Pul sarflashni bilasizmi?
Ota-ona farzandiga nega pul beradi-yu, o‘quvchi uni nimalarga sarflaydi?
Shu savol bilan o‘quvchilar olamiga sayohat qildik. Bu iqtisodiy masalada ayrim o‘quvchilar sarflaydigan transport yo‘l haqlarini hisobga olmadik.
– Ustoz, Nargizaning ikkita xatosi bo‘lsa ham “5” qo‘yibsiz, menga esa “4”.
Qizcha yozma ish daftarini topshirdi-da, yig‘lagudek bo‘lib joyiga borib o‘tirdi.
– Husnixating chiroyli bo‘lsa, bo‘yamay yozsang, senga ham besh baho qo‘yaman, – dedi ustozi uning ko‘nglini ko‘targan bo‘lib.
– Agar siz “besh” baho qo‘yganingizda beshlarim haftasiga o‘nta bo‘lar edi va men dadamdan besh ming so‘m yutib olgan bo‘lardim.
O‘qituvchi hayratomuz unga qaradi.
– Ne’matning uyidagilari har bir “beshi” uchun ming so‘mdan berishayotgan ekan, – deya izoh berdi sinfdoshi.
Hozirda boshlang‘ich sinflarda bunday suhbatlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin. O‘ylanib qolasan, nahotki, baho (ball)ning qadri shu qadar past bo‘lsa? Axir, rag‘batning boshqa yo‘llari ham bor-ku. Bu haqda yana bir necha bola bilan suhbatlashdik.
– Mening ota-onam ham boshlang‘ich sinfda o‘qiyotganimda har bir bahoim uchun ikki yuz so‘mdan berishar edi. Hozir kuniga ming so‘m olaman.
– Pullarni nimaga sarflaysan? – so‘rayman undan.
– Pulni tushlik uchun berishadi. O‘tgan yili tejagan pulimga soat oldim. Maktab oshxonasidan bulochka yoki kiriyeshki sotib olaman. Qaytimiga “kango”, “zizi” saqichidan berishadi, – dedi 6-sinf o‘quvchisi Nusrat.
– Jurnalingizda ismimni yozmasangiz aytaman, – dedi navbatdagi suhbatdoshim. – Ota-onam uy yumushlarini yaxshi bajarganimga qarab haftasiga 10.000 so‘mgacha pul berishadi. Biroz ertaroq kelib bekatda ochilgan kompyuterxonaga “playstation”ga kiraman. 20 daqiqa o‘yin o‘ynash 1500 so‘m turadi. Har kuni yutsam kerak, deb ikki-uch marotaba o‘ynab ko‘raman, biroq hali oxirigacha yutolmadim. Kecha ustozim oyimni chaqirtirdilar. Endi o‘yin o‘ynamaslikka va’da berdim, lekin bugun juda o‘ynagim kelyapti.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. O‘quvchini darsga o‘z vaqtida kirmasligiga uy yumushlarini yaxshi narxga baholagan ota-ona ham ma’lum ma’noda aybdor emasmikan?! Qator kompyuterlarni qo‘yib bolalardan pul undirayotgan, ularning dars vaqti bilan qiziqmaydigan ko‘ngilochar joylar mahalla faollari tomonidan nazorat qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Maktab oshxonasida saqich, pista, nakleyka, sigaret ko‘rinishidagi konfetlar, kiriyeshki sotish o‘rinlimikan?
Navbatdagi suhbatdoshlarim 7-, 8-sinf qizlari bo‘ldi. Bu qizlar ham ota-onalaridan kuniga yaxshigina pul olishar ekan. Ularning biri taqinchoqlar xarid qilish, birlari ota-onasining tug‘ilgan kuniga sovg‘a olish istagida pul yig‘ayotgan ekan.
– Ko‘pdan beri to‘qishni o‘rganishni orzu qilardim. Yaqinda maktabimizdagi “Mohir qo‘llar” to‘garagiga a’zo bo‘ldim. Yig‘ib qo‘ygan pulimga ip va to‘qish anjomlarini sotib oldim, – dedi Shahzoda mamnun ohangda.
– Ota-onam menga haftasiga sakkiz ming so‘m berishadi. Tushlikni uydan olib kelganim uchun pulim tejaladi. Kitob o‘qishga, til o‘rganishga qiziqaman. Kelajakda tarjimon bo‘lmoqchiman. Yiqqan pulimga kitob sotib olaman, – dedi Saida.
O‘quvchilar bilan gaplashib, ba’zi savollarimga javob olgandek bo‘ldim. Sinfdagi 30 o‘quvchining beshtasi faqat bayramlarda ota-onasidan pul olishlarini, yana besh nafari uydagilari kuniga 1000–2000 so‘mdan pul berishlarini aytdilar. O‘n nafar o‘quvchi zarur hollarda o‘quv qurollarini o‘zlari sotib olishlarini, boshqalardan ruchka so‘rab turishga uyalishlarini bildirdilar. O‘n nafar o‘quvchi har qanday sharoitda pulni ishlatmasdan pleyer, telefon uchun yig‘ishda davom etishlarini bildirdilar. So‘rovnomamizga asosan ayrim qizlarning pista chaqishlarini aytmaganda, o‘g‘il bolalardan tejamliroq chiqib qoldilar. O‘quvchilarning ota-onalari tomonidan belgilangan o‘rtacha “maoshi” haftasiga o‘n-o‘n ikki ming so‘m bo‘lganda oyiga bu o‘ttiz ming so‘mni tashkil etadi. Agar oilada uch nafar o‘quvchi bo‘lsa, uni uch barobar ko‘paytiring. Berilgan pullar nazorat qilib borilsa, ayni muddao bo‘lar edi.
O‘quvchilarning fikrlarini yozib borar ekanman, bergan jurnallarni varaqlayotgan Charos:
– Juda ajoyib jurnal ekan, men albatta, kelgusi yil uchun obuna bo‘laman. Menga jurnalingizda chop etilgan ertak, hikoya va she’rlar juda yoqdi, – deb qoldi.
Charosning bu fikridan quvonib ketdim. Uning fikriga boshqalar ham qo‘shildi. Lekin ular orasida kompyuter o‘yiniga qiziquvchilar yo‘q edi.
Aziz o‘quvchi!
Biz sizga pulni qanday sarflash haqida o‘rgatmoqchi emasmiz. Siz uni shunday sarflangki, sog‘lig‘ingizga foyda, kelajagingizga zamin bo‘lsin.
Mavzu yuzasidan fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.
Hilola HAMDAMOVA