Chustdan chiqqan champion
Olimpiada va jahon chempionati sovrindori, xalqaro toifadagi sport ustasi, boks boʻyicha 5 karra Oʻzbekiston chempioni, Oʻzbekiston terma jamoasi va “Uzbek Tigers” guruhining sobiq aʼzosi, hozirda professional ringda faoliyat yuritayotgan Murodjon Ahmadaliyev Namangan viloyati Chust tumanida tugʻilgan.
Murodjon bolalikdan bokschi boʻlishni orzu qilgan. Uning orzulariga mamlakatimizda oʻsib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama kamol topishi, maʼnaviy yetuk, jismonan sogʻlom boʻlib ulgʻayishi yoʻlidagi sharoitlar qanot boʻldi.
– Murodjon maktabimizga kelganida endigina 6 yoshga toʻlgan edi. Koʻzida gʻayrat-shijoat, sportga boʻlgan ishtiyoqni koʻrdik. Tez orada u guruhning peshqadam oʻquvchisiga aylandi. Bunday intiluvchan yoshlar bilan ishlash bizga ham katta masʼuliyat yuklaydi, – deydi uning birinchi ustozi Ilhomjon Mirzaxolov.
Chempionimiz namanganlik yoshlar orasida birinchi boʻlib, 22 yoshida Olimpiada oʻyinlariga yoʻllanma olgan va mazkur nufuzli musobaqa shohsupasining gʻoliblari pogʻonasiga koʻtarilgan bokschilardan. Murodjonning bu yutugʻiga 2010–2015-yillar mobaynida Fargʻona, Toshkent, Qozogʻiston, Armaniston, Rossiya, Bolgariya, Belarus, Turkiya, Kuba, Tailand, Braziliya, Germaniya, Janubiy Koreya, Qatar davlatlarida oʻtkazilgan turnirlar, Osiyo chempionati, Jahon chempionati va kubogi singari respublika va xalqaro musobaqalardagi yuqori natijalari yuksalish pogʻonasi boʻlib xizmat qildi.
– Murodjon bolaligidan boksga qiziqadi. Doim “boks qoʻlqopi olib bering”, deb turib olar edi. Bir kuni ishdan kelishimda oʻgʻlimga yangi qoʻlqop sotib oldim. Rosa xursand boʻldi. “Kelajakda albatta, chempion boʻlaman”, deb menga soʻz berdi. Mana samarasi. Oʻzbekiston bayrogʻini munosib himoya qilayotgan sportchilarimiz orasida mening ham oʻgʻlim borligi bizning faxrimiz, – deydi otasi, faxriy oʻqituvchi Qahhorjon Ahmadaliyev.
Kuni kecha mamlakatimiz boʻylab ajoyib xushxabar yangradi – Olimpiada chempionimiz AQSHda oʻtkazilgan navbatdagi yirik musobaqada jahon rekordini yangilab, boksning 2 ta yoʻnalishi: IBF va WBA super toifalarida chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi. Chempionni kutib olish marosimi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida oʻtkazildi. Bayram tadbirida M. Ahmadaliyevga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni, Toshkent shahridan 3 xonali uy va “Chevrolet Traker” avtomobili kalitlari topshirildi.
– Hal qiluvchi jangim 31-yanvar kuni tongda Mayami shahrida – bokschilarning yirik musobaqalari oʻtkaziladigan katta sport majmuasida boʻlib oʻtdi. Bu yerda mashhur ring qirollari – Mayk Tayson, Xollifer, aka-uka Klichko va boshqa nomdor kamar sohiblari jang qilishgan. Raqibim AQSHlik Daniyel Romani bilan 55 kilogramm vazn toifasida ringga chiqdim, – deydi Murodjon.
– Internet saytlarida Murodjonning musobaqaga Chust doʻppisini kiyib tushishi bilan bogʻliq xabarlar tarqalgan edi? – dedim qiziqib.
– Ha, rost. Nomdor bokschilarning barchasi ringga oʻz milliy libosida chiqib, millionlab muxlislarga koʻz-koʻz qiladilar. Nega biz kiyib chiqmasligimiz kerak? Axir bu iftixor-ku! Qolaversa, bu onajonimning taklifi. U kishi bir oy mobaynida men uchun doʻppi tikdilar. Xalqimiz va ota-onamning duolari ijobat boʻldi. Vatanimizga ulkan gʻalaba bilan qaytdim.
Islom Asilbekov