Mo‘jiza yaratgan ustoz
– Ozodaxon, ustozing aytdi, harf yozishni bilmayotgan emishsan, – dedi Nazira opa qo‘lida qalam bilan “Alifbe” kitobiga tikilib qolgan qiziga.
Ozoda bir cho‘chib tushdi, keyin onasiga yuzlanib dedi: – Oyijon, menmas, aslida Huri ustozning o‘zi harflarni tanimaydi. Harflarni hammamizga bir-bir ko‘rsatib, “Bu qaysi harf, bu qaysi harf”, deb so‘rab chiqadi.
Ertasi kuni hamkasbidan bu javobni eshitgan Huri opa kulib qo‘ydi. Bu 1-sinf o‘quvchisining ilk tasavvuri. Hademay, ustozi yordamida o‘qish, yozishni bilib olgach, uning nazarida ustozidan aqlli va bilimdon odam bo‘lmaydi. Hatto ota-onasidan ham ko‘proq o‘qituvchisiga ishonadi, o‘yladi muallima. U 35 yillik pedagogik faoliyati mobaynida bunga ko‘p bora amin bo‘lgan. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Huri Soliyeva ana shu murg‘ak shogirdlari ishonchini oqlash, eng bilimdon, hozirjavob ustoz bo‘lishga intiladi. O‘z ustida tinmay izlanadi. Endigina dunyoni tanib borayotgan maktab bolasining “Nega?”, “Nima uchun?”, “Qanday qilib?” degan savollariga batafsil javob bera olish uchun tunlarni tongga ulab kitob o‘qiydi, ertangi darsga tayyorlanadi. Har bir darsini o‘quvchi uchun bir mo‘jiza bo‘lishiga astoydil harakat qildi.
Yuzlab, minglab murg‘ak qalblarni ilmga oshno qilib, o‘ziga havas va hayrat bilan qaragan bolalar ko‘z o‘ngida har bir darsni aniqrog‘i, “alifbo”dagi har bir harf bag‘rida berkingan sir va sehrni kashf qilishning o‘zi, “N” bu – “non”, “V” bu – “vatan”, “O” bu – “olam” deb harf qudratini ta’riflash mo‘jiza emasmi?!
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi “Bilimlar qasri”ning me’mori hisoblanadi. Bu sinflarda olgan bilim bolaning kelajakda qanday o‘quvchi bo‘lishini belgilaydi. Firdavsiy hazratlari aytganidek:
Poydevorni qiyshiq qo‘ysa gar me’mor,
Quyoshga yetsa ham egridir devor...
Huri opa o‘ziga harf tanitgan birinchi ustozlari Dilbar opa Sulaymonova, Malohat opa Yunusovadan olgan saboqlarini hali-hanuz unutgani yo‘q. Ustozi “Alifbo”dagi 35 ta harfni qanday o‘rgatgani-yu o‘zi qanday o‘zlashtirgani kechagiday yodida. Yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqshdir, deganlari shu bo‘lsa kerak. Huri opa ham ustozlari izidan bordi. Har bir harfni diqqat bilan doskaga yozadi. Har bir o‘quvchisini qo‘lidan ushlab yozishni o‘rgatadi. Qizig‘i, o‘quvchilari xuddi o‘qituvchisidek husnixat bilan yozadigan bo‘ladi.
– Bilim – zanjir, agar o‘quvchi bir kun dars qoldirsa, zanjir uziladi, uni ulash esa oson emas. Ana shu aqidaga amal qilgan muallima davomatga juda talabchan. Shu bois uning sinfida birorta o‘quvchi sababsiz dars qoldirmaydi. Boshlang‘ich sinflar orasida u o‘qitayotgan 2-sinfning peshqadamligi ham ana shu talabchanlik samarasi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lish uchun, yaxshi ustoz bo‘lish uchun irodali, sabotli va eng muhimi, bolajon bo‘lish kerak. Huri opada ana shu fazilatlarning barchasi mujassam. U sinfga qabul qilib olgan 34 o‘quvchining barchasini o‘z bolasi, deb biladi. Ularning fe’l-atvorini sinchiklab o‘rganadi. Bilmaganlarini ota-onalaridan so‘rab oladi. Va har bir o‘quvchining fe’liga qarab ish olib boradi. Shu tariqa bola ko‘ngliga yo‘l topadi. Ana shu mehr bois u nafaqat o‘quvchilarning, boshlang‘ich sinfga dars beradigan muallimlarning ham sevimli ustoziga aylandi, “Xalq ta’limi a’lochisi” bo‘ldi, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Huri opa tug‘ilgan xonadonda besh qiz ulg‘aygan. Otasi bilan onasi uzoq yillar maktabda mehnat qilishgan. “Ishlab yurib bildim, dunyoda o‘qituvchilik kasbidek olijanob kasb yo‘q ekan. Men qizlarimning o‘qituvchi bo‘lishlarini xohlayman”, – dedi otasi Nuri opasi yetuklik shahodatnomasini olib qaytgan kun. Ota orzusi ijobat bo‘ldi. Nuriniso ham, Hurixon, Xolisxon, Dilfuza, Nargizalarning barchasi muallima bo‘lishdi. Ular O‘rta Chirchiq tumanidagi maktablarda yoshlarga saboq berishmoqda. Hurixonning qizlari Xurshida va Hurriyat esa onalari bilan yonma-yon mehnat qilishyapti. Tajribali ustozlarining iste’dodli shogirdlariga aylanishgan. Huri opa faoliyat yuritayotgan 16-maktab esa tumandagina emas, balki viloyatda ham ilg‘or bilim maskanlaridan. Maktab 2015-yilda kapital ta’mirdan chiqarilgan. O‘quvchilarning ko‘ngildagidek bilim olishlari uchun barcha sharoit muhayyo. Serg‘ayrat direktor Farhod Toshxo‘jayev ham shu maktabning sobiq o‘quvchisi.
Huri opa direktor xonasiga kirib kelganida xona o‘qituvchilar bilan to‘lgan edi. Direktor opani yonidagi bo‘sh stulga o‘tirishga taklif qilgach, oldidagi “Xalq so‘zi” gazetasidan mamlakat Prezidenti Farmonini ovoz chiqarib o‘qidi: O‘zbekiston respublikasi xalq o‘qituvchisi – Huri Soliyeva, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. O‘tirganlar chapak chalib yuborishdi. Huri opa dik etib o‘rnidan turdi-yu, nima qilishni, nima deyishni bilmay qoldi. Ko‘zidan esa shashqator yosh oqardi. Bu xushxabar bir zumda Rovatak qishlog‘iga yoyildi. Uni butun qishloq tabrikladi. Bugun xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilayotgan shogirdlari Saidmahmud Mamajonov, Qahramon Anorboyev, Nodir Hasanovlar birinchilardan bo‘lib qutlashdi. Tumanda o‘zi bilan birga ishlayotgan Hilola Saidrahmonova, Feruza Murodovalar “Ustoz, sizga havasimiz keladi”, deyishdi unga dasta gul tutqazayotib.
Ha, bir vaqtlar Hurixon ham ustozi Saida Tursunova shu yuksak unvonga sazovor bo‘lganda astoydil havas qilgandi. Fidoyi o‘qituvchilar Ergash Abdullayev, Akbar Qalandarovlar ko‘ksida yaraqlagan “Sog‘lom avlod uchun” ordenini mehr bilan silagandi. Mana bugun hukumatimiz uning ham kamtarin mehnatini qadrlab, yuksak unvonga munosib ko‘rdi. Bu ishonch uning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi.
– Niyatim, 40 yillik tajribalarimga tayanib darsliklar tuzishda qatnashish, uslubiy qo‘llanmalar yaratish. Va yana eng muhimi, bugun sinfimning eng ilg‘or, eng a’lochi o‘quvchilari Farangiz Avazxo‘jayeva, Oqilxon Abdurahimov kabi zukko shogirdlar safini kengaytirish, – deydi muallima.
Biz serg‘ayrat, fidoyi, mehnatkash ustoz dilidagi ezgu rejalar ijobatiga tilakdoshmiz. Ana o‘shanda ham bu yutuqlar haqida to‘lib-toshib hikoya qilishni dilimizga tugib, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Huri opa Soliyeva bilan xayrlashdik.
Muhabbat HAMIDOVA