Yangi yil tilaklari
Qadrli bolalar, bayramni, ayniqsa, Yangi yil bayramini hech kim sizlarchalik sog‘inib, hayajon bilan kutmaydi. Chunki Yangi yil – mo‘jizalar bayrami. Siz Yangi yil qahramonlari – Qorbobo va Qorqizdan o‘zingiz anchadan buyon kutib yurgan sovg‘alarni olasiz. To‘g‘risi, sovg‘a olish judayam yoqimli. Bu yilgi Yangi yil o‘zbekistonlik bolalar uchun chinakam mo‘jizalar yili bo‘ldi. Chunki ularga qiziq-qiziq ertaklar, hikoyalar taqdim qiladigan, o‘zlari yozgan she’r, hikoyalarni, chizgan rasmlarini sahifalarida chop etib ijodkor bolalarni butun mamlakatga tanitadigan “Gulxan” jurnali, aniqrog‘i, Gulxanjon 1-yanvar kuni tabarruk 90 yoshga kirdi. Men ham bundan 60 yil avval yangi yil oqshomida Gulxanjondan ajoyib sovg‘a – yozgan she’rim haqida yaxshi fikrlar bildirilgan maktub olganman. O‘shandan buyon men Gulxanjon bilan do‘stman. Balki Gulxannjoning shirin so‘zi, mehribonligi meni sehrlab bolalar ijodkori bo‘lishga undagandir. Men u bilan do‘st bo‘lib kam bo‘lganim yo‘q. Bolalarning sevimli ijodkori bo‘ldim. Haligacha beg‘ubor bolalik qasrida qolganim uchun ham undan minnatdorman. Umuman, Gulxanjonga do‘st bo‘lganlarning hech biri kam bo‘lgani yo‘q. Ular xalqimizga shoir Abdulla Oripov, shoir Muhammad Yusuf, shoir Iqbol Mirzo, yozuvchi O‘lmas Umarbekov, yozuvchi Hojiakbar Shayxov, rassom Bahodir Jalolov, rassom Ortiqali Qozoqov bo‘lib tanildi. Eh-he, bu ro‘yxatni yana ancha davom ettirish mumkin.
Kirib kelgan yangi 2019-yil hammangizga muborak bo‘lsin! Qalbingizda “Gulxan” jurnaliga bo‘lgan muhabbat lovullayversin. Nasib qilsa, jurnalimizning 100 yillik to‘yida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi, Gulxanjonning sadoqatli do‘sti sifatida qatnasharsiz. Axir yangi yil oqshomida qilingan tilaklar ijobat bo‘ladi, deyishadi-ku!
Anvar Obidjon,
O‘zbekiston xalq shoiri
Mana bo‘yimizga bo‘y, aqlimizga aql qo‘shgan, olam-olam shodliklar ulashgan eski yil biz bilan xayrlashib, o‘z o‘rnini Yangi yilga bo‘shatib berdi. O‘tgan yil yurtimiz va har birimiz uchun turli sohalarda yangilanishlar, tub burilishlar va zafarlar yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurtboshimiz rahbarligida mamlakatimiz yuksalish sari odimlar ekan, uning istiqbolidagi taqdirini belgilovchi yosh avlodga bo‘lgan e’tibor kuchaygani, iste’dod va iqtidorlarning har tomonlama ravnaq topishlariga keng yo‘llar ochilganini ko‘z o‘ngimizda bo‘layotgan jarayonlardan kuzatishimiz mumkin bo‘ldi.
Yangi yil shunday mo‘jizaviy bayramki, u xohlagan orzu va istaklarni amalga oshirishga qodir. Chunki biz yangi yilning eng birinchi kunidan boshlab oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz, ko‘zlagan orzu-istaklar yo‘lida shaxdam qadamlar bilan harakatlanishni boshlaymiz.
Men sevimli “Gulxan” jurnali va uning ko‘plab muxlislariga ushbu yangi yil quvonchli xabarlarga va zavqli onlarga to‘liq bo‘lishini tilab qolaman. Azizlar, har bir boshlagan ishingiz muvaffaqiyatli yakun topsin! Buning uchun esa albatta, bilim olish va mehnat qilishni bir daqiqa ham to‘xtatmay olg‘a intilishingiz zarur. Bilimlar zahirasiga ega bo‘lishda esa sizga maktabdagi ustozlaringiz, kitoblaringiz bilan birga “Gulxan” jurnalingiz ham yil davomida eng yaqin ko‘makdosh bo‘ladi. U o‘z sahifalarida sizlarga eng go‘zal va mazmunli she’r-u hikoyalar, qiziqarli ma’lumotlar, tengdoshlaringiz erishgan yutuqlar, buyuk insonlar hayotidan lavhalar taqdim qiladi, rus va ingliz tillaridan, odobnomadan saboq beradi. Boshqotirmalarni yechishga, aqlingizni charxlashga chorlaydi. Siz, azizlarni yangi 2019-yil bilan muborakbod etar ekanman, “Gulxan” jurnali bilan bu yilgi sayohatingizda omadlar tilab qolaman!
Kavsar Turdiyeva,
shoira, “Shuhrat” medali sohibasi