon o‘n yoshidan maktabdagi ingliz tili bellashuvlarida ko‘zga ko‘rinib qoldi. 2015–2016-o‘quv yili “Bilimlar bellashuvi”ning “Ingliz tili bilimdonlari” tanlovida avval shahar bosqichi so‘ngra viloyat bosqchida qatnashib yuqori natijalarga erishdi. Va joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan “Ingliz tili bilimdonlari” intellektual musobaqasining respublika bosqichida ishtirok etishga muyassar bo‘ldi. U 5-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 1-o‘rin, jamoaviy guruh bahsida faxrli 4-o‘rinni egalladi.
Aynan shu musobaqada Muhammadjonning yana bir hamshahri Jasurbek Xo‘jamurodov ham bor edi. U 8-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi bahsda 1-o‘rin, jamoaviy guruhda esa 4-o‘rinni egalladi. Jasur hozir Chirchiq shahar 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi.
– Kelajakda qat’iy maqsadni ko‘zlab bilim olyapman, – deydi Jasur. – O‘z biznes yo‘limni tanlab yaxshi ishbilarmon bo‘lmoqchiman. Bilishimcha, har qanday xorijiy tilni o‘rganish tadbirkorlikda ko‘zlangan maqsadning kaliti. Shuning uchun ingliz tilini mukammal o‘rganib, bundan-da ulkan yutuqlarga erishmoqchiman.
Muhammadjon va Jasur ingliz tili bilan birga rus tilini ham juda yaxshi o‘zlashtirishgan. Shu bois har ikkisi ham rus tilidagi jahon adabiyoti namunalarini mutolaa qilishni yoqtiradilar.
Kelajakda astronom bo‘lishni niyat qilgan Muhammadjon Rofiyev arab va xitoy tillarini ham o‘rganmoqchi. Bu bejiz emas. Chunki yurtimizdagi tarixiy yodgorliklar, osori-atiqalar, qadimiy qo‘lyozmalar arab hamda turkiy tilda bitilgan. Ularni mukammal o‘rganish uchun bir necha tilni bilish zarur. Biz bu bilimdon bolalarga omad yor bo‘lsin, deymiz. Zero, intilganga tole yordir.
Bekmurod ABDURAIMOV