O‘lkam husni gul – daraxt
Bugun mamlakatimizda tabiatni asrash, daraxtlarni ko‘paytirish, atrof-muhitni chiqindilardan tozalash kabi masalalar dolzarb muammolardan biri bo‘lib turibdi. Bu haqida yurtimiz rahbari deyarli har bir nutqlarida to‘xtalib o‘tadilar. Jonajon O‘zbekistonimiz, uning xalqi, o‘sib kelayotgan avlod haqida qayg‘uradilar.
Ekologiya va atrof-muhit barqarorligini ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish hamda daraxtlar muhofazasiga e’tibor qaratish maqsadida Prezidentimiz tashabbuslari bilan o‘tgan yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilindi. Shunga asosan yurtimizning barcha hududlarida turli-tuman manzarali daraxt va butalar, gul ko‘chatlari ekildi. Mamlakat bo‘ylab 20-oktyabrdan 1-dekabrga qadar ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilingan.
Bu xayrli tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda atmosferadagi chang-to‘zonlarni kamaytirish, uning tozalanishiga erishish shu orqali xalqimiz salomatligini asrash yildan yilga, kundan kunga chiroy ochayotgan Yangi O‘zbekistonning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishdir.
Bunday xayrli ishlarga siz o‘quvchilar qanday hissa qo‘shmoqdasiz? Shu haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Keling, eng oddiysidan boshlaymiz. Qo‘lingizdagi shirinlik qog‘ozini duch kelgan yerga uloqtirmay, chiqindi qutisiga tashlaysizmi? Eng avvalo, sinf xonasini, maktab yo‘lagi va hovlisini tozaligini ta’minlash uchun nimalar qilasiz? Uyda-chi, hovli va ko‘chani, ko‘p qavatli uylar zina va yo‘lagini, uy atrofini tozalashga, ko‘kalamzorlashtirishga hissa qo‘shasizmi? Manzarali, soya-salqin beruvchi daraxtlarning parvarishiga-chi? Suv havzalarini toza saqlash haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Sanayversam savollarim juda ko‘p. Lekin tushunadigan bolaga bitta savol ham yetadi. Tushunishni istamaydigan bolalarni esa, uyg‘otadigan, hushyorlikka chaqiradigan payt keldi. Bugun tabiat muhofazasi, ona zamin uchun birlashmasak, bir yoqadan bosh chiqarmasak, ertaga kech bo‘ladi. Tabiati nobop yerlarda viruslar kuchayadi, kasalliklar avj oladi. Taraqqiyot, rivojlanish to‘xtaydi. Buni “Covid – 19” avj olgan karantin kunlarida ko‘rdik. Biz hamisha “tabiat”, “zamin” so‘zlariga “ota-ona” so‘zini qo‘shib aytishimiz bejiz emas. O, ota makonim, Onajon o‘lkam”, deb yozgan shoir Muhammad Yusuf. Chunki biz ota-onalarimiz bag‘rida qanchalik yayrab-yashnab ulg‘aysak, ona yerimiz, ota makonimizda ham shunchalik erkin o‘sib ulg‘ayamiz. Shu bois ham ona zaminimizni, uning tabiatini asrashimiz, e’zozlashimiz shart. Tabiat ne’matlaridan o‘z o‘rnida, oqilona foydalanish, ularni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash har birimizning insoniy burchimizdir.