Ey, o‘rtoq, do‘st, dugona, “Gulxan”ga bo‘l obuna!
Shu kunlarda tahririyatimizga kelayotgan maktublar va elektron manzilimizga yo‘llanayotgan obuna bilan bog‘liq xushxabarlar bizni juda quvontirmoqda. Quyida ularning bir nechtasi bilan tanishasiz.
Toshkent shahar Yashnobod
tumanidagi 206-maktab direktori Mahzuna HAMDAMOVA:
“Gulxan” jurnalini nafaqat o‘qituvchi va o‘quvchilarimiz balki ota-onalar ham sevib o‘qishadi. Maktabimiz o‘quvchilari jurnalning 2017-yilgi nashri uchun 50 dona “Gulxan”ga obuna bo‘lishdi.
Toshkent shahar Yunusobod
tumanidagi 274-maktab o‘qituvchisi Mahmuda VALIYEVA:
Maktabimiz o‘quvchilari bolalar gazeta-jurnallarini qiziqib o‘qiydi. Ayniqsa, “Gulxan” jurnalining har bir sonini intizorlik bilan kutishadi. Jurnalning 3-muqovasida berib borilayotgan o‘zbek adiblarining suratlari esa adabiyot muallimi sifatida meni juda quvontiradi. Chunki bu suratlardan biz ko‘rgazmali qurol sifatida foydalanamiz. Ularning har biri adabiyot xonasidan o‘rin olmoqda.
Bizga ana shunday yaqin yordamchi va do‘stga aylangan “Gulxan” jurnalining 2017-yilgi sonlari uchun maktabimizdagi 70 dan ortiq o‘quvchi obuna bo‘ldi. Maqsadimiz, obunachilar sonini 100 taga yetkazish.
Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi
30-maktab o‘quvchisi Boyjigit ZULPONOV:
Assalomu alaykum, Gulxanjon!
Meni yaxshi taniysan, chunki jurnal sahifalarida men chizgan rasmlar va yozgan she’rlarim e’lon qilingan. Sinfdoshlarim allaqachon sening do‘stingga aylanishgan. “Gulxan”da chop etilayotgan maqola, ertak, topishmoqlarni birgalashib o‘qishimizni, maktabimizda o‘tadigan tadbirlarda ulardan foydalanishimizni aytmoqchiman. “Pazanda” sahifasini Nargiza opam “Shef”, ya’ni ustoz oshpazim, deydi. Unda o‘rgatilgan pishiriqlardan menga tayyorlab beradi.
E, muhim gapni aytmabman-ku, “Gulxan”da she’rlarim chiqqach, sinfdoshlarimning jurnalga bo‘lgan qiziqishlari yanayam ortdi. Biz butun sinfimiz bilan “Gulxan”ning kelgusi yil nashriga obuna bo‘lishga ahd qildik.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumani
“Barkamol avlod” bolalar markazi qoshidagi
“Qaqnus” adabiyot va jurnalistika to‘garagi a’zolari:
Biz sizning sermahsul mehnatingizni kuzatib boramiz hamda qadrlaymiz. Biz ham sizlardek bo‘lish uchun tinmay izlanishdamiz. Rango-rang sahifalarda berib borilayotgan yangiliklarga befarq emasmiz. Har gal jurnalning yangi soni qo‘limizga tegishi bilan talashib qolamiz. Chunki bor-yo‘g‘i bir dona jurnalga obuna bo‘lgan edik. Kelgusi yil esa bunday noqulaylikni bartaraf etish uchun har birimiz o‘z “Gulxan”imiz bo‘lishiga erishdik. Ya’ni alohida-alohida obuna bo‘ldik. Boshqa tengdoshlarimizga ham shuni maslahat beramiz. Sababi aniq: ziyo tarqatuvchi har neki bor, unga yetishish lozim.