Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tuzatilgan xato

Go‘zal maktabga chiroyli sochto‘g‘nog‘ich taqib keldi. U dugonalariga judayam yoqdi.

– Vuy, Go‘zal, buncha chiroyli. Qayerdan olding, bizni bozorda bunaqasi yo‘q edi-ku, – biri olib-biri chug‘urladi qizlar.

– Oyim shahardan singlim ikkimizga, deb anchagina olib kelibdilar, – jilmaydi Go‘zal.

Ularning shovqin-suroniga norozi bo‘lib qarab turgan sinf sardori Yulduz gapga aralashdi: – Namuncha, umrida tuzukroq sochto‘g‘nog‘ich ko‘rmaganga o‘xshab chuvillashasiz? E’tiboringiz uchun, maktabga bunaqa yaltir-yultur to‘g‘nog‘ich taqish mumkin emas.

– Voy, nega, juda unaqa yaltiroq emas, qara, oppoqqina lentachasi ham bor-ku, – hayron bo‘ldi Sevara.

– Men mumkinmas dedimmi, demak, mumkin emas. Agar ertaga yana shu to‘g‘nog‘ichni taqib kelsang, sinfga qo‘ymayman, – dedi Yulduz qat’iy qilib. Qizlar jim bo‘lib qolishdi. Shu payt darsga qo‘ng‘iroq chalindi. Birinchi soat matematika darsi edi. O‘qituvchi kutilmaganda, o‘tilgan mavzular bo‘yicha nazorat ishi olaman. Hamma daftar-ruchkasini tayyorlasin, deb qoldi. Go‘zalning ichi shuvillab ketdi. Chunki u darsga tuzukroq tayyorlanmagandi. Aslida Go‘zal matematikadan ancha bo‘sh edi. U ichida ishqilib oson misollar tushsin-da, deb takror-takror aytsa ham, unga ancha murakkab tenglamalar tushdi. Go‘zal qo‘rqib ketdi. Endi nima qiladi. Axir, oyisiga bu chorakda bitta ham uch baho olmayman, deb so‘z bergan edi. U o‘ylab-o‘ylab, Yulduzdan yordam so‘ramoqchi bo‘ldi. Biroq Yulduz juda o‘ziga bino qo‘ygan, ishing tushib yalinsang battar maqtanib ketadi. Yana o‘zidan boshqa hamma unga yalinishini, undan o‘zib ketmasligini istaydi. Vaqt esa o‘tib boryapti, shoshilmasa ulgurmay qoladi. U istamaygina orqaga o‘girildi va berilib yozayotgan Yulduzga pichirladi:

– Yulduz, iltimos, menga qarashib yubor.

Yulduz avvaliga o‘zini eshitmaganga soldi. Lekin sinfdoshi qayta-qayta takrorlayvergach, – bo‘pti, masalangni yechib beraman. Ammo bir sharti bor, – dedi u Go‘zalning ko‘zlariga tikilib.

– Qanday shart, aytaver.

– Menga sochto‘g‘nog‘ichingni berasan. – Kutilmagan bu gapdan Go‘zal titrab ketdi.

– Axir, o‘zing uni taqish mumkinmas deding-ku.

– Men senga o‘xshab maktabga taqib kelmayman. Rozimisan, bo‘laqol. Bo‘lmasa, yozma ishimni topshiraman-u chiqib ketaman.

– Roziman, hozir yechib beraymi?

– Keyin.

Shu tariqa Go‘zal bilan Yulduzning “do‘stligi” boshlandi. Yulduz matematikadan berilgan barcha uy vazifalarini, yozma ishlarni ishlab berar, Go‘zal esa unga sovg‘a tashishdan charchamasdi. Biroq bu haqda hech kimga, eng yaqin dugonasi Gavharga ham aytmasdi. Bilmadik, agar singlisi janjal qilmaganda, bu hol yana qancha davom etardi. Navbat Rayhonaning sochto‘g‘nog‘ichiga kelganda u yig‘lab yubordi.

– Bermayman, to‘g‘nog‘ichimni yaxshi ko‘raman. Uni ertaga bayramga taqib boraman.

– Berasan dedim, berasan. Axir, ertaga yozma ish, men Yulduzga nima deyman, – singlisining qo‘lidagi to‘g‘nog‘ichga yopishdi Go‘zal. Ichkaridagi shovqinni eshitgan Nodira opa shoshilib xonaga kirdi.

– Tinchlikmi, nima baqir-chaqir, sen nega yig‘layapsan? – Rayhonaga qaradi Nodira opa.

– Opamni qarang, sochto‘g‘nog‘ichimni o‘rtog‘iga so‘rayapti. Hamma narsani sovg‘a qilib yubordi. Hatto tog‘am olib bergan soyabonni ham.

– Qarab tur, hali chaqmachaqar, – Go‘zal singlisini turtib yubordi. Rayhona munkib ketdi. Agar oyisi ushlab qolmaganda yiqilishi aniq edi.

– Go‘zal, senga nima bo‘ldi, qizim, tinchlikmi? Sen bunaqa qiziqqon emas eding-ku, o‘z singlisini ham uradimi, odam?!

Go‘zal o‘zini oyisining bag‘riga otdi:

– Oyijon, men endi maktabga bormayman, – dedi ko‘zlari yoshlanib va bo‘lgan voqeani onasiga aytib berdi. Ertasi kuni Nodira opa maktabga borib direktor va sinf rahbari bilan gaplashdi.

– O‘quvchilar orasida ham tamagirlar bo‘lar ekan-da, beparvoligimiz uchun bizni kechiring, – Nodira opadan uzr so‘radi direktor. Sinf rahbari Karomat Sa’dullayevna esa sinfda majlis o‘tkazdi. O‘quvchilar orasida Yulduzni izza qildi. Go‘zalni ham yaxshigina koyidi.

– Agar yana bir marta mana shunaqa poraxo‘rlik qilsang, maktabdan haydalasan. Sinfdoshlar o‘zaro do‘st bo‘lishi, bir-biriga beminnat ko‘mak berishi kerak. Siz ikkingiz ham noto‘g‘ri qilgansiz. Go‘zaldan ham xafaman. Agar harakat qilsa hammadan a’lochi bo‘lishi mumkin, qobiliyati bor. U esa tayyorga ayyorlikni o‘rganibdi. Matematikadan qiynalsang, to‘garakka qatna, qo‘shimcha saboq ol, biz yordam beramiz.

Nodira opa ham sinf rahbarining fikrini yoqladi.

– Axir, bir umr birovning yordami bilan yashab bo‘lmaydi-ku. O‘z ustingda ishla, bilmaganlaringni ustozlaringdan, o‘rtoqlaringdan so‘ra.

Go‘zal shunday qildi. Matematika o‘qituvchisi Nosir Normatovichdan qo‘shimcha darslar oldi. Endi uning ko‘z o‘ngida matematika sirli bir olam bo‘lib ko‘rindi. U har bir misol yoki tenglamani yechganida shunday quvonardi.

Go‘zal matematika fanidan o‘tkazilgan shahar olimpiadasida g‘olib bo‘ldi. Butun maktab uni tabrikladi. Hatto Yulduz ham. Keyin: “O‘rtoqjon, meni kechir, hamma bergan sovg‘alaringni qaytarib beraman. Ularni ishlatganim yo‘q”, dedi.

– Ular o‘zingda qolaqolsin. Chunki bu “sovg‘a”lar ikkimiz uchun ham katta saboq bo‘ldi, – jilmaydi Go‘zal Yulduzning qo‘lini mahkam siqarkan.

 

Husnobod SHOMIRZAYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.