Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ma’no ummonining javohirlari

Dadam bergan besh so‘mni olib kitob do‘koniga kirdim. Qarasam, peshtaxtada “Xazoin ul-maoniy” turibdi. To‘rtta kitob, “Xamsa” ham bor. Beshovi bir bog‘lamda. “Chor devon” ham bormi? – so‘radim sotuvchi opadan, kitoblarga pul to‘layotib.

– O‘g‘lim, qo‘lingizdagi “Xazoin ul-maoniy”ning nomi Sharqda “Chor devon” bo‘lib ketgan. “Chor” degani “to‘rt” degani, esingizdan chiqarmang. Buni har bir o‘zbekning bolasi bilishi kerak. Navoiyni hammamiz uqib o‘qishimiz kerak, – dedi sotuvchi.

Ana shu ta’kid ta’siridami, men bu go‘zal qilib bezatilgan kitobni tushunganimcha o‘qidim, mag‘zini chaqdim. Oradan yillar o‘tdi. Men jurnalist bo‘ldim. Tahririyat topshirig‘i bilan Abu Rayhon Beruniy nomidagi qo‘lyozmalar institutiga bordim. U yerda adabiyotshunos olim, professor Abduqodir Hayitmetovning stolida bolalik qadrdonim “Xazoin ul-maoniy”ni ko‘rib yuragim gupillab urib ketdi.

– “Xazoin ul-maoniy”ning tabarruk qo‘lyozmasi bu, – dedi olim hayajonimni sezib. – O‘z zamonasining mashhur xattoti zarhal bilan ko‘chirgan.

Shundan so‘ng domla menga “Xazoin ul-maoniy” yaratilganidan tortib oxirgi nashrgacha bo‘lgan jarayon haqida qisqacha so‘zlab berdi.

– Bu kitob 1490-yillarning boshlarida tuzilib, o‘sha zahoti mashhur bo‘lib ketgan. U Navoiy hayotligidayoq o‘z zamonasining eng yaxshi xattotlari tomonidan ko‘chirib tarqatilgan. Navoiy “Xazoin ul-maoniy” debochasida ta’kidlashicha, podsho Husayn Boyqaro uning eng yaqin maslahatchisi va kitobning jonkuyar targ‘ibotchisi bo‘lgan.

Zahiriddin Muhammad Boburning yozishicha, mashhur xattot Sultonali Mashhadiy har kuni 30 bayt Mirzo uchun, 20 bayt Alisherbek uchun ko‘chirar edi...

Husayn Boyqaroning Sulton Ali Mashhadiyga buyurtmalari orasida Navoiy g‘azallari asosiy o‘rin tutgani shubhasizdir.

XVI asrda ham “Xazoin ul-maoniy”ning ko‘pgina yangi nusxalari ko‘chirilgan. Ularning ba’zilari Parij milliy kutubxonasida, Turkiya, Erondagi kutubxonalarda, Sankt-Peterburg kabi shaharlardagi qo‘lyozmalar fondlarida saqlanmoqda. Sizni zavqlantirgan bu 667-raqamli go‘zal qo‘lyozma esa eng noyob nusxalardan.

Qo‘qon xoni Amir Umarxonning o‘g‘li Madalixon ham Navoiy ijodiga chuqur ehtirom bildirib, “Xazoin ul-maoniy”ni 300 nusxada ko‘chirishga farmon bergan. O‘rta Osiyoda kitob nashr etish rasm bo‘lgach, Xivada tosh bosmada bu asar to‘la nashr etilgan. Shu tariqa bu tabarruk majmuaning bizgacha mukammal nusxalari yetib kelgan. To‘liq nashri esa 1959–60-yillarda professor Hamid Sulaymon tashabbusi bilan “FAN” nashriyotida chop etilgan. Shu nashrda devonning nusxalari qayerlarda saqlanayotgani, qanday holatdaligi batafsil izohlangan. “Xazoin ul-maoniy” ikkinchi marta to‘liq holda Navoiy asarlari 20 tomlik mukammal nashrining 3–6-jildlaridan o‘rin olgan, – deya hikoyasini tugatdi olim.

Bu suhbat bo‘lib o‘tganiga ham 20 yildan oshdi. Ustoz olim Abduqodir Hayitmetov endi oramizda yo‘q. Lekin uning qalbimga jo etgan Navoiy ijodiga bo‘lgan mehr urug‘i yillar davomida nish urib ulkan daraxtga aylandi.

Men har gal bu go‘zal asarni qo‘limga olar ekanman, xalqimiz ma’naviyatining ko‘zgusiga aylangan, salkam olti asrdan buyon sevib o‘qilayotgan bu purma’no hikmatlar mangulikka daxldorligidan g‘ururlanaman.

 

Temur UBAYDULLO

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.