Mehrning mevalari
– Umida Abdujabborovna, 6-sinfdagi Doston Karimovning rasm chizishga yaxshigina layoqati bor ekan. U bilan alohida shug‘ullansammikan, – dedi navbatdagi darsdan so‘ng tasviriy san’at o‘qituvchisi Rahimjon Rasulovich direktorga maslahat ohangida.
– Juda soz, biroq bu tashabbusni yanayam kengaytirsak-chi, – jilmaydi Umida opa, – maktabimizda Dostonbekka o‘xshash iste’dodli bolalar ko‘p, ularning barchasini biriktirib, tasviriy san’at to‘garagi ochsangiz-chi. Kam ta’minlangan oila bolalariga qog‘oz, bo‘yoqlardan o‘zimiz yordam beramiz. Bu bilan bolalarimizni har xil yot g‘oyalar ta’siridan saqlaymiz, ularning bo‘sh vaqtini foydali o‘tkazishga erishamiz. Eng muhimi, biz bolalarning iste’dodini yuzaga chiqarishga yordam beramiz.
Bu fikr Rahimjon akaga ham ma’qul bo‘ldi.
Ertasiga e’lonlar taxtasidagi xabarni o‘qigan, rasm chizishga qiziqqan bolalar ustoz huzuriga oshiqishdi. Qisqa fursatda to‘garak a’zolari soni o‘ttiztadan oshib ketdi. Aslida to‘garak mashg‘ulotlari haftada bir marta o‘tkazilishi kerak. Lekin deyarli har kuni to‘garakxona bolalar bilan gavjum. Shogirdlaridagi ishtiyoqni ko‘rgan Rahimjon aka “charchoq” degan so‘zni lug‘atidan o‘chirib tashladi. Bolalar bilan soatlab ishlashga erinmadi. Ularning layoqatiga qarab topshiriq beradi. Dostonbek tabiat manzaralarini chizishni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, rang tanlashga mohir, rangdan-rang yasab ustozini hayratga soladi. Ruhi ham tetik. Endi avvalgi lanjligidan asar ham yo‘q. Rahimjon aka Dostonning uyiga tez-tez borib, qo‘lbola palov pishirib beradi, buviga nabirasining yutuqlarini gapirib, quvontiradi.
– Shogirdlarimning barchasi qobiliyatli. Madiyor Abdumo‘minov, Diyorbek Maimbekov chizgan rasmlarga qarab, ular kelajakda O‘rol Tansiqboyevdek mohir musavvir bo‘lishadi, deb shodlanaman. Nigina Abdusattorovadagi nozik didni ko‘rib hayratga tushaman. U juda murakkab san’at – miniatyura janrini teran tushunadi. Kamoliddin Behzod mahoratini o‘rganishga astoydil kirishgan. Temur Shomurodov ham shu san’at shaydosi. Quvonarlisi, ular miniatyura janrida rasm chizish jarayonida ko‘plab tarixiy asarlar bilan tanishib chiqishdi. Natyurmotchi bolalar Maftuna Ergasheva, Umarali Mo‘minov chizgan mevalarni, gullarni haqiqiysidan ajrata olmaysiz. To‘garagimizning iste’dodli bolalari “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalida muvaffaqiyatli qatnashib, 2017-yil may oyida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab Samarqandda o‘tkaziladigan tanlovda qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdi.
– Bilasizmi, bu yutuqlar ustozlarning o‘quvchilariga bergan mehr mevalari. Biz ko‘rsatgan mehr tufayli, bolalarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi oshdi. Rag‘batimiz ularning iste’dodini yuzaga chiqardi, – quvonib deydi ustoz Rahimjon Mamayunusov.
Dunyoni mehr asraydi, deganlari bejiz emas. Ustozlaridan nafaqat ta’lim, balki ko‘ngillaridagi armon – ota-ona mehrini ham ko‘rayotgan Toshkent shahri Bektemir tumanidagi 292-maktab o‘quvchilari har sohada ular ishonchini oqlashga intilishyapti. 2003-yilda to‘liq ta’mirdan chiqqan maktabga kirib borsangiz, bu yerda salkam 800 ta o‘quvchi o‘qishiga ishonmaysiz. Hammayoq saranjom-sarishta. Maktab “Yilning eng yaxshi maktabi” tanlovining “Orasta va obod muassasa” nominatsiyasi g‘olibi.
O‘quvchilar sport borasida ham salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda. Mukarramxon Egamberdiyeva rahbarlik qilayotgan 5-”B”, Nafisaxon Sayidmurodova rahbar bo‘lgan 7-”A” sinf o‘quvchilari maktabning eng sportsevar bolalari, deb tan olingan. Chunki bu sinf o‘quvchilari yoppasiga sport to‘garaklariga a’zo bo‘lgan. Maktab Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti otalig‘ida. Boshlang‘ich ta’lim, tarix va huquq fakultetlari o‘qituvchilari maktabda tez-tez “ustoz-shogird” mashg‘ulotlari, seminarlar o‘tkazadi. Ta’limdagi, fandagi o‘zgarish va yangiliklardan xabardor qilishadi.
– Yangi yildagi rejalarimiz ulkan. Sifat va samaradorlikda, “Bilimlar bellashuvi”da ham nafaqat tumanda balki shaharda yuqori darajaga erishmoqchimiz, – deydi Umida Nishonbekova.
Direktorning orzulari amalga oshishiga ishonamiz. Chunki, maktabning Lobar Soatova, Dilafro‘z Jumadullayeva, Rahimjon Mamayunusov, Janbibi Abdasova kabi bolajon, fidoyi ustozlari mehnat qilayotgan jamoasi nihoyatda ahil. Ahillik bor joyda esa, albatta muvaffaqiyat bo‘ladi.
Muhabbat HAMIDOVA