Milliy megabayram quvonchli lahzalarga boy bo‘ldi
O‘zbek xalqi azaldan mehmondo‘st el. Borini dasturxon qilib, shirin kalomi bilan yetti yot begonani ham bahri dilini ochib yuboradigan tanti xalqmiz biz. To‘y-u tantanalarimiz qancha ko‘p odam bo‘lsa, shuncha fayzli kechadi. O‘rtadagi noz-ne’matlardan qancha ko‘p totinsa, mehrimiz, zavqimiz shuncha oshaveradi. Bir so‘z bilan aytganda, dunyoda biror yurt yo‘qki, o‘z rizqini ming bo‘lak qilib eliga sochsa. Haqiqiy mehmondo‘st, ko‘ngli keng xalqqa timsol bo‘lgulik o‘zbekmiz biz.
8-sentabr kuni poytaxtimiz Toshkent shahri haqiqiy ma’noda butun dunyoga katta dasturxon yozdi. Ulkan bunyodkorlik ishlaridan kundan-kun chiroy ochib, zamonaviy megapolis shaharga aylanib borayotgan ko‘hna Shosh o‘sha kuni butun dunyo diqqat markazida bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “O‘zbegim” milliy qadriyatlar festivali nomini olgan hamda o‘zbek milliy urf-odatlari, an’analari, amaliy va tasviriy san’ati, milliy taomlari namoyish etilgan madaniy tadbir chin ma’noda milliy megabayram tusini oldi.
Mazkur festival dunyoni hayratga solgan rekord palovi bilangina ovoza bo‘lgani yo‘q. Sababi ochiq osmon ostidagi Sharq art-bozori va mahorat darslari ham barcha qatnashuvchilarda katta taassurot qoldirdi. Yurtimizdagi eng yaxshi hunarmandchilik namunalari xorijlik mehmonlar qatori o‘zimizni-da hayratga soldi. Davraning har burchagi tashkil etilgan dorbozlar shousi va xalq o‘yinlari – polvonlar, olov o‘ynatuvchilar chiqishlari, qo‘chqor va xo‘roz urishtirish, milliy o‘yin-tomoshalar bayramni haqiqiy xalq sayliga aylantirdi.
Festivalning yorqin voqealaridan yana biri o‘zbek milliy taomi palovning eng ulkan – sakkiz tonnalik hajmda tayyorlanishi bo‘ldi. Va bu megapalov o‘zining kattaligi jihatidan Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Xorijlik minglab mehmonlar, shuningdek, festivalda ishtirok etgan xalqimiz vakillari ellikdan ortiq oshpazlarimiz tomonidan tayyorlangan palovdan tatib ko‘rishdi. Shu bilan birga taomdan yurtimizdagi ko‘plab “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylariga, kam ta’minlangan oila vakillariga tarqatishdi. Poytaxtimizda joylashgan “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida festival doirasida bo‘lib o‘tgan, “O‘zbegim” kitobining taqdimot marosimi ham quvonchli lahzalarga boy bo‘ldi. Mazkur kitob ko‘p asrlik shonli tarixiga ega, olijanob va himmatli o‘zbek xalqiga bag‘ishlanadi.
Bayramda ishtirok etgan xalqimiz yuz-ko‘zidagi xursandchilik, bir-birlariga bildirayotgan ezgu tilaklari, mehmonlar nigohidagi hayrat tomirlarini yagona tuyg‘u – yaxshilik birlashtirib turgandek. Yurtimizda yaxshi amallarni har kuni ko‘ramiz, yaxshilikni har kimda uchratamiz. Mazkur festival mazmuni ham ana shu g‘oyadan suv ichganligi bizni xursand qildi. Yaxshi kunlarimiz, yaxshiliklarimiz ko‘p bo‘laversin.
Farhod ESHMO‘MINOV