Yangilik yaratgan qiz
Nafosat Zaripboyeva Toshkent shahar, Uchtepa tumanidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi. U joriy yilda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Ixtirochi ayollar” bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekiston ixtirochi ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
– Ayting-chi, bu loyihada qanday dastur bilan qatnashdingiz? – so‘raymiz undan.
– “Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga xorijiy tillar – rus, ingliz va arab tillarini o‘rgatish jarayonida milliy mentalitetni singdirish dasturi” bilan.
Ingliz tilini o‘rganish davrida turli o‘quv kurslariga borganda, ularning ish jarayonini kuzatdim. Deyarli barcha o‘quv kurslari yevropacha darsliklar, o‘quv usullarida olib borilayotgani menga uncha yoqmadi. Shunda bolajonlarimizga xorijiy tillarni ba’zi o‘quv kurslarida o‘rgatilayotganidan ko‘ra ancha oson va milliyligimiz aks etgan dastur va darsliklar asosida o‘rgatish mumkin-ku, degan xulosaga keldim. Buni ustozim Barno opaga aytdim. Ularning yordami bilan bolalarga til o‘rgatishning qiziqarli va oson yo‘llarini o‘ylab, dastur tuzdik. Bunda biz bolalar psixologiyasidan kelib chiqdik. Ma’lumki, bog‘cha bolalari o‘qishni bilishmaydi. Ular ko‘rgani va eshitganini eslab qolib takrorlaydi. Shu tariqa hamma narsani yodda saqlay oladi. Shularni hisobga olib, innovatsion loyihamizda ham asosan bolalar uchun qiziqarli bo‘lgan usullarga urg‘u berdik. Endi bolalar multfilmlar, qo‘shiq va raqs, o‘yinlar asosida til o‘rgana boshlaydilar. Hatto telefon, smartfon va kompyuter o‘yinlaridan ham xorijiy tillarni o‘rganish uchungina foydalanadilar. Shunda ular xorijiy tillarni tez o‘rganib, xotiralarida oson saqlab qoladilar... Hammasi ular ongiga milliy tarbiyani singdirgan holda amalga oshiriladi.
– Masalan, “Mening oilam” mavzusi o‘tilganda, oilada kimlar borligi sanalib, “Oilamizning eng yoshi ulug‘i bobom bilan buvim, biz ularni hurmat qilamiz. Chaqirsalar “labbay”, deymiz”, deb o‘zbekona hurmatni, odobni dasturga kiritamiz va shu asnoda bolalar ongiga singdirib boramiz. Loyiha o‘quv dasturi shaklida bo‘lib, 5-6 yoshli bolajonlarga mo‘ljallangan.
Bu dastur asosida o‘qitish sentyabr oyidan maxsus bog‘chalarda yo‘lga qo‘yildi. Albatta, dasturni tayyorlayotganda tajriba uchun qarindoshlar, qo‘shnilarning bolalari va singillarim bilan bir oycha shug‘ullandim. Dastur yaxshi natija berdi. Ular tilni yana ham osonroq o‘zlashtira boshlashdi. Shu bilan birga ota-onalariga, bobo-buvilariga hurmatlari ham ortdi.
– Kelgusidagi orzularim juda ko‘p. Goh ruhshunos, goh sportchi bo‘lgim keladi. Chunki yaqinda “Ushu” sporti yo‘nalishi bo‘yicha shahar chempioni bo‘ldim!.. Lekin o‘qituvchilik kasbi menga juda yoqadi. Chunki bobom ham o‘qituvchi bo‘lganlar. Buvim – Bonu Komilova 40 yil maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ilk alifbo sabog‘ini berganlar, onam ham o‘qituvchilar...
Shuning uchun men ham pedagog bo‘lsam deyman... Qaysi kasbni tanlasam-da, yurtimizga foyda keltiradigan, xalqimizga chin yurakdan xizmat qiladigan farzand bo‘lishni orzu qilaman.
Madinabonu Hamroyeva