Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ketmon chopti

Uzoqdan eski qo‘rg‘onning mustahkam devorlarini eslatuvchi Ketmonchopti tog‘ining cho‘qqilari Surxon vohasidagi eng baland cho‘qqilardan sanaladi. Qo‘rg‘on bo‘lganda ham salobatli va buyuk qo‘rg‘on. Janubiy-g‘arbda Darbanddaryo, shimoliy-sharqda Xo‘ja Gurgurota tog‘i orasida 23 kilometrga cho‘zilgan bu devorsimon, har joyida soqchilar minorasidek turtib chiqqan alohida cho‘qqilar, mohir usta qo‘li bilan taroshlangandek silliq tik qoyalar qurshovidagi bu tog‘ chindan ham mahobatli. Sharqda Olchasoy, shimolda Qayroqsoy, janubda Xongaronsoy kabi ko‘plab jilg‘a, buloqlar suvi undan boshlanadi. Ketmonchopti poyida katta yer osti daryosi oqmoqda, degan fikrda jon bor. Sababi, Darband darasidagi Xo‘jaimayxona bulog‘idan bir daryo suv chiqmoqda. Avlod qishlog‘ida ham toqqa tutashib ketgan qoya tagidan Boysun shahrini toza ichimlik suvi bilan ta’minlab turgan Boshbuloq suvi oqmoqda. Bu buloqlar suvi Ketmonchopti bag‘ridagi daryodan chiqmay qayerdan chiqsin?!

“Alpomish” dostonida shunday satrlarni o‘qiymiz: “Shul o‘n ming uyli Boysun-Qo‘ng‘irot elining hammasi boy edi. Bir yog‘i Qalmoqqa yetdi, keti hali ham Ko‘kqamish ko‘lidan chiqib, ado bo‘lgan emas. Ana shunda oldidagi boylar Oynako‘lga yetib, ko‘lni yoqalab qo‘nib yotar”. Dostonda tasvirlangan Ko‘kqamish ko‘li Kofrun bilan Bandixon o‘rtasidagi darada bo‘lib, Ketmonchopti tog‘idan boshlanadigan Xongaronsoy suvidan to‘lib turgan.

Dostonda Oynako‘l ko‘p tilga olinadi. Ana shu oyna nomi bilan ataluvchi ko‘l Ketmonchopti tog‘ining sharqiy-shimolidagi Sanjar tog‘ida hozir ham bor. Ilmiy nazariyalarga ko‘ra, tog‘lar yer sharidagi geotektonik harakatlar natijasida vujudga keladi. Yer yuzida tog‘lar paydo bo‘lib turadi, yemiriladi, yo‘q bo‘ladi, qaytadan yangi tog‘lar vujudga keladi. Ammo bu jarayon bir necha million yillar mobaynida sodir bo‘ladi. O‘rta Osiyodagi tog‘lar, jumladan, Ketmonchopti hali yosh, o‘sayotgan tog‘ hisoblanadi. Uning balandligi 3168 metr.

Ketmonchopti tog‘iga boradigan eng yaqin yo‘l To‘da qishlog‘idan o‘tadi. Qishloq shundoqqina tog‘ etagida joylashgan. Archazorlar qishloqqacha yetib kelgan. Qishloq tog‘dagi buloqlardan hosil bo‘lgan soydan suv ichadi. Ketmonchoptiga qilgan safarlarimning birida keksa cho‘pon bilan suhbatlashdim. Zarang tayog‘ining bir uchini yerga, ikkinchi uchini qo‘ltig‘iga tirab suyanib turgan cho‘pon bobo Ketmonchopti haqida ko‘p gaplarni aytdi:

– Butun umrim shu tog‘ etagida o‘tdi. Ertalab turganimda birinchi bo‘lib ko‘zim tushadigani ham shu tog‘. Aslida bu tog‘ oddiy tog‘ emas, eskida ham, hozirda ham boylik, xalq uchun rizq-ro‘z. Kunchiqardan oftob ko‘tarilganda uning nurlari tog‘ cho‘qqilariga tushadi...

– Doim tog‘da yurasiz, uning asl rangi qanaqa?

– Inim, tog‘ning asl rangi yo‘q. Bulutli kunda boshqacha, quyosh charaqlab tursa yana boshqa rangda bo‘ladi. Ertalab boqsangiz, bir rang, tushda o‘zgacha, kunbotarda tamoman boshqa tusda.

– Ro‘parangizdagi tog‘ning yoshi nechada?

– Buni hech kim bilmaydi, inim. Bolaligimda Ketmonchopti tog‘i qanday bo‘lgan bo‘lsa, men sochlarim oqarib, qaddim bukilib chol bo‘ldim hamki, u o‘sha-o‘sha – bitta toshi ham qilt etgani yo‘q.

Vatanga muhabbat uning tog‘lari, o‘rmonlari, dala-dashtlariga muhabbat hamdir. Har doim biror safardan qaytganimda, Sakirtma dovoni ustida turib ona shahrim – Boysunni kuzataman. Ayniqsa, uni tunda tomosha qilsangiz zavqingiz oshib, ko‘z uzolmay qolasiz. Yuksak tog‘ etaklarini chaqnatib porlayotgan son-sanoqsiz chiroqlar go‘yo osmondagi yulduzlarga qo‘shilib ketganday.

 

Ochil Toshqulov

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.