Vaqtning baxtga aylangani
Aziz muxlislar, yana bir yilni ortda qoldirib, yangi orzu, yangi reja va yangi nom bilan 2017-yilni qarshi oldik. Ijod ahli “Har bir yangi yil – insonga berilgan yana bir imkoniyat”, deb ta’kidlaydi. Durustroq o‘ylab ko‘rilsa, bu juda topib aytilgan gap. Aytaylik, siz o‘tgan yili sport musobaqasida qatnashib, 3-o‘rinni oldingiz. 2017-yilda sizga yana bir imkoniyat berilyapti, 1–o‘rinni egallashga harakat qiling. Yoki Xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etib, ko‘zlagan marrangizni egallay olmadingiz. Hayot faqat yutuqlardan iborat emas, demak, qayerdadir xatoga yo‘l qo‘ydingiz. Yangi yilda uni tuzatishingiz mumkin, astoydil urinib ko‘ring, siz bunga erishasiz!
Kirib kelgan yilimizga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nom berildi. Biz esa siz jurnalxonlar bilan hamisha muloqotdamiz: tadbir va uchrashuvlarda, xatlar, telefon va jurnal sahifalari orqali. Hamisha sizning ma’naviy manfaatingizni o‘ylaymiz, kelajagingiz haqida qayg‘uramiz. Demak, biz yangi yilda ana shu muloqotimizni yanada kengaytirishimiz va faollashishimiz kerak. Qanday qilib deysizmi? Bu savolning javobini sizlarga qoldiraman, bir o‘ylab ko‘ring-chi?..
Yangi yil arafasida hamda uning ilk kunlarida tahririyatimizdagi telefon qo‘ng‘iroqlari tinmadi. Taniqli yozuvchi va shoirlarimiz Xudoyberdi To‘xtaboyev, Yayra Sa’dullayeva, Tursunboy Adashboyev, Dilshod Rajab singari ijodkorlar tahririyat xodimlarini va “Gulxan” orqali siz aziz o‘quvchilarni bayram bilan tabriklab qo‘yishimizni tayinlashdi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidan jonkuyar muxbirimiz Ochil Toshqulov, Namangandan bolalar shoiri Erkin Qambar, Qashqadaryodan taniqli ijodkor Jabbor Xalil, Angren shahridan faol jamoatchimiz Muhabbat Abduqodirova, Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanidan Mamasoli Sarimsoqov, Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan ijodkor o‘qituvchi Isoq Ismoilov, Buxoro viloyati Vobkent tumanidan o‘qituvchi Dilnoza Narzullayevalar qo‘ng‘iroq qilib Yangi yilda ham biz bilan hamkorlikni davom ettirishlarini ta’kidlashdi. Fursatdan foydalanib, ularni va ular kabi “Gulxan” atrofiga jamlangan barcha ijodkorlarimizni Yangi yil bilan tabriklaymiz va targ‘ibot ishlarida, jurnal sahifalarini dolzarb va qiziqarli mavzular bilan boyitishdagi faol ishtiroklari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Xalqimizda “Vaqting ketdi – naqding ketdi”, “Vaqting ketdi – baxting ketdi” degan chuqur ma’noli maqollarimiz bor. Aziz muxlislar, endigina tashrif buyurgan 2017-yilda qanday rejalaringiz bo‘lsa, kechiktirmay amalga oshirishga bel bog‘lang. Chunki yilning har bir kuni bu – vaqt, imkoniyat. Siz uni shunday unumli va mazmunli o‘tkazingki, yil oxiriga borib yildan ko‘nglingiz to‘lib tursin. Har bir kunni yutuq va natijalaringiz bilan boyiting. “Sinf jurnali” va “Kundalik daftari”ngiz besh baholari bilan yulduzdek chaqnab tursin. Odob va tarbiyangizdan atrofingizdagi tengdoshlaringiz o‘rnak olsin. Ana shunda nafaqat o‘zingiz, balki ota-ona, ustozlar va sizga yaqin kishilar – barchasining ko‘ngli siz uchun to‘lib turadi, ko‘zlari siz uchun quvonchdan porlaydi. Vaqtning baxtga aylangani shu emasmi!..
Zahro Hasanova