Hayotimda matematika
Jajji qizaloq edim. Bog‘chada o‘rtoqlarim bilan bog‘cha opamizning qo‘lidan ushlab sayrga chiqqanlarimiz, ertak qahramonlari rolini o‘ynaganlarimiz, bayram tadbirlarida raqsga tushib qo‘shiqlar kuylaganimiz men uchun go‘zal olam edi. Bog‘cha opamning soch turmaklari, rasm chizganda, harflar yozayotgandagi qo‘llarining chiroyli harakatlari, ayniqsa, hamma narsani ko‘ra oladigan, kulib turuvchi ko‘zlari meni mahliyo qilgandi.
“Katta bo‘lsam, albatta, bog‘cha opa bo‘laman”, deb takror-takror aytardim. Maktabga bordim. O‘sib, ulg‘ayib ota-onam orzusidagi qiz bo‘lish uchun besh bahoga o‘qiy boshladim. Bir kuni ukam betob bo‘lib qoldi. U jajji qo‘llari bilan nimalarnidir so‘rab yig‘lardi. Uning dardini shifokor tushundi. Tilsiz go‘dak dardiga shifo topgan shifokor eng buyuk kasb egasi! Oq xalatli oppoq qalb egalari qoshida bosh egsang kam. Men bolalar shifokori bo‘lishni dilimga tugdim. Yanada ko‘p o‘qib a’lochi bo‘ldim. Ammo, 9-sinfga o‘tganimda bir filmdagi voqeadan qattiq ta’sirlandim, film qahramonidek adolat himoyachisi bo‘lishga ahd qildim. Qonun fuqarolarni himoya qilishi, tarbiyalashi va adolatni qurol qilishi kerak, degan qarorga keldim.
Men kasblarning barchasi yaxshi ekanligini va bu kasb egalariga himoyachi kerakligini angladim. Huquqshunoslarga havasim keldi. Ulardek adolatparvar bo‘lib yetishishni o‘yladim. Film voqealarini tahlil qildim. Qo‘shnisinikiga o‘girlikka kirgan bolaning yetkazgan zararini bilish uchun tergovchi matematik hisob-kitobni aniq bajarishi zarurligini anglab yetdim. Masala tuzib, uni ikki noma’lum tenglamalar sistemasi bilan yechilishini topdim.
Masalan, chet el safariga chiqayotgan kishi ehtiyojlaridan ortiqcha 7000000 so‘m pulni 9 foizli jamg‘arma kassasiga qo‘ydi. Oradan 5 yil o‘tib, hamma pulni olishni xohladi, ammo bank mijozga tog‘ri xizmat ko‘rsatmadi. Ana shunday nohaqlikni hal qilishda huquqshunosga matematik bilim ham zarur. Shunda men huquq va matematika bir-biriga juda bog‘liq ekanligini tushundim.
Yana bir misol, sinfda 20 nafar o‘quvchi bor. Ulardan 2 nafari kelmagan. Davomat necha foiz? Savolga javob berish uchun bu o‘quvchilarning necha foizni tashkil qilishini topamiz.
Demak, matematika ham odamlar hayoti farovonligi uchun xizmat qilmoqda.
Ana, ko‘rdingizmi, tengdoshlarim, siz qaysi mutaxassislikni tanlamang, baribir matematikasiz biror muammoni hal qilolmaysiz. Shuning uchun men maktabda matematikadan bilimlarni yaxshi o‘zlashtirishga ahd qildim.
Mohinur ALLASHKUROVA,
Xorazm viloyati Bog‘ot tumani
24-maktab 9-sinf