Tildan taralgan tafakkurlar
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunidan.
Til – shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo‘lib chiqsa, tilning ofatidir.
Alisher Navoiy
* * *
“Institutni bitirgandan keyin joylarga borib, o‘quvchilarga ingliz, nemis, fransuz, ispan tillarini o‘rgatasizlar. Mening sizlarga aytadigan eng zarur gapim shuki, sizlar boradigan joylaringga chet tillari bilan birga (balki birinchi navbatda) o‘z ona tilimiz – o‘zbek tiliga cheksiz muhabbat tuyg‘usini olib boringlar! O‘zbek tili boy, nihoyatda chiroyli, har qanday fikr va tuyg‘uni ifoda qilishga qodir ekanini amalda ko‘rsatinglar; qayerda va qanday sharoitda ishlamanglar, til madaniyati mash’ali bo‘linglar!”
Abdulla QAHHOR
* * *
Men uchun dunyodagi tillar osmondagi yulduzlar. Albatta men barcha tillar birlashib osmonni yarmini egallaydigan bitta katta yulduzga aylanishini istmayman. Buning uchun quyosh bor. Mayli, barcha yulduzlar o‘z holicha charaqlasin. Mayli, har bir xalqning o‘z yulduzi bo‘lsin. Men o‘z yulduzimni – avar tilimni sevaman.
Rasul Gamzatov
* * *
Hech qachon tilning go‘zalligi jumlalarga tizilgan so‘zlarning miqdori bilan o‘lchangan emas. Aksincha, juda ixcham shaklda teran ma’no jamlagan hollarda jumla muallifining mahoratiga tan beramiz.
Ozod Sharafiddinov
* * *
...Jumboqlar yuzlab, minglab so‘zlarimiz zamirida yotibdi. Ular bizni qiynashi, uyqu bermasligi kerak. M.Qoshg‘ariy bobomizning kitobi yostig‘imiz ostida bo‘lmog‘i kerak.
Erkin Vohidov
Bir yurtda yashab turib, o‘sha xalq tilini bilmaslik: birinchidan – o‘sha xalqqa nisbatan hurmatsizlik. Ikkinchidan – o‘sha xalqdan o‘zini ustun qo‘yish. Uchinchidan – g‘irt nodonlik!
O‘tkir Hoshimov