Mas’uliyatsizlik oqibatlari
“Mas’uliyat” so‘zini bilasizmi? Keling, uning lug‘aviy ma’nosini ko‘rib chiqamiz. Mas’ul so‘zi – javobgar degani. Mas’uliyat esa biror ish, xatti-harakatning oqibati, natijasi uchun bo‘lgan javobgarlikdir. Masalan, sinfdoshingiz Jasur ertaga o‘tkaziladigan hasharga barcha bolalarni jamlab ishtirok etish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldi. Yoki o‘qituvchingiz “Bu juda mas’uliyatli topshiriq, uni kimga ishonsak bo‘ladi?” dedi. Demak, mas’uliyatli vazifani his qiladigan, uddasidan chiqadigan, uyaltirib qo‘ymaydigan o‘quvchiga topshiriladi.
Endi uning aksi bo‘lgan mas’uliyatsizlik nima ekanligiga to‘xtalamiz.
Mas’uliyatsiz, dangasa, qo‘rqoq, loqayd odamlar hech qachon biror-bir javobgarlik talab qiladigan vazifa, topshiriq yoki yumushni o‘z zimmasiga olmaydi. Chunki ular javobgarlikni sezmaydilar. Ular shunchaki beparvo va loqayd. Mas’uliyat talab qilinadigan lahzalarda bir chetga chiqib, indamaygina hech narsani tushunmagandek “o‘zi nima keragi bor shularni” deb qarab turadi. Yoki sen menga tegma, men senga qabilida ish tutadilar.
Qadrli o‘quvchilar, mana siz yuqorida o‘qiganingiz ikki so‘zning ma’nosini yaxshi tushunib oldingiz. Keling, birgalikda ularning mag‘zini yanada chuqurroq anglashga harakat qilamiz. Yaqinda men internet xabarlaridan bir necha aviahalokatlarning oqibatlari haqida o‘qidim. Unda yozilishicha “Boing – 737” samolyoti havoda qattiq titrashni boshlaydi. Uning bortida 127 yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Qo‘nishga 1 kilometr masofa qolgan. Samolyot dvigatellari ishdan chiqqan holatda magistral yo‘ldan o‘tib qulaydi. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga yetib kelishadi. Omon qolganlar, jarohatlanganlarni qutqarishadi, halok bo‘lganlarni olib chiqishadi. Chunki har bir daqiqa g‘animat, samolyot yong‘in holatida, kuchli portlash ehtimoli xavf solar edi. Halokat sabablari o‘rganilganda ma’lum bo‘ladiki, ikkita dvigatel bir xil natija bilan ishlamay qolgan. Dvigatel orasidagi o‘nlab parraklardan biri singan va boshqalarining harakatiga xalaqit bergan. Chunki ishdan chiqqan parrak samolyotga chala mahkamlangan, ya’ni uning murvati oxirigacha buralmagan ekan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, murvatni burayotgan ishchi o‘z vazifasini mas’uliyat bilan bajarmay, biror narsaga chalg‘ib qolgan. Vaholanki, bunday ishlar mutaxassisdan o‘ta hushyor va mas’uliyatli bo‘lishni talab qiladi. Ana shu chala buralgan bittagina murvat sabab katta samolyot halokatga uchradi, 47 yo‘lovchi hayotdan ko‘z yumdi, qolganlar shifoxonalarga yotqizildi, yana necha yo‘lovchi nogiron bo‘lib qoldi. Bir qancha ekspertlar uning natijasini aniqlashga vaqt sarfladi. Zero, bu rusumli samolyotlar eng xaridorgir, xavfsiz laynerlar hisoblangan.
Aslida men sizlarga ushbu mavzu oqibatlarini kichikroq bir tafsilotli misollar bilan tushuntirib bersam ham bo‘lardi. Lekin aviahalokat hodisasi orqali siz kichik mas’uliyatsizlikning katta talofatlari qanday sodir bo‘lishini, uning mudhish natijasini yanada teranroq anglashingizni istadim. Bugun sizga qiyin tuyulayotgan darslar, uy vazifalari, oilada ota-onangiz yuklagan yumushlar biroz og‘ir tuyulib, ularni oxiriga yetkazmay, chala bajargan bo‘lishingiz mumkin. Ertaga-chi?.. Aytaylik, ota-onangiz ishda, kichik singlingiz bog‘chada. Singilni kech soat oltigacha bog‘chadan olish kerak. Siz o‘rtoqlaringiz bilan bo‘lib yoki televizor qarshisida o‘tirib, bog‘chani unutib qo‘ydingiz. Tasavvur qiling-a, ishdan qaytgan ota-onangiz kichkina qizchani bog‘chada yolg‘iz, mung‘ayib o‘tirganini o‘ylab qanday ahvolga tushadi? Bu voqeadan so‘ng ular sizga biror mas’uliyatli vazifani topshira olishadimi?
Mas’uliyat va mas’uliyatsizlik haqida bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Lekin eng muhimi, bularni siz qanday tushunib yetishingizda.
Ushbu mavzu yuzasidan fikr va mulohazalaringizni kutib qolamiz.
- HASANOVA