Bayrog‘imiz tug‘ilgan kuni
18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan kun
Dilshod bugun negadir juda erta uyg‘ondi. Yopishqoq kipriklarini yarim bukilgan mushtlari bilan ishqalarkan, hali tong yorishmaganini sezdi. Shu bahona bo‘ldi-yu, yana biroz mizg‘ish niyatida o‘ringa cho‘zildi. Ammo tashqaridagi deraza oynalaridan bobosi uni kuzatib turgan ekan:
– Nega yana qayta yotib olding, uyquchi bolam? Tur. Yonimga kel.
Nabira bobosi aytganini qildi. Yuz-qo‘lini yuvib, xontaxtaning pastki qismiga o‘tirdi. “Nima gapingiz bor”, degandek bobosiga qaradi. Nusrat bobo Dilshodning maqsadini tushungandek so‘z qotdi:
– Bilasanmi, bugun qanday kun? Eslab ko‘r-chi... – Bobosi nabirasining ko‘zini yarim yumib bir nuqtaga tikilib qolganidan foydalanib televizorni yoqdi. Biroz o‘tib ekranda millari tonggi oltini ko‘rsatishga hozirlanayotgan soat aksi ko‘rindi. Dilshod esa bugun kimning tug‘ilgan kuni ekanligini aniqlolmay ovora edi. Sabri tugagan nabira oxiri bobosini qistovga oldi:
– O‘zingiz ayta qoling, bobojon. Bugun kimning tug‘ilgan kuni?
– Nega bugun kimningdir tug‘ilgan kuni, deb o‘ylayapsan, bolam? Ammo farazing bir tomonlama to‘g‘ri. Chunki bu kun mamlakatimiz ramzlaridan biri – bayrog‘imiz qabul qilingan kun sifatida O‘zbekiston tarixiga muhrlangan. Ya’ni, uning tug‘ilgan kuni.
Nusrat bobo gapini tugatishi hamon televizor ekranidagi soat roppa-rosa oltini ko‘rsatdi-yu, davlatimiz madhiyasi yangray boshladi. Dilshod madhiyaning birinchi so‘zlari eshitilishi hamon sakrab o‘rnidan turdi va o‘ng kaftini ko‘ksiga qo‘ydi. Ovozini ko‘tarib madhiyaga jo‘r bo‘ldi. Nusrat boboning sevinchdan ko‘zlari porlab ketdi. Bir muddat o‘tib nabirasining o‘rniga xayolan o‘zining bolaligi, o‘n uch yoshli Nusratni qo‘ydi. Jajji barmoqlarini yuragiga yaqinlashtirdi. Ammo ko‘ksi bu yolg‘onni qabul qilmadi. O‘ylari chalkashib ketdi. O‘zini hech qachon nabirasi kabi shodon bolakay sifatida tasavvur qila olmasligini tushunib yetdi. Butun bolaligi chinakam yolg‘onlar ichida o‘tganidan ichi achishdi. Nabirasiga qarab uni unsiz duo qildi.
Madhiya sadolari tugagach, ekranda katta-katta harflardagi yozuv paydo bo‘ldi: “18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilingan kun”. Bobo va nabira birvarakayiga chapak chalib yuborishdi. Nusrat bobo Dilshodni tizzasiga olib peshonasidan mehr bilan o‘pdi. Qo‘ng‘ir, mayin sochlarini qayta-qayta siladi. Shu bilan bir muddat oldin tirnalgan xotiralarini unutgandek bo‘ldi. So‘ng nigohini ekranga qaratdi. Unda bayrog‘imiz sarlochindek ko‘kda hilpirab turar, kadr ortida esa bayrog‘imiz haqida ma’lumotlar berila boshlandi. Bobo nabirasiga “diqqat bilan eshit” dedi-yu, o‘zi ham bor e’tiborini suxandonning so‘zlariga qaratdi.
“Bugun davlatimiz ramzlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilinganligiga 25 yil to‘ldi. U yurtimiz mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsoldir. Davlatimiz bayrog‘i o‘zida butun o‘zbek xalqining asriy orzu-istaklarini, ajdodlarimiz yodi hamda millatimiz g‘ururini mujassam etgan, sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovor, chinakam ma’nodagi iftixorimizdir”.
Shu payt Dilshodning yuziga qaydandir bir tomchi suv kelib tushdi. Bundan ajablangan bolakay yelka osha bobosiga qaradi – tomchi Nusrat boboning ko‘zidan oqibdi. Hayron qarab turgan Dilshod bobosidan nega yig‘layotganligini so‘radi. Endi oshkora ko‘z yosh qilayotgan Nusrat bobo nabirasining termulib turganligiga ham e’tibor bermadi. Bo‘g‘zidan quyilib kelayotgan alamlarini, qayg‘ularini ichiga qayta yutishga harchand urinmasin, bo‘lmadi. Aksincha, yanada zo‘rayib borayotgan ichki tug‘yonlari boboni uzoq bolalik damlariga olib ketdi.
“Adashmasa, o‘shanda u Dilshoddan bir yosh kichik – beshinchi sinf o‘quvchisi edi. Kech kuzning achchiq izg‘irini. Tomsuvoq maktab derazalaridan g‘uvillab kirib turgan sovuqqa qaramay adabiyot muallimi berilib she’r o‘qirdi. Bir-ikki to‘polonchi sinfdoshlarini aytmaganda, barcha bolalar Nusratga o‘xshab she’rning mayin ohanglariga miriqib quloq tutardi. Go‘yoki o‘zining eng sevgan qo‘shig‘ini kuylayotgan hofizdek ko‘zlarini yarim yumib olgan Nazar muallim she’rni tugatgach, bir oz xomush o‘tirdi. Keyin ikki “qo‘li” tepasiga mahkamlangan quyonquloq telpagini boshiga chuqurroq bostirdi. Ingichka oyoqli stulga o‘tirib, tomog‘ini qayta-qayta qirdi. So‘ng boshini o‘quvchilar o‘tirgan tarafga imkon qadar cho‘zdi-yu, xavotirli ovozda pichirladi:
– Bolalar, bilasizlarmi bu kimning she’ri – Cho‘lponniki. U bizning, millatimizning faxri, qahramoni. Cho‘lpon – erk kuychisi. Sizlarga u haqida juda ko‘p gapirib bergim kelyapti. Ammo...
Sinfxona eshigi zarb bilan ochilib ichkariga kolxoz brigadiri Xolmat cho‘loq kirib keldi. Muallimga boshdan-oyoq qarab bo‘lgach, vajohat bilan baqirdi:
– Nega bularni dalaga haydamasdan, bu yerda safsata sotib o‘tiribsiz?! Sizning darsingizdan bizga nima foyda? Eshik tirqishidan hammasini eshitdim. Chiqaring barchasini tashqariga...
Nusrat o‘sha kuni sinfdoshlari bilan qosh qorayguncha daladan chiqmadi. Sovuqdan oyoqlarini hattoki sezmay qoldi. Ertasi kuni esa butun qishloqqa shumxabar tarqaldi: “Nazar muallimni qora kiyimli kishilar maktabdan olib ketishibdi”.
Nusrat bobo qarog‘ida miltillayotgan ko‘z yoshlarini ko‘rsatkich barmog‘i bilan sidirdi. Ikki ko‘zi hayratga to‘la nabirasining termulib turganligidan biroz uyaldi. Uning boshini kaftlari orasiga olib peshonasiga lab bosdi. Past ovozda “O‘zingga shukur”, deb qo‘ydi. Bugun nabiralarining emin-erkin yashayotganligidan, barcha qulayliklarga ega issiqqina sinfxonalarda dars o‘tayotganligidan sevindi. Bularning barchasi istiqlol tufayli, o‘z ramzlariga ega mamlakatning kelgusi avlodga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi natijasi ekanligini yurakdan his qildi.
Dilshod o‘rnidan turib bobosini quchib oldi. Ko‘z yoshlari sababini so‘radi. Bobosi esa kulgancha uning burni uchidan chimchilab oldi:
– Sening qo‘lingni ko‘ksingga qo‘yib madhiyamizni kuylayotganligingni ko‘rib sevinib ketdim-da, toychog‘im.
Dilshod bobosining tizzasidan qayta joy oldi. Ikkisi ham nigohini yana ekranga qaratdi. Suxandon endi bayroqning alohida belgilari va xususiyatlari haqida so‘z yuritayotgan ekan.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘q moviy, oq va to‘q yashil ranglardan iborat to‘g‘ri to‘rtburchak shaklga ega. Uning uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Barcha rangli qismlarning kengligi bir xil – 40 santimetrdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining o‘rtasidagi oq rangli qism chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar o‘tkazilgan. Uning yuqori qismidagi moviy rangli qismning dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o‘n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan”.
Bobo va nabira bayroq haqida tayyorlangan ko‘rsatuvni oxirigacha tomosha qilishdi. U tugashi bilan Dilshodning dada va oyisi ham uyg‘onishdi. Bolakay nonushta atrofida ota-onasiga bugun bayrog‘imizning tug‘ilgan kuni ekanligi haqidagi xushxabarni aytdi. So‘ng hozirgina bayroq haqida televizordan eshitgan ma’lumotlarning esida qolganlarini ularga so‘zlab berdi. Ammo bobosining ko‘z yoshlari haqida indamadi. Nusrat bobo esa nabirasining bilag‘onligi va eng muhimi, aqlli bo‘lib voyaga yetayotganligidan mamnun jilmayib turardi.
Farhod ESHMO‘MINOV