Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xushxabar

“Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining 10–14 yoshlilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan respublika bosqichida Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 24-umumta’lim maktabining 8-”B” sinf o‘quvchisi Mahliyo O‘roqova zukkoligi, hozirjavobligi va topqirligi bilan hay’at a’zolarini hayratda qoldirdi. Hamda ko‘rik-tanlov g‘olibi sifatida Prezident sovg‘asiga musharraf bo‘ldi.

Har kuni 6-7 soat vaqtini badiiy asar mutolaasiga ajratgan Mahliyo shu kungacha jahon va o‘zbek adabiyotining 300 dan ortiq sara asarlarini o‘qishga ulguribdi. Mahliyo vaqtdan unumli foydalangani bois, darslarni puxta tayyorlab, fanlarni faqat a’lo baholarga o‘zlashtiradi. Sinfdoshlari va ustozlari hurmatini qozongan.

Maktabdagina emas, tumanda ham eng faol eng jamoatchi o‘quvchilardan sanalgan M. O‘roqova Tuman Yoshlar Ittifoqi kengashining “Iste’dodli yoshlar” yo‘nalishi sardori. Uyda esa onasining chaqqon dastyori.

– Men bu tanlovda “Spark” avtomashinasiga ega bo‘lish uchun emas bilimimni, dunyoqarashimni oshirish, fikrimni boyitish uchun ishtirok etdim. Chunki o‘zing kabi bilimga chanqoq bolalar davrasida bo‘lish, bahslashish – o‘z iqtidoringni to‘g‘ri baholashga o‘rgatadi. Tanlovda men bir narsani his qildim – Davlatimiz rahbarining maxsus sovg‘asiga sazovor bo‘lish nihoyatda yoqimli, shu bilan birga mas’uliyatli ham ekan. Chunki bu mukofot zimmamga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklaganini sezyapman. Demak, bundan buyon ham mana shu g‘ayratimni, izlanishimni susaytirmasligim kerak. Ana shularni o‘ylar ekanman, barcha tengdoshlarimga qarata shunday demoqchiman. Ota-onamiz, Ona Vatanimiz orzu qilganidek inson bo‘lish uchun har kuni kitob o‘qing. Chunki beminnat do‘st va mehribon ustoz bo‘lgan kitob ma’naviyatimizni oshirib, komillikka yetaklaydi.

Biz barcha jurnalxonlarimiz nomidan Mahliyo O‘roqovani komillik sari qo‘yilgan zalvorli qadam va katta g‘alaba bilan tabriklaymiz.

 

GULXANJON

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.