Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maqsad – haqiqiy xazina

Shaxmatni qadimiy va donishmandlarga xos oʻyin deb bejiz aytishmaydi. Bu sport turi bilan shugʻullangan bola teran fikrlaydi, har qanday qiyin vaziyatdan chiqishning toʻgʻri yechimini topa oladi.

Tengdoshingiz Samandar Shermuhamedov – 16 yoshda. Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 25-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi.

Samandar bolaligidan shaxmat bilan doʻst tutindi. Tajribali murabbiy Nurillo Oʻralovdan shaxmat sir-asrorlarini oʻrganishga kirishdi. Ustozining maslahatlariga tayanib shugʻullandi, mashgʻulotlarni maromiga yetkazishga odatlandi. Tabiiyki, Samandarning intilishlari besamar ketmadi. Tuman, keyinchalik, viloyat miqyosidagi musobaqalarda tanildi, gʻolib va sovrindor boʻldi.

2016-yil yosh shaxmatchi 2004–2005-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida ilk bor qatnashdi. Debyuti omadli chiqib, kumush medal bilan taqdirlandi. Aynan shu yil Moʻgʻulistonda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Yana qator musobaqalar Samandarga quvonchli lahzalarni tuhfa etdi. 2018-yil Qirgʻizistonda oʻtkazilgan 14 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasidagi VI xalqaro turnirda I oʻrin sohibi boʻldi. Aytgandek, oʻtgan yil maktab oʻquvchilari oʻrtasida boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida gʻolib chiqib, oliy oʻquv yurtiga imtihonsiz kirish imtiyoziga ega boʻldi.

Hayotda oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyib, izlanayotgan, harakat qilayotgan Samandar Shermuhamedov kabi yoshlar tengdoshlariga ibrat boʻlmoqda. Qahramonimiz kelajakda jahon chempioni boʻlishni niyat qilgan. Orzularing amalga oshsin, yosh doʻstim.

Zero, haqiqiy xazina maqsad sari intilish va harakatdir.

Dilafroʻz ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.