Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qiz bolaning ziynati

Omina maktabdagi eng jamoatchi, a’lochi qiz. Ammo uyda onasi unga umuman ish buyurmaydi. “Sening asosiy vazifang yaxshi o‘qish, uy yumushlarini katta bo‘lsang o‘rganib olasan”, deydi.

Onasi har tong hovli supurayotganda Omina yugurib borib, oyijon, men supura qolay, desa onasi, sen maktabga tayyorlan, nonushtang tayyor, tag‘in darsga kech qolma, deb unamaydi. Yakshanba kunlari oyna artishda, kir yuvishda oyisiga yordamlashmoqchi bo‘lganda ham onasi ko‘nmaydi. “Yaxshisi uyga kirib darsingni tayyorla, chet tilini o‘rgan, bu ishlarni menga qo‘yib ber. Sen hozir faqat o‘qishing, maktabning eng oldi o‘quvchisi bo‘lib, meni xursand qilishing kerak”, degani degan. Omina chindan ham juda a’lochi, maktabda o‘tiladigan barcha fanlarni “besh”ga o‘zlashtiradi. Shuning uchun hamma o‘qituvchilar uni birday yaxshi ko‘radi. Omina sinfdoshlari Sevara va Malohat bilan ahil dugona. Har juma ular bilan birga sinfga navbatchilik qiladi. Ular navbatchilik qilgan kun sinf juda ozoda, tartibli bo‘ladi. Sinf rahbari uchalasini boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatadi. Afsuski, bu juma Sevara sport musobaqasiga ketib qoldi, aksiga olib Malohatning buvisining tobi qochib qolibdi. U ham darsga kelolmadi. Odatda sinfni Sevara bilan Malohat tozalar, Omina esa ularning uy vazifalarini ishlab berardi. Omina noiloj bir o‘zi navbatchilikka kirishdi. Avvaliga ishni nimadan boshlashni bilmay boshi qotdi. Keyin tavakkaliga doska va partalarni artib chiqdi. Undan so‘ng polni supurdi. Burniga chang kirdi, shekilli Ominani yo‘tal tutdi. Chang bosilsin, deb paqirdagi suvni ko‘loblatib polga sepdi. Endi pollattani olmoqchi bo‘lib egilgandi, oyog‘i sirpanib yerga o‘tirib qoldi. Kiyimi ho‘l bo‘ldi. Uning xo‘rligi keldi. Lekin “miq” etmay o‘rnidan turdi. Tokchadagi gulning tuvagini artishga kirishdi, tuvak qo‘lidan tushib sindi. Bunaqa bo‘lishini kutmagan Omina yig‘lab yubordi. Ayni shu paytda xonaga sinf rahbari Xolida Hoshimovna kirib keldi. U bir to‘s-to‘poloni chiqib ketgan sinfga, bir yum-yum yig‘layotgan Ominaga hayron bo‘lib qarab qoldi. Omina ko‘zda yosh bilan hamma voqeani aytib berdi.

Ustoz:

– Bo‘lar ish bo‘pti, farroshni chaqiraman. Biroq men seni o‘qishda qanday ilg‘or bo‘lsang, ishda ham shunday chaqqonsan, deb o‘ylardim. Axir mehnat qiz bolaga ziynat, uy-ro‘zg‘or yumushini bilmaslik uyat, – dedi.

Ustozi oldida izza bo‘lgan Omina uyga juda xomush qaytdi.

– Oyijon, bugun ustozim oldida uyalib qoldim. A’lochi bo‘lish yaxshi, ammo ish bilmaslik juda-juda uyat ekan. Bugundan boshlab sizga yordamchi bo‘laman, menga uy ishlarini o‘rgating, – dedi.

U ertalab barvaqt uyg‘ondi. Hovli, ko‘chaga suv sepib, sal selgigach supurdi. Keyin oshxonaga o‘tdi. Qizining harakatlarini sezdirmay kuzatayotgan oyisi asta yoniga kelib beliga peshband bog‘ladi. – Bugun biz sen bilan quymoq pishiramiz...

Omina pishirgan quymoq, damlagan choy buvisiga manzur bo‘ldi.

Endi men doim Omina pishirgan taomlarni yeyman, – dedi buvisi. Omina mamnun jilmayib qo‘ydi.

 

E’zoza MUHAMEDOVA,

Uchtepa tumanidagi

193–maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.