Mustaqil kashfiyot
Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 300-maktabning 8-sinf oʻquvchisi Boburjon Ortiqov oʻrtoqlariga mustaqil oʻrganib ham kashfiyot qilish mumkinligini isbotladi.
Qanday qilib deysizmi? Bobur fizika, informatika darslariga juda qiziqadi. Atrofdagi fizik hodisalarni kuzatadi. Bilmaganlarini ustozi Shoista Dushaboyevadan soʻraydi. Televizorda tengdoshlari yaratayotgan aqlli mashinalar unga moʻjizaday koʻrinadi. Oyisiga uy yumushlarida koʻmaklashuvchi robot xizmatchi yasashni anchadan buyon orzu qilardi. Maktab “Kichik akademiya”si rahbari Malika opa Abdullayeva shogirdidagi bu ishtiyoqni sezgach, u bilan alohida masdhgʻulotlar oʻtkazdi. Shogirdini oʻylantirgan muammolarga qoʻshimcha adabiyotlardan birgalikda yechim topdi. Unga “Юный техник” jurnalining eski va yangi sonlaridan keltirib berdi. Va yana orzusi ushalishi uchun rus tilidan tashqari ingliz tilini ham chuqur oʻrganish kerak, deb taʼkidladi. Bir kuni uylariga Nodir akasining Turin politexnika universitetida oʻqiydigan oʻrtogʻi Bunyod kelib qoldi. Boburning xonasidagi turli sxemalar, maketlar, buzib qaytadan qurilayotgan oʻyinchoqlarni koʻrib, hammaslak topganini sezdi. Bunyod unga internetdan qanday foydalanishni oʻrgatdi. Maket qurish va yasash boʻyicha videoroliklar koʻrib borishni uqtirdi. Shu tariqa Bobur internetdan murakkab sxemalarni oʻqiy olish, dasturlash, hatto maketlarni harakatga solishni ham oʻrgandi. Oʻrganganlari asosida pultda boshqariladigan avtomobil, sumorobot, bir-biri bilan urisha oladigan oʻrgimchak robotlar yasadi. Bunyod akasi esa chet ellik tengdoshlari yaratgan robotlarni qurish sirlarini ham erinmay oʻrgatdi. Boburjon oʻzi yaratgan oʻrgimchak robotlari bilan Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilgan “INTERNATIONAL ROBOTICS CHALLENGE” musobaqasining “Labirint” yoʻnalishida gʻolib boʻldi. Bobur gʻalabadan ilhomlanib, izlanishni davom ettirdi. 2018-yil Qozogʻistonda oʻtkazilgan “KAZROBOTICS – 2018” tanlovida 1-oʻrinni egallab, qozogʻistonlik va rossiyalik tengdoshlaridan ustunligini isbotladi. Gʻalabalar gʻalabalarga ulandi. B. Ortiqov 2019-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston terma jamoasi safida Janubiy Koreyaning Dongxe shahrida boʻlib oʻtgan “INTERNATIONAL GRAND CHALLENGE – 2019” nomli xalqaro robototexnika chempionatida qatnashish sharafiga muyassar boʻldi. Garchi u musobaqada chempion boʻlolmagan boʻlsa-da, “Eng yaxshi robot ustasi” nominatsiyasi gʻolibi sifatida medal va diplom bilan taqdirlandi.
Boʻlajak olim Boburjon ustozi Abdurasul Tursunovning bilimdon shogirdlari safida “Dizayn va robototexnika” guruhidagi ukalariga oʻz mahoratlarini oʻrgatmoqda. Ajabmas, hademay ular orasidan ham xalqaro tanlov gʻoliblari yetishib chiqsa.
Dilorom Haydarova,
Sergeli tumanidagi 300-maktab oʻqituvchisi