Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Muz bola

Tahririyatimizga kunora o‘z ijod namunalari bilan o‘quvchilar kelib turishadi. Uzoq viloyat, tuman, shaharlardan farzandi yoki nabirasini yetaklab kelgan ota-ona yoki keksalarimizni ko‘rib quvonib ketamiz. Chunki ertangi kun uchun tashlanayotgan bu kabi har qadam kelajagimizning mustahkam poydevori bo‘lmoqda.

Yoshlarning ijodi bilan tanishar ekanmiz, ayrimlariga yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini tushuntirib, ma’qul kelganlarini navbatdagi sonlarga rejalashtiramiz. Kuzatishlarimizdan shuni aytishimiz mumkinki, o‘quvchilarning aksariyati kam mutolaa qiladigan, dangasa, lekin tezroq mashhur bo‘lishga intiluvchi bolalar. Yaqinda tahririyatimizga kelgan Naima opa ham o‘g‘li Elyorni ko‘p kitob o‘qishini, kelajakda bilimli, tanlagan kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishini istayotganini kuyinib gapirdi. Onaning gaplaridan angladimki, Elyor vaqtini televizor ko‘rish, kompyuter va telefonda turli o‘yinlar o‘ynash bilan o‘tkazar ekan. Yozganlarini o‘qib, uning she’r yozishga iqtidori borligini, ammo kitob o‘qimaganligi sababli so‘z boyligi kam ekanligiga amin bo‘ldim. Elyor bilan uzoq suhbatlashdik va men unga bir necha kun avval ijtimoiy tarmoq orqali o‘qigan va hayratimga sabab bo‘lgan bir voqeani aytib berdim.

Xitoyning chekka qishloqlaridan birida yashaydigan bir bolakay har kuni maktabga borib kelish uchun jami 10 km masofani yayov bosib o‘tar ekan. Bu qishloq juda ovloq joyda bo‘lgani bois, yaqin atrofida maktab, bog‘cha va do‘konlar yo‘q ekan. Mazkur suratlar Yunnan viloyati Sinse hududidagi Chjuanshanbao maktabi direktori Fu Xen tomonidan olingan. “Bu bola – 9 daraja sovuq havoda 5 km yo‘lni yayov yurib kelgunicha shu ahvolga tushgan. Maktab eshigidan kirishi bilan hayratdan qotib qoldik. Uning tanasi muzlab, sochlari tarnovda qotib qolgan sumalaklarga o‘xshardi. Meni qoyil qoldirgan tomoni shundaki, havo harorati keskin pasayib ketgan kunlari ayrim bolalar maktabga kela olmaydi, lekin bu o‘quvchi ulardan farqli o‘laroq, biror marta dars qoldirmagan. Ob-havo qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, vaqtida yetib keladi va darslarga tayyor turadi...” deya so‘zlab beribdi maktab direktori.

Ushbu maktabda birorta isitish tizimi bo‘lmagan. “Muzlagan bola” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu o‘quvchining suratlari ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgach, mas’uliyatli kishilar tomonidan maktab uchun 20 ta isitish pechlari va bolalar uchun issiq kiyimlar yuborilibdi. Jurnalistlar bilan suhbat davomida deyarli vaqtini buvisi va opasi bilan o‘tkazadigan qahramonimiz o‘z oldiga yetuk inson bo‘lishni maqsad qilib qo‘ygani, buning uchun esa faqat va faqat yaxshi o‘qish, bilim olish zarurligini ta’kidlab o‘tgan. Aynan o‘sha muzlab qolgan kuni imtihon topshirishi lozimligi va o‘sha kuchli ishtiyoq sabab ham ob-havoning o‘ta sovuqligi unga sezilmagan. Yaxshiyamki, bu holat uning sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmabdi.

Bolakayning oilaviy sharoiti nochor ahvolda bo‘lsa-da, doim ko‘tarinki kayfiyatda yurar, hazil-huzullar bilan sinfdoshlarini kuldirar ekan. Ayniqsa, qish kunlarida sovuqdan ikki yuzi qip-qizil bo‘lib qolganini ko‘rgan tengdoshlari haqiqiy masxarabozni qarshi olgandek, kulgi va qiyqiriqlar ostida kutib olishar ekan...

Elyorga xitoylik tengdoshining hayoti ta’sir qildi shekilli, biroz oldin arzimagan sabablarni bahona qilib noliganidan uyalib, jim bo‘lib qoldi...

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.