Maqsud Shayxzoda
O‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri, mashhur shoir, zabardast dramaturg, adabiyotshunos olim va tarjimon Maqsud Shayxzoda 1908-yil 25-oktyabrda Ozarbayjonning Oqtosh shahrida tavallud topdi. Boshlang‘ich va o‘rta ma’lumotni Oqtoshda olgach, Boku Oliy pedagogika institutida sirtdan o‘qidi va 1925-yildan boshlab Derkend shahrida muallimlik bilan shug‘ullandi.
Shayxzoda 1928-yilda Toshkentga kelib, turli gazeta va jurnallar tahririyatlarida ishladi. 1935–1938-yillarda esa Fanlar Qo‘mitasi qoshidagi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, 1938-yildan to umrining so‘ngiga qadar Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika institutida xizmat qildi.
Shoirning adabiy faoliyati 1929-yildan boshlandi. Uning “O‘n she’r” (1932), “Undoshlarim” (1933), “Uchinchi kitob” (1934), “Jumhuriyat” (1935) to‘plamlarining nashr etilishi adabiyotga o‘ziga xos ovozli shoir kirib kelayotganidan darak berdi.
Ikkinchi jahon urushining birinchi kunlaridanoq jang qahramonlarini ulug‘lovchi, front orqasidagi kishilarning fidokorona mehnatini ifodalovchi “Kurash nechun” (1941), “Jang va qo‘shiq” (1942), “Kapitan Gastello” (1941), “Ko‘ngil deydiki...” kabi she’riy to‘plamlar, “Jaloliddin Manguberdi” (1944) tarixiy dramasini yaratdi.
Urushdan keyingi tinch qurilish yillarida “O‘n besh yilning daftari”, “Olqishlarim”, “Zamon torlari”, “Shu’la”, “Chorak asr devoni” kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilindi.
1958-yili adibning o‘tmishdagi madaniyat va xalqaro aloqalarini tasvirlovchi “Toshkentnoma” lirik dostoni yaratildi. Iste’dodli dramaturg 1960-yilda yozgan “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasida buyuk munajjim va ma’rifatparvar davlat arbobi obrazini yaratdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Maqsud Shayxzoda Pushkinning “Mis chavandoz”, Lermontovning “Kavkaz asiri”, V. Mayakovskiyning “Juda soz” dostonlari va ko‘plab she’rlarini, Shekspirning “Hamlet”, “Romeo va Julyetta” tragediyalari va sonetlarini, Nozim Hikmatning she’rlarini, ozarbayjon shoirlari asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdi.
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Shayxzodaning o‘zbek adabiyoti tarixi, o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodini tadqiq etish borasida yaratgan ilmiy ishlari ham tahsinga sazovordir.
Iste’dodli ijodkor 1967-yil 19-fevralda vafot etdi.
Maqsud Shayxzoda 2001-yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.