Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sug‘urlar oilasi

Daryo qirg‘oqlari, tog‘ oralig‘i va yonbag‘irlarida uchrab turuvchi kemiruvchilar sinfiga mansub sug‘urlarning bir nechta oilasi guruh-guruh bo‘lib hamjihatlikda yashab “shaharcha” hosil qiladi. To‘dadagilarning barchasi opa-singil, og‘a-inilardan iborat, oila birdamligi saqlanadi. Ularni biror narsa cho‘chitadigan bo‘lsa, qattiq chiyillab inlariga kirib yashirinib olishadi. Inlarining tuzilishi ham birmuncha murakkab: bir nechta bo‘lmalardan iborat va teshiklar bilan yuzaga ochiladi. Shu jihatdan ularni mohir “muhandislar” deyish mumkin.

Sug‘urning jussasi unchalik katta emas. Quyondan sal kichik. Qalin mo‘ynasi qish kunlari tanasini sovuqdan saqlaydi. Harakatchanligi va sharoitga moslashuvchanligi bilan turdoshlaridan farq qiladi. Bir juft tishlari toshdek qattiq, danakni ham chaqa oladi. Iskanadek o‘tkir tishlari oziqlanish paytida doimiy ravishda yangilanib boradi. Kemiruvchilar uchun yeb bo‘lmaydigan narsaning o‘zi yo‘q. Qiyoqo‘t, yalpiz, tulkiquyruq va mevalarni xush ko‘radi. Tanasining qayishqoqligidan jar va notekis qiyaliklarda ham chaqqon harakatlana oladi. Bunda hayratomuz epchilligi va o‘tkir tirnoqlari ish beradi.

Qir-adirlarda uchrab turadigan kulrang hamda uzun dumli qizil sug‘ur mo‘ynalari ko‘rkamligi bois odamlar tomonidan shafqatsiz ov qilinadi. Ular yildan-yilga kamayib borayotganligi uchun O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan.

Havo ochiq kunlari qosh qorayishi bilan sug‘urlar faollashadi. Qorong‘ilik – ular uchun yaxshi himoya bo‘la oladi.

Sug‘urlar oilasi kuz oxirlab havo soviy boshlagach, qishlash uchun inlari ichkarisiga xas-xashak to‘plashga shoshiladilar. Qishli-qirovli, achchiq sovuq kunlari uxlayotgan sug‘urni yog‘ zaxirasi to‘q tutadi. Ammo qishki uyqu sovuqdan omon qolib, jon saqlash degani emas. Ular zaxira uchun yiqqan o‘simlik urug‘larini maxsus “omborcha”larga berkitib qo‘yishgan. Bu esa qish mavsumini xotirjam o‘tkazish imkonini beradi.

Iliq kuz kunlarining birida sug‘ur iniga kiraverishda ignalarini tiklab hujumga shaylangan jayra paydo bo‘ldi. Shunda ona sug‘ur ko‘kimtir junlarini hurpaytirgancha “chaqirilmagan mehmon”ni yer tepib ogohlantirdi. Jayraning esa hali-veri ketish niyati yo‘q, u o‘z quroliga ishonadi. Pastga qarab turgan o‘tkir ninalarini ishga solishi mumkin. Hid bilish qobiliyati kuchliligidan “omborcha”dagi don-dunlarni payqagan ko‘rinadi. Jayra kutilmaganda dushmaniga qarab sapchishi hech gap emas. Bordi-yu, ona sug‘ur salgina e’tiborsizlik qilsa, dushmanining bir necha ignalari badaniga sanchilib yaralashi mumkin. Oradan biroz vaqt o‘tib, sug‘ur hiylasi ish beravermagach, tishlarini ko‘z-ko‘z qilib, dushmaniga qum socha boshladi. Nihoyat, yakka kurashda raqibi chekinishga majbur bo‘ldi. G‘olib ona sug‘ur esa og‘zidan ajralib chiqqan so‘lak bezlari bilan hududini qayta belgilab oldi.

Kuzning sovuq kunlari boshlandi. Sug‘urlar oilasi qishdan omon chiqishi uchun ko‘proq oziqlanishi kerak bo‘ladi. Mevalar ham ular quvvatini oshiradi. Jonivorlar allaqachon avvalgi vaznini tiklab, qish mavsumidan xotirjam va omon chiqishlari uchun tadorik ko‘rib qo‘yishgan. Qolaversa, ularning hayot tarzi oziqlanish bilangina cheklanmaydi. Sug‘urlar hayotida yashash uchun kurash doimo beshafqat kechadi.

 

Abdulla SAIDOV,

70 yosh

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.