Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Darddan baland orzular

Ijtimoiy tarmoqlarda Onkogematologiya ilmiy tekshirish instituti markazida davolanayotgan bolalarga oʻz qoʻllari bilan yasagan turli oʻyinchoqlarini ulashayotgan Kamronjonning suratini koʻrib qoldim. Uning rangli qogʻozlardan yasagan kichik sanʼat asarlarini koʻrib, bunday goʻzallikni yaratish har kimning ham qoʻlidan kelavermasligiga amin boʻldim. Sababi, bor-yoʻgʻi oddiygina qogʻoz va yelimdan tayyorlangan shakllarni kuzatar ekansiz, ularda Kamronjonning oʻtkir zehni, tinimsiz mehnati, daryodek keng yuragini koʻrgandek boʻlasiz.

Suhbat davomida Kamronjondan bu qaysi sanʼat turi ekanligini, bunday chiroyli narsalarni qachondan buyon yasayotgani va ustozi haqida soʻradim.

Kamronjon besh yildan beri bir nechta jarrohlik amaliyotini, kimyo muolajalarini boshidan kechirgani, ogʻir dard bilan kurashgani, shifoxona va uyda oʻtayotgan vaqtini behuda oʻtkazmaslik maqsadida turli mashgʻulotlar bilan shugʻullanganini aytdi. U yasagan oʻyinchoqlarini koʻrsatar ekan:

Ularning koʻpchiligini oʻzim davolanib chiqqan shifoxonalardagi bolalarga sovgʻa qilganman. Bemor bolalarga tugmadek nur ham umid bera olishini oʻsha yerda davolanayotganimda his qildim... Shuning uchun ham u yerdagi bolalarning koʻnglini koʻtargim, qalblariga ozgina boʻlsa-da yorugʻlik ulashgim keldi, – dedi siniq jilmayib.

Hozirda Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 246-maktabning 7-sinfida oʻqiyotgan Kamronjon xalqimizning sevimli shoiri Ikrom Otamurodovning nabirasi, jurnalist Bobur Otamurodovning farzandi. Kamronjon oʻtkazgan sinovli kunlari, oila aʼzolari va doʻstlarining unga bergan dalda va koʻmaklari haqida goh mahzun, goh shodlanib gapirdi:

2-sinfda oʻqiyotganimda jismoniy tarbiya darsida yugurayotib oyogʻim qayrilib, ikki tizzam bilan yerga yiqildim. Zarb bilan tushgan ekanman, bir necha kun sim-sim ogʻriq bezovta qildi. Oradan vaqt oʻtgani sari tizzamdagi ogʻriqlar zoʻrayib, chap oyogʻimni oqsoqlanib bosadigan boʻldim. Turli shifoxonalarga qatnadim. Shifokorlar turli tahlillar olishdi, vaqtinchalik ogʻriq qoldiruvchi dorilar berishdi. Lekin oradan oylar oʻtsa hamki kasallikka aniq tashxis qoʻya olishmadi. Ikki yil davomida oqsoqlanib ham maktabga, ham shifoxonaga qatnadim. 4-sinfga oʻtgach, Toshkent shahar onkologik shifoxonasida jarrohlik yoʻli bilan tizzamdagi gematomani olib tashlashdi. Gematomadan olingan tahliliy natijalarga koʻra, shifokorlar meni kimyo muolajasini olib, soʻng Hindistonga borishim lozimligini aytishdi. Kimyo muolajasidan keyin tibbiyot xodimi Gulruh ammajonim bilan Hindistonga bordik. U yerda shifokorlar menga notoʻgʻri tashxis qoʻyilganini, lozim boʻlmagan kimyo muolajalari sabab suyakda yemirilish boshlanganini aytishdi.

Oʻzbekistonga qaytgach, shifokorlar tahlil natijalarimni rossiyalik mutaxassislarga ham yuborishdi. Ular ham menda onkologik xastalik yoʻqligini tasdiqlab berishdi. Muolajalarni toʻliq olish uchun 4-sinfning uchinchi choragidan uyda taʼlim ola boshladim. Mehribon oʻqituvchilarim muntazam uyimga kelib, menga alohida dars oʻtishdi...

Kamronjonning soʻzlarini eshitar ekanman, kichikkina yuragida katta sabr-u qanoatni joylaganiga amin boʻldim. Kuchli ogʻriq va jarrohlik amaliyotlariga qaramay, ingliz tilini mukammal oʻrganishga harakat qilishi, koʻp kitob oʻqishi, turli-tuman oʻyinchoqlarni yasashi, rosti, meni juda hayratlantirdi.

Birinchi marta jarrohlik xonasiga kirayotganimda koʻnglimdan negadir omon chiqmasam kerak, degan yomon xayollar oʻtgandi. Shukur, hammasi yaxshi oʻtdi. Operatsiyadan keyin oqsoqlanmay yura boshladim. Shifokorlar tavsiyasi bilan suzishga, fizioterapiya muolajalariga qatnadim.

Gematologiya markazida davolanayotgan bolalar uchun turli mashgʻulotlar oʻtkazilar ekan. U yerda koreys millatiga mansub boʻlgan mehribon ustozimiz Iroda opa (haqiqiy ismi Risa) bizga qogʻozlarni turli shakllarga solib ajdar, delfin, kuchukcha, kubik va qutichalar yasashni oʻrgatdilar. Bu origami sanʼati deyilar ekan. Qiziqarli mashgʻulotlardan kayfiyatimiz koʻtarilib, dardimizni unutardik.

Shifoxonadan uyga qaytgach, origami sanʼati bilan tinimsiz shugʻullandim. Bir kuni ijtimoiy tarmoqda modulli origami sanʼati usullarini koʻrgach, oʻzim ham turli shakl va hayvonlar yasay boshladim.

Kamronjon yasagan Eyfel minorasi, Oʻzbekiston teleminorasi, oqqush, tovus va velosipedlarni koʻrib, qiziqish bilan ularni yasash uchun qancha vaqt va qogʻoz ketganini soʻradim. U: “Yasalayotgan shaklning hajmi qancha katta boʻlsa, shuncha koʻp vaqt va modul talab etadi. Kichik shakllarga ikki-uch kun, kattalariga ikki haftacha vaqt kerak. Velosiped yasash uchun 1000 taga yaqin modul va bir hafta, teleminoraga 3000 ga yaqin modul va ikki hafta vaqtim ketgan. Atigi 15 dona qogʻozdan 1000 ga yaqin modul yasash mumkin. Bular uchun qattiqroq rangli qogʻoz va yelim kerak boʻladi”, – deya javob berdi.

Hali yosh boʻlishiga qaramay Kamronjonning bir nechta shogirdlari bor. U modulli origami sanʼatini bolalarga qunt bilan oʻrgatyapti. Matonatli qahramonimning suhbatimiz yakunida aytgan soʻzlari, qatʼiyat va irodasi barcha bolalarimiz uchun ibratlidir.

Dardga chalinganimda koʻnglimni butunlay tushkunlik egallab olgandi. Hozir esa kayfiyatimni koʻtaradigan, vaqtimni unumli oʻtkazadigan sevimli mashgʻulot topganman. Sinovli kunlarimda dardga boʻysinmay, orzularim sari ildam qadam tashlashim lozimligini tushundim. Agar inson oldiga qoʻygan maqsadlari sari chin dildan intilsa, ogʻir va murakkab ish ham oson tuyulishi mumkinligini bildim. Tengdoshlarimga har qanday vaziyatda ham izlanishdan toʻxtamay, orzulari sari intilishlarini tilab qolgan boʻlardim.

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.