Mumtoz sheʼriyat shaydosi
Nemis yozuvchisi Tomas Mann “Vaqt aqlli, yetuk va mukammal boʻlib yetishishimiz uchun bizga inʼom etilgan qimmatbaho sovgʻadir,” degan edi. Haqiqatdan, vaqt soʻzining zamirida cheksiz imkoniyatlar, orom nimaligini bilmaydigan harakatlar mujassam. Ammo, bu imkoniyatlardan har biringiz turlicha foydalanasiz.
Bugungi lavhamiz qahramoni – Dilbarxon Ahmadova vaqtdan qanday foydalanadi? Kelajagi uchun poydevor boʻlgan qimmatbaho onlarini behuda oʻtkazayotgani yoʻqmi?
Qarshi tumanidagi 43-maktabning 8-sinf oʻquvchisi Dilbarxon badiiy kitoblar oʻqishga qiziqadi. “Shirin qovunlar mamlakatida”, “Jannati odamlar”, “Dunyoning ishlari” asarlarini mutolaa qilganida turfa taqdirlar, xilma-xil obrazlar bilan tanishdi. Asar qahramonlarining mashaqqatli hayot yoʻllaridagi sabr-matonat, iroda kabi tushunchalarning magʻzini chaqdi, kechinmalarini yurakdan his qildi. Goh Sehrli qalpoqcha va Hoshimjon sarguzashtlari goʻyo koʻz oʻngida roʻy berayotgandek oʻzini voqealar ichida tasavvur qildi. Shu tariqa badiiy adabiyot mutolaasida ishtiyoqi tengdoshlariga qaraganda ancha kuchaydi.
Qahramonimiz boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan kezlaridayoq bir necha bor “Mitti olimpiada”ning tuman bosqichlarida qatnashib, faxrli oʻrinlarga sazovor boʻlgan. Turli tadbirlarda, fan kechalarida isteʼdodi, zukkoligini namoyon qilgan. “Bilimlar bellashuvi – 2019” ning tuman bosqichida ona tili va adabiyot fanidan ishtirok etib, 70 ta maktab oʻquvchilari oʻrtasida mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
– Dilbar toʻqqiz yoshidan Navoiy gʻazallarini yod ola boshlagan. Mumtoz sheʼriyatga qiziqishi uni shu yil fevral oyida maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Yosh navoiyxon” tanlovining Qashqadaryo viloyati bosqichiga yetakladi. Shartga koʻra ishtirokchi 100 ta gʻazalni yoddan bilishi kerak edi. U Hazrat Navoiyning 101 ta gʻazalini yod oldi, turkiy tilning jozibasini his qilish, mazmunini anglash uchun mutafakkir shoirning asarlari tahliliga bagʻishlangan adabiyotlarni oʻqib chiqdi. Misralarni dona-dona, chiroyli ohangda aytib, hakamlarning eʼtirofiga sazovor boʻldi va gʻoliblikni qoʻlga kiritdi, – deydi ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Shozoda Jabborova.
Dilbar sheʼrlar mashq qilib turadi. Uning misralarini oʻqiganingizda oʻziga xos dunyosi, tasavvur olami borligiga amin boʻlasiz. “Roʻmol” nomli toʻrtligiga eʼtibor qarating:
Oʻzim nafis, bejirim,
Sizga husn qoʻshgayman.
Har kun goʻzal qizlarning
Boshlarini quchgayman.
Dilbarning yutuqlari koʻp. Shu yil “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tuman maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan Bayonlar tanlovida 1-oʻringa loyiq topildi. Iyun oyida “Kamalak yulduzlari” Bolalar ijodiyoti festivalining viloyat bosqichida ham gʻoliblikni qoʻlga kiritib, respublikaga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
– Yozgi taʼtilda rus va ingliz tilidan qoʻshimcha mashgʻulotlarga bordim. Nusratullo Jumaxoʻjaning “Navoiy gʻazaliyoti talqinlari” kitobini oʻqib, yana gʻazallardan yod oldim, sheʼrlar mashq qildim, – deydi u.
Dilbar kelajakda adabiyotshunos olima boʻlmoqchi. U oʻz oldiga qoʻygan maqsadiga erishishiga ishonchimiz komil. Chunki orzu-niyatlarga tinimsiz mehnat, oʻqish, izlanish bilan erishiladi. Mehnatning mevasi esa juda shirin boʻladi.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA