O‘zimizning po‘latqanotlar
Samolyotda parvoz qilish, oppoq bulutlar ustida o‘zingni xuddiki lochinlardek his qilib, atrofni kaftdagi olmadek tomosha qilish haqida qay bir bolakay orzu qilmagan deysiz. Osmon kengliklariga boqib ne xayollarga cho‘mmagan. Ko‘kda parvoz qilayotgan samolyotni ko‘rganda “samolyot, samolyot, meni olib ket...” deya qayta-qayta baqirmagan bolakay ham orangizda bo‘lmasa kerak. Bu nimadan dalolat? Albatta, inson ko‘ngli va orzulari, intilishlari osmon bilan, o‘sha cheksiz olam bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Aziz bolalar! Yo‘lda ketayotib undagi turli chiziqlar va yo‘l belgilariga ko‘p bora ko‘zingiz tushgan. Ma’nosini hali to‘liq bilmasangiz-da, ularning vazifasi yo‘lda ketayotgan avtomobillarning harakat yo‘nalishini tartibga solib turish ekanligini yaxshi bilasiz. Shunga o‘xshash osmonda uchayotgan samolyotlar ham ma’lum qoidalar va belgilar asosida harakat qilishi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Qanday qilib, axir bu belgilar osmonda muallaq tura olmaydi-ku, deya qiziqyapsizmi? Zamonaviy axborot-texnologiyalari asrida buning imkoni bor. To‘g‘rirog‘i, samolyotlar parvozi uchun har bir davlatning o‘z havo yo‘llari mavjud va bu tizim muayyan bir tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Mustaqil O‘zbekistonimizning ham o‘z havo yo‘llari istiqlolning ilk yillaridanoq bizning katta milliy g‘ururimiz sifatida tashkil etilgan.
1992-yil 28-yanvar. Mazkur sana mamlakatimiz tarixiga “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tashkil etilgan kun sifatida muhrlangan. O‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan “O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi. Bu huquqiy hujjat bizning dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli parvozlarni amalga oshirish, yurtdoshlarimizning chet davlatlarga sayohat qilishi imkoniyatini va dunyo hamjamiyatiga mustaqil O‘zbekiston eshiklarini ochib berdi. Shunday qilib osmonimizda o‘z havo yo‘llarimiz qurildi, samolyotlarimiz dunyoning ko‘plab mamlakatlariga uzoq masofali parvozlarni amalga oshira boshladi.
Bu yil o‘zining 25 yillik bayramini keng nishonlayotgan Milliy aviakompaniya o‘tgan yillar davomida qator muvaffaqiyatlarga erishdi. Ayni paytda Milliy aviakompaniya parkida qator zamonaviy samolyotlar, jumladan, o‘nta A320 va to‘rtta “Boeing-767-300ER” havo layneri mavjud. Bugungi kunda mamlakatimiz milliy bayrog‘i ranglari bilan bezatilgan laynerlar dunyoning o‘nlab davlatlariga parvoz qilmoqda. O‘tgan yili esa yana ikkita “Boeing-787-8 Dreamliner” samolyoti olib kelindi. Quvonarlisi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi shu kunlarda AQShning “Boeing Co” kompaniyasiga yana to‘rtta “Boeing-787 Dreamliner” samolyotiga buyurtma berdi.
Sohaga oid xalqaro xabarlar orasida milliy aviakompaniyaning bizni g‘ururga to‘ldiradigan yutuqlari ham talaygina. Shulardan biri O‘zbekistonning uchta aeroporti Fuqaro aviatsiyasi “Aeroport” assotsiatsiyasining “MDH mamlakatlarida yilning eng yaxshi aeroporti” nufuzli tanlovining turli nominatsiyalarida yetakchilik qilib kelayotganligidir. Aniqrog‘i, bu tanlovlarda Buxoro viloyati aeroporti yetti, Samarqand viloyati aeroporti o‘n bir marta mana shu e’tirofga loyiq ko‘rilgan. Shuningdek, Urganch aeroporti yiliga 200 mingdan yarim milliongacha bo‘lgan yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan aeroportlar orasida “Ishlab chiqarishga qo‘shgan katta hissasi uchun” nominatsiyasida uch bora g‘olib bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi kunda sohaga qaratilayotgan katta e’tibor tufayli o‘zimizning po‘latqanotlar milliy iftixorimiz namunasi sifatida bugun o‘z yo‘liga, o‘z maqsadlariga ega. Biz esa har gal ko‘ksiga “UZBEKISTAN” yozuvi muhrlangan laynerlarni ko‘rganimizda shodlanishdan, ularga mag‘rur boqishdan xursandmiz.
Farhod ESHMO‘MINOV