Shirinxo‘rlar kasalligi
“Dunyodagi eng boy odamlar kim?” deb so‘rashsa, shubhasiz, “qandolatchi amakilar”, deb javob bergan bo‘lardim. Negaki, chupa-chups, shokolad, konfet, muzqaymoqni ko‘rganda ko‘zlari chaqnab, qo‘li beixtiyor cho‘ntagi tomon shoshadigan siz – bolalarni, bekorga shirinxo‘rlar, deb atashmaydi. To‘g‘ri, shirinlik sizni benihoya shodlantirishi mumkin, ammo u tishlaringizning “birinchi raqamli dushmani” ekanini unutmang! “Voy tishim”, degan dardli qo‘shiq joningizga azob bermasligi uchun tishlarga g‘amxo‘rlik qilish kerak.
Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 7-son bolalar stomatologiya poliklinikasi bosh shifokor muovini Maxsuda opa Usmonova bu borada qimmatli tavsiyalar berdilar. Siz ham qoidalarga amal qilsangiz, “shirinxo‘rlar kasalligi”dan himoyalangan bo‘lasiz.
– Maxsuda opa, nima uchun tishlarimizni “qurt” yeb qo‘yadi? Shirinliklar bilan “qurt”ning qanday aloqasi bor?
– Shirinlik tarkibida sut kislotasi bo‘ladi. Bu kislota durday oppoq tish qobiqlariga yopishib olib, yemirilishlar hosil qiladi. Bu yoriqchalar stofilokokk, streptokokk nomli tish kushandalari bo‘lmish mikroblar uchun naq “do‘konchaning darvozasi”. Bu mikroblarni xalq tilida “qurtlar”, deb ataymiz. Ular ochiq darvozadan kirib olib, koloniyalar hosil qiladi. Avval tish emalini, keyin to‘qimalarini yeydi. So‘ng esa nerv tomirlariga yetib boradi. “Qurt” yumshoq to‘qimani yemira boshlagach, og‘riq beradi. Ular ham boshqa jonzotlarga o‘xshagan tirik mikroorganizmlar. Oziqlanishadi, chiqindilar ajratishadi. Chiqindilar so‘lak orqali ichimizga yutilib, qonga so‘rilganda immunitetimizni pasaytirib yuboradi.
– Rustam tishida danak chaqadi, bodom chaqadi. Tish kovaklariga kirib qolgan ovqat qoldiqlarini to‘g‘nog‘ichda ham kovlab ketaveradi...
– Tishning emal qatlamini – “javohir yopinchiq”, deb atashimiz bejiz emas. Chunki u bebaho tishimizni jon-jahdi bilan himoya qiladi. Ammo Rustamga o‘xshab, emal do‘stimizga o‘z qo‘limiz bilan jarohat yetkazaversak, tish shifokoridan boshqa hech kim bizga yordam bera olmaydi. Tishda qattiq narsalarni chaqish, chaynash tish yoriqlarini kattalashtiradi. Hatto sindirib yuborishi mumkin. Kovaklarni to‘g‘nog‘ichda kovlash juda xavfli, qon bilan bog‘liq infeksion kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Hammamiz yaxshi ko‘radigan qarsildoq non bo‘lakchalari, saqich – agar tishlar “yamalgan” bo‘lsa, plombalarini sug‘urib olishi mumkin.
– Ziyodaning ukasi tishini tozalayotganda pastani yutib yuborarkan, uning organizmga zarari yo‘qmi?
– Bolalar tish pastalari nojo‘ya ta’sirlardan himoyalangan bo‘ladi. Kattalarniki singari tarkibiga oqartirgichlar, shiladigan moddalar, kimyoviy ranglar qo‘shilmagan holda tayyorlanadi. Ammo ular yutish uchun mo‘ljallanmagan. Ziyoda ukasiga qorni og‘rib qolishi mumkinligini tushuntirishi kerak. Har gal tish yuvganimizda son-sanoqsiz mikrob ko‘piklar orqali tashqariga chiqib ketadi. Ammo og‘iz bo‘shlig‘ida xuddi ichaklardagi kabi foydali bakteriyalar ham mavjud bo‘lib, ular tishlar salomatligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bordi-yu, biz tish pastalarini noto‘g‘ri tanlab qo‘ysak, tish tozalash foyda berish o‘rniga, aksincha, zarar yetkazishi mumkin. Shu paytgacha shifokorlar tarkibida ftor moddasi bor pastalarni tavsiya qilishardi. Afsuski, tadqiqotchilarning so‘nggi xulosalariga ko‘ra tish tozalash jarayonida ichga yutilgan ftor nevrologik, endokrinologik kasalliklar, aqliy faoliyat va immunitet pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Yaxshisi, tish pastasini shifokor tavsiyasiga ko‘ra tanlagan ma’qul.
– Tish shifokoriga borganda bolalar ularning asboblaridan qo‘rqishsa, ota-onalar davolash asboblari orqali yuqishi mumkin bo‘lgan kasalliklardan cho‘chishadi...
– Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda sanitariya va epidemiologiya stansiyasi tomonidan qonunlashtirilgan tartibga amal qilinmoqda. Ya’ni bolalar stomatologiya poliklinikalarida faqat bir martalik asbob-uskunalar, muolaja vositalaridan foydalanish, takror ishlatiladigan anjomlarning sterillanishi nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Barcha bolalar stomatologiya poliklinikalari davlat tomonidan avtoklav, ya’ni sterilizatsiya apparatlari bilan ta’minlangan. Bolalarga ota-ona ishtirokisiz xizmat ko‘rsatilmaydi. Chunki bolaning muolaja jarayonida ishlatiladigan dori vositalariga yuqori sezuvchanligi, ya’ni allergiyasi bor-yo‘qligi faqat ota-onasidan so‘raladi.
– Vaqtida yotib uxlamaslik ham tish kasalliklariga sabab bo‘larkan. Me’yorida dam olmaslikning tishga salbiy ta’siri haqida ko‘pchilik bolalar bilishmaydi.
– Bolalarda tishlar hali to‘liq chiqmagan, mikroelementlar, organik moddalar bilan to‘yinmagan bo‘ladi. Vaqtida uxlab, orom olish tish nerv tolalarini mustahkamlab, tomirlarining yaxshi rivojlanishiga olib keladi. Tish biz o‘ylaganday oppoq “suyak”dan iborat emas. Uning ichida ham son-sanoqsiz qon tomirlari bor. Uyqu asab tizimi kabi tish to‘qimalariga ham yaxshi ozuqa yetkazadi.
– Quyosh bilan o‘rtoq bo‘lgan bolalarning tishlari og‘rimas ekan. Shu to‘g‘rimi?
– D vitamini organizmdagi moddalar almashinuvida ishtirok etadi. U suyak to‘qimalarini hosil qiluvchi kalsiy bilan fosforning ichaklarda so‘rilishiga xizmat qiladi. Ya’ni bu uchala modda ishtirokida tishlar va suyaklar qoyalarday mustahkam o‘sadi.
Organizmimiz ana shu D vitaminining 90 foizini quyoshdan oladi. Demak, quyosh bilan do‘st bo‘lgan bolalarning tishlari og‘rimaydi. Bir kunda 15 daqiqa quyosh nurlarida “yuvinish” yetarli. “Quyosh vannalari” esa koni foyda. Yoz oylarida quyosh tik tushadigan hovuzlarda cho‘milish “quyosh vannasi” deyiladi.
– “Do‘xtir, voy jonim!” deb shifokor qabulida navbat kutmasligimiz uchun nima qilishimiz kerak?
* Yoz oylarida muzdekkina muzqaymoqdan, muzlatkichdagi sovuq ichimliklardan tishlarimizni ehtiyot qilamiz. Sovuq yeguliklar tish qobig‘ida yoriqchalar hosil qiladi.
* Qiyshaygan buyumlarni tishda to‘g‘rilashdan, qaychini olishga erinib, ipni tish bilan uzishdan, umuman, unga og‘irlik tushirishdan saqlanish lozim.
* Bilaman, ko‘pchilik bolalar sut ichishni, tvorog yeyishni istashmaydi. Ammo “vitamin omborxonasi” hisoblangan sut mahsulotlari va mevalar tishlarning sadafdek yaltirashi uchun xizmat qiladi. Tishni ikki marta tozalashdan tashqari, tushlik paytida hech bo‘lmaganda iliq suv bilan chayib tashlash ovqat qoldiqlarini yuvib, mikroblar to‘planishining oldini oladi.
Demak, oshqozonimizga yo‘l olgan taomlar mazasi bilan tanni yayratib, hazm ishini yengillashtirish uchun beminnat xizmat qiluvchi yordamchilarimiz bo‘lgan tishlarni astoydil asrashimiz kerak.
Bor bo‘lsin sog‘lom tishlar!
Umida SADATOVA