Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Otamizdek mehribon edi

“Gulxan” jurnalida mashinistka bo‘lib ish boshlaganimga ikki-uch oy bo‘lgandi. Mas’ul kotibimiz Narimon aka Orifjonov bosh maqolani diktovka qilayotgandi. To‘satdan xonaga bolaligimdan buyon she’rlarini sevib yodlaydigan shoirim Po‘lat Mo‘min bilan (men u kishini avvallari faqat televizorda ko‘rgandim) shoir Yusuf Shomansur kirib kelishdi. Men beixtiyor o‘rnimdan turdim.

–  Keling, keling Po‘lat aka, – mehmonlar istiqboliga peshvoz chiqdi Narimon aka.

–  Narimon, yaxshi  o‘zing shu yerda ekansan, Rauf ko‘rinmaydi, – dedilar Po‘lat aka adabiyot bo‘limi boshlig‘i Rauf Tolibning o‘rniga o‘tirayotib.

Yusuf aka ham ularning yonidagi kursiga borib o‘tirdi.

–  Hozir keladi, nashri­yotdagilar chaqirgandi.

–  Mayli, kelib qolar, – dedi Po‘lat aka. Keyin ko‘zlari birdaniga menga tushdi, – i-ye hali ham turibsanmi qizim, o‘tir, ishingni qilaver. Hoynahoy, Xayrinisoning o‘rniga (Jurnalning avvalgi mashinistkasi Xayriniso opa yaqinda olamdan o‘tgandi) ishga kelgan bo‘lsang kerak?! Maktabni yaqinda bitirdingmi, o‘t-bo‘tda o‘qiysanmi? – ovozlarida mehr tovlanib so‘radi ustoz.

–  O‘qiydi, ToshDU jurnalistika fakul­tetida. Kechki bo‘limda. Qalami binoyiday. Bir amallab yozuvchi qilib olamiz, – mening o‘rnimga javob qildi Narimon aka.

–  Ha, durust, yozganlari senga ma’qul bo‘lsa, demak yomon emas. Bilmaganlarini o‘zing o‘rgat. Kecha jurnalda Zafar, Komilovning she’rlarini o‘qidim, yaxshi shogird tayyorlabsan. Sezgandirsan, shogird yutug‘ini ko‘rish zavqini.

–  Bilaman, – jilmaydi Narimon aka. – Dilorom Vafoyevaning  she’rlari yoshlar gazetasida chiqdi. Ko‘pchilik “Gulxan”ga qo‘ng‘iroq qilib bizni tabrikladi. To‘garagimizni maqtashdi.

–  Ana shunaqa, qizim. Omading bor ekan, “Gulxan” maktabiga tushibsan. Bitta gapimni qulog‘ingga quyib ol: ko‘proq badiiy kitob o‘qi. Zafar Diyor, Qudrat Hikmat, Hamid Olimjon she’rlarining yozilishini o‘rgansang, bolalar olamini tushunishing oson bo‘ladi. Ruslardan Agniya Barto, Samuel Marshak she’rlari ham sodda, ravon, darrov esingda qoladi. Bolalarga shunaqa she’rlar yoqadi. Narimon ham yaxshi shoir. Etagidan mahkam tut, kam bo‘lmaysan. Ha, aytmoqchi, Narimon, – Narimon akaga yuzlandi ustoz, – hozir televideniyadan kelyapman. Jaloliddin Najmiddinov “Hakkalar” she’ringga kuy bastalabdi. Eshitib turib o‘yinga tushib ketay dedim. Zo‘r qo‘shiq bo‘pti. – Shu orada eshik ochilib musahhihimiz Vasila opa choynak, ikkita piyola ko‘tarib kelib, salom berdi. – Uzr, suhbatingiz tugashini kutsam, choy sovub qolardi. Siz qaynoq choyni yaxshi ko‘rasiz-ku, Po‘lat aka, – deb choy quyib uzatdi.

– Rahmat, baraka top, – deb piyolani oldi ustoz. Keyin gapida davom etdi, – aytmoqchi, asosiy gap esimdan chi­qay debdi. Redkollegiya majlisi shu hafta oxiridamidi? Jurnallarni o‘qib qo‘ydim. Yaxshi, fikrlarim bor. Anavi andijonlik Odil Abdurahmon yaxshi shoir ekan. Toshkentga kelsa, menga uchrashsin. Yusuf, sen Raufni kutasanmi, – sherigiga qaradi Po‘lat aka.

–  Yo‘q, she’rlarni Narimon akaga qoldirdim. – Ustozga ergashdi Yusuf aka. Narimon aka ularni kuzatib tashqariga chiqdi. Men esa bunday ajoyib uchrashuvdan hamon o‘zimga kelolmas, yuragim gupillab urardi.

Shu kuni Rauf aka kelishi bilan yaqindagina yozgan “Voy, qornim” degan she’rimni qo‘llariga tutqazdim, yuqoridagi suhbatni oqizmay-tomizmay aytib berdim.  Rauf aka she’rimni uyoq-buyog‘ini tuzatib, jurnalning aprel soniga qo‘yib yubordi. Oradan ancha o‘tib, tahririyatga kelgan Po‘lat aka men bilan quyuq  so‘rashdilar.

–    Rauf, Muhabbat qizimning “Gulxan”da chiqqan hajviy she’rini o‘qidim. Hali o‘zi ham bola-da, bolalar psixologiyasini yaxshi ochibdi. Shu she’rni yoshlar nashriyotida chop etilayotgan “Yulduzcha” to‘plamiga kiritsang bo‘larkan, – dedilar mehr bilan. Shunday katta shoir talaba qizning ijodiga e’tibor berganlaridan, hayajonimni bosolmadim. O‘qishda hamma kursdoshlarga maqtandim. Ana shu e’tibor g‘ayrat berdi, shekilli, bir kunda ikki-uchtalab  she’r yoza boshladim.

–  Qayoqqa shoshayapsiz, she’rning soni­mas, sifati muhim. Ustozning gapi esingizdan chiqmasin. Ko‘proq she’riy kitoblarni o‘qing. O‘qishni mana bu kitobdan boshlang, – Rauf aka qo‘limga Samuil Marshakning “Stepa amaki” kitobining ruscha-o‘zbekcha nusxalarini tutqazdilar.

Po‘lat aka keyin ham ijodimni kuzatdilar. Keragida maqtab, keragida koyib yurdilar. U kishiga ko‘proq hikoyalarim ma’qul tushdi, shekilli, – sen nasrda ijod qilaver, – dedilar jiddiy ohangda. Ustoz nafaqat meni, jamoadagi barcha ijodkor, hatto “Yosh qalamkash” to‘garagidagi  havaskorlar ijodiga ham e’tibor berardilar, kerakli maslahatlarini ayamasdilar. Agar vaqtlari bo‘lsa, to‘garakda mashg‘ulotlar ham

o‘tib berardilar. Ha, Po‘lat aka chin ma’noda “Gulxan”chi edilar. 40 yil tahrir hay’ati a’zosi sifatida jurnalga ustozlik qildilar. To‘lqin Qozoqboyev, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdulla Oripov, Oydin Hojiyeva, Safar Barnoyevlar bosh muharrirlik chog‘larida Po‘lat aka tahririyatga tez-tez kelar, viloyatlardan chiqqan ijodkorlarning hayoti, ijodi bilan qiziqardilar. Po‘lat aka bilan Hakim Nazir Safar akaning sevimli ustozlari edi. Po‘lat akaning Safar akaga erkaliklari ham sezilardi. Bu erkalik esa o‘zlariga yarashardi. Safar aka olamdan o‘tganda “Bolalar adabiyotida juda katta yo‘qotish bo‘ldi. Safar nafaqat yaxshi bola, yaxshi shogird, balki juda yaxshi ijodkor ham edi”, deb qattiq qayg‘urdilar... Ancha payt tahririyatga kelmay qo‘ydilar. 2003-yil boshlari edi, Po‘lat aka xonamizga horg‘in kirib keldilar.

–  Yo zinalar juda baland bo‘lib ketibdi yoki men qaribman, – dedilar pe­shonalaridagi terni dastro‘mollari bi­lan artib Mirvosil aka surgan stulga o‘tirarkan. – Avvallari shu zinalardan yugurib-yugurib chiqardim. Mayli, ot aylanib qozig‘ini topibdi. “Gulxan”ning ilk soni ham shu qadrdon “Navoiy – 30” da dunyoga kelgandi. Endi ishinglar yurishib ketadigan bo‘libdi. Tiraj ham oshadi, mana ko‘rasizlar. Ammo, endi men yoki she’rlarim kerak bo‘lsa, uyga qo‘ng‘iroq qilib olaveringlar. Muhabbatxon, Mirvosil sizlar ham shu dargohda katta bo‘ldinglar, yurtga tanildinglar. “Gulxan” – juda yaxshi ijodiy maktab. Bu – G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Saida Zunnunova, Xayriddin Salohdek buyuk ijodkorlar qadami tekkan, nazari tushgan ulug‘ dargoh. Jurnalda olima Muzayyana Alaviya, To‘xtasin Jalolov, Hakim Nazir, Shuhrat, Nosir Fozilovlar bilan qizg‘in suhbatlar qilganmiz. Iloji bo‘lsa, shular haqida yozinglar. Yozganlaringizni bajonidil ko‘rib beraman. Sizlar uchun uyimning eshigi hamisha ochiq. Endi menga ruxsat, – dedilar Po‘lat aka.

Yuragim g‘alati bo‘lib ketdi. Nazarimda, ustoz bilan qayta ko‘rishmaydigandek edik. Xuddi mehribon otam bilan xayrlashgandek xayrlashdim. Mirvosil aka ustozni pastgacha kuzatib tushib, mashinaga o‘tkazib yubordilar. Oradan ko‘p o‘tmay ustoz yuzlab she’rlari, ko‘plab ajoyib qo‘shiq va pyesalarini bizga meros qilib qoldirgancha, bu yorug‘ olamni tark etdilar.

Biz qalbimizdan qaynoq, beminnat mehri bilan joy olgan ustozni hamon sog‘inamiz, ana shu paytlarda ular haqidagi shirin xotiralar dilimizga taskin beradi. Inson umri davomida qoldirgan xotiralarda abadiy yashaydi, de­ganlari shu bo‘lsa kerak.

 

 

Muhabbat HAMIDOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.