Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yuz bilan yuzlashgan nashr

“Xalq ta’limi” o‘z so‘zi, o‘z muxlisiga ega bo‘lgan bobo jurnal. “Gulxan”ning qadrdon akasi, maslahatgo‘y ustozi. Xalqimizda hovli olma, qo‘shni ol, degan dono maqol bor. Bu maqolning naqadar serhikmatligini “Gulxan” jurnali yaxshi biladi. Nega desangiz, biz mashhur Turon ko‘chasidagi 41-uyda naq 34 yil “Xalq ta’limi” jurnali bilan yonma-yon qo‘shni bo‘lganmiz. Ko‘pchilik bizni aka-uka nashrlar, deb atardi. Negaki, har ikkala jurnal bir maqsadda – ta’lim sohasidagi yangiliklar, o‘ziga xos tajribalar, ijodkor o‘quvchilar va o‘qituvchilarni elga tanitishga xizmat qiladi. Biz ba’zan ta’lim tizimidagi islohotlarni unchalik tushunolmay qolsak, darhol aka jurnaldagi bilimdon ustozlarga murojaat qilardik. Masala hal bo‘lardi qo‘yardi. “Xalq ta’limi” jurnaliga uzoq-yaqindan kelgan o‘qituvchilar bir yo‘la bizning tahririyatga ham kirib o‘tar, “Gulxan” haqidagi fikr-mulohazalarini aytib, ijodkor o‘quvchilari yozgan she’r, hikoyalarini, chizgan rasmlarini qoldirishardi.

O‘qituvchi-murabbiylarga yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq bo‘lgan “Xalq ta’limi” jurnali bugun ham minglab muxlislarga, jurnalxonlarga ega. Jurnalning har bir sonini orziqib kutadiganlar safida yurtimizning eng ilg‘or, zamon bilan hamnafas fikrlaydigan ustozlari, ona vatanimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni ezgu maqsad yo‘lida birlashtiradigan fidoyi muallimlari bor. Jurnalning asosiy maqsadi – ziyolilarni, o‘qituvchi-murabbiylarni yanada bilimli qilish, ularning ish tajribalarini ommalashtirish, kasb fidoyilarini xalqimizga tanishtirish. Va u bu vazifani benuqson uddalayapti.

“Xalq ta’limi” jurnali mamlakatimiz ta’lim tizimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarni pedagoglar va keng xalq ommasiga yetkazuvchi minbar hamdir. Uning sahifalarida ijtimoiy sohalarda ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilarning nazariy g‘oyalari, uslubiy yondashuvlari, ilmiy xulosalari muntazam berib boriladi. Mazkur tadqiqotlarni ustozlar hukmiga havola etish, tavsiya qilinayotgan samarali pedagogik texnologiyalarni ta’lim tizimiga joriy qilishda o‘ziga xos ko‘prik.

Ana shunday muhim vazifani sharaf bilan bajarib, muxlislar mehrini qozongani uchun u naq yuz yoshida ham bardam va ardoqli. Yildan yilga sahifalari mazmuni boyib, chiroyi ochilib o‘quvchisiga yoqib borayotgan otaxon nashrni bugun Gulxanjon chin qalbdan ukalarcha mehr bilan tabriklab, mahkam quchar ekan, uning qulog‘iga asta shivirlaydi:

– Akajon, men ham endi yosh bola emasman, bir hafta o‘tib naq to‘qsonga to‘laman. Lekin o‘shanda ham sizning maslahatingiz, yo‘l-yo‘rig‘ingizga quloq solaman. Yuz yoshga kirganimda esa...uyog‘ini keyin aytaman.

Hozircha, Sizga ezgu tilagim shu – ustozlarimizga ko‘makdosh do‘st bo‘lishdan aslo charchamang. Bag‘ringizda yana o‘nlab, yuzlab jurnalistlarning qalami charxlanib, obro‘yingiz va adadingizning oshishiga xizmat qiluvchi dolzarb mavzularni yozaversin.

 

Maxsus muxbirimiz

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.