Mehringni taftiga havasda quyosh
Dunyoda ellar ko‘p, elatlar bisyor. Dunyoda tillar ko‘p, millatlar bisyor. Dunyoni zabt etgan jahongir tillar, qobig‘idan chiqmay tosh qotgan tillar, o‘z ona tilini topolmay nochor begona tillarda so‘zlashgan ham bor.
Bir-biridan biyron, purma’no tillar jahon sahnasida xo‘p javlon urar.
Men uchun bir til bor, mag‘rur, ulug‘vor, uning har jarangi qonimda oqar, har bitta shevasi qalbimga yoqar. U o‘ziga bek til – o‘zbek tilidir. Ona suti bilan kirgan jonimga, bir umr aylangan pok iymonimga. Sen onam tilisan, onajon tilim! Sen bilan ulg‘aydi menda tafakkur, onajonim tili, senga tashakkur! G‘animlar qo‘lida toptalgan tilim, tarixing o‘ylasam, yonadi dilim.
Qaddini, qadrini tiklagan tilim, sening ta’rifingga qalbda so‘z lim-lim. Til so‘zga aylansa, ma’no kashf etar, dillarga goh qayg‘u, shodlik baxsh etar. Sening ikki so‘zli maqolingda ham olam-olam mazmun, ma’no mujassam. Bobolardan qolgan qadim hikmatsan, mangulikka doxil, abadiyatsan!
Qahringga qahraton berolmas bardosh, mehringni taftiga havasda quyosh.
Qoshg‘ariy qalami qadagan nihol, o‘sib chinor bo‘ldi – azamat chinor. Turkiy deb nomlandi teran tomiri. “Hibat-ul haqoyiq”, “Qutadg‘u bilig” bu tomirdan oldi hayotbaxsh ozuq. O‘zbek tafakkurin charaqlatgan nur – Yassaviy hikmati bamisoli dur. Beruniy, Farg‘oniy, az-Zamaxshariy zukko farzandlari bani basharning. Asl o‘zbek bolasi, zukko donosi, o‘zbekchada alla aytgan onasi. Zukkolik shu tilda qalbiga singgan, shu tilda gapirgan, shu tilda kulgan. Shu tilda chiqargan imlo-yu savod, ulardan faxrlanar bugungi avlod. Mavlono Lutfiyning turkona lutfi arab-u forsiyning qalbin zabt etdi. U bilan yuksaldi o‘zbekning tili, u bilan nurafshon millatning yo‘li. Shu tilda ko‘ngliga o‘rnashgan g‘urur, Amir Temur tuzdi turkiyda tuzuk. Turkiy til yuksaldi, sanaldi buyuk. Dunyo harb ilmining nodir nizomi, unda jaranglagan o‘zbekning nomi.
Gullab yashnaganding va lekin, biroq senga tosh otishdi shoiri maddoh. Seni qashshoq dedi, seni kamsitdi, daryodil dilingni atay o‘ksitdi. Senda g‘azal yozib bo‘lmas dedilar, avom tili, deya, rosa kuldilar. Navoiy dahosi qildi yana shoh, qaddingni tikladi, alhamdulillah. Turkona “Xamsa”si misoli Masih, qayta tiriltirdi, jon etdi tortiq. Turkiy nazm bilan tebratib qalam, ayladi u mamlakatni yakqalam. “Boburnoma” turkiy tilning haykali – qomusiy ilmning so‘nmas mash’ali. Mashrabiy ohangda yangrasa g‘azal, bundayin chiroyli, bunday mukammal boshqa biron tilda uchramaydi yo‘q, dillarga soladi bir ilohiy ishq.
Sen Furqat fig‘oni, Farog‘iy dodi, Nodira faryodi, Uvaysiy yodi, Zavqiyga kuch bergan Mo‘yimaraksan. Qaddi bukilmagan tanish teraksan. Gulxaniy yaratgan “Zarbulmasal”im. Sen mening novvotim, qand-u asalim. Tomirimda oqqan toza qonimsan, onam baxsh aylagan nomus, orimsan. Turkiy tillar ichra sorsan, burgutsan, Fitratning ko‘ksida qolgan oh, dudsan. “Turkiston qayg‘usi” bo‘lib ingrading, Sog‘uniy alamin teran angladim. Til millat ko‘zgusi, millatga g‘urur, deya bong urgandi jadid Avloniy – bu so‘zlar dillarga jo bo‘ldi mangu. Avaz O‘tar, Hamza, Cho‘lpon, Qodiriy o‘z tiliga bor mehrini bildirib, fikr aytdilar uni yoqlab kuyinib, qolmadilar tazyiqlarga bo‘ysunib. Afsus, millat erki bilan birga tili bir fursat, olis-olislarga qilgandi uzlat. Badarg‘a qilindi ovul, qishloqqa. Ziyoli kurashmas tili boylandi, avom tili deya haqoratlandi. “Ulug‘ og‘alar”ga qilganda qulluq, ong-u erkimizni mahv etdi qullik. Madrasa-maktabdan qolmadi nishon, ona tilimizga solindi kishan. Minbarda so‘zladik ajnabiy tilda, xo‘rsiniq va alam tuyib ko‘ngilda. Ming shukr, uyg‘ondi ziyoli qatlam, tilim qaddi yuksak bo‘lsin, deb shahdam tinmay chiqish qildi, nutq qildi irod. Hassos shoirimiz Raufjon Parfi ko‘zga surtganicha har bitta harfin, til istiqbolin o‘ylab chekdi ko‘p fig‘on, yelkadosh edilar shoiri zamon Mirzo Kenjabek ham Shavkat Rahmon. Markazqo‘m kotibi desa hamki dod, yo‘lidan qaytmadi mard Tog‘ay Murod. Nihoyat, adolat qildi tantana, o‘zbek tili davlat tili maqomiga erishdi, o‘zbegimning bahr-u dili yorishdi. Tilim yana Samandarday kerdi qad, tilsiz bo‘lolarmi biror qavm millat!?
Tilisan sen G‘afur G‘ulom, Oybekning, tilisan sen o‘ziga hur o‘zbekning. Qahhor qalamining bor mahorati, mutarjim G‘afurov inja san’ati sening boyligingni qiloldi ko‘z-ko‘z, olmosday serqirra, jilodor har so‘z.Tilimiz sheva-yu lahjalarga boy, ehtimol shundandir so‘zdagi chiroy. Sening istiqboling uchun mudom madadkor, ming shukr fidoyi farzandlaring bor. Pirimqul Qodirga aytib tashakkur, shevani ardoqlar Eshqobil Shukur. Tilshunos do‘stlariga bo‘lib bosh-u qosh, Til istiqbolin o‘ylar Qozoqboy Yo‘ldosh.
Mustaqillik tikladi bukilgan qadding, Dunyo bo‘ylab oshdi, nufuzing, qadring. Jahon minbarida jasur Yurtboshim dunyoviy muammoga ko‘rsatib yechim, o‘z ona tilida so‘zladi dangal, kiboriy olamni aylagancha lol. O‘zbek kimligini tanidi dunyo, dunyo ilg‘orlari aytdi tasanno.
Bugun yer yuzining ko‘plab yurtida o‘ziga bek tilga qo‘yishib ixlos Yangi O‘zbekiston tili ardoqda! Abdullani bulbul qilib sayratgan, Erkin Vohid baytlarini yayratgan, xalqimga kuch-quvvat, dilimga mador, tuganmas xazina, tilsimli g‘orsan, Ona tilim – o‘zbek, tilim sen borsan. Sen borsan-ki, zavol ko‘rmaydi millat, O‘zbekiston otliq mustaqil davlat.
Muhabbat HAMIDOVA