Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Nuktadon olim

1394-yilning erta bahor kunlarining birida choparlar (xat-xabar yetkazuvchi maxsus otliq mulozimlar) Sohibqironga sevinchli xabar olib keladilar. Navro‘zning ikkinchi kuni, ya’ni 1394-yilning 22-martida Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohruh Mirzo oilasida to‘ng‘ich farzand dunyoga kelgan edi.

– Alloh nasib etsa, nevarangiz kelajakda ham olim, ham ulug‘ podshoh bo‘lgay, – deya duo qilishadi yaqinlari. Bu xush tilakdan ikki hissa sevingan bobokalonimiz nevarasiga otasining ismini berishga qaror qiladi:

– Suyukli nevaramizning ismini Muhammad Tarag‘ay qo‘yurmiz! Inshoolloh, u xuddi katta bobosi yanglig‘ bilimli, dono, mard va jasur inson, ulug‘ bek bo‘lgay!

Shundan so‘ng bu aziz o‘g‘lonni barcha ikki nom bilan – Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek, deb atay boshlaydi.

Nomi yetti iqlimga ma’lum-u donishmand podshoh va mutafakkir alloma Mirzo Ulug‘bekning dunyoga kelishi ana shunday xush niyat va bir olam sevinchlarga sabab bo‘ladi.

 

Buvijon, yana ertak aytib bering!

Ko‘pchiligingiz bobo va buvilaringizning ertak, hikoya va dono o‘gitlarini tinglab katta bo‘lgansiz. Chunki jondan aziz nevaralariga qiziq-qiziq ertag-u doston, turfa hikoyat-u rivoyatlarni so‘ylab berish, shu bilan avlodlarda yuksak insoniy fazilatlarni tarbiyalash xalqimizga xos ezgu an’analardandir. Mirzo Ulug‘bek bobomizning bolaligi ham xuddi siz-u bizning bolaligimizdek ertak va dostonlar, purhikmat matallar og‘ushida o‘tgan. Chunki u zot go‘daklik chog‘idan hamisha bobo va buvilari yonida bo‘lgan, ularning bebaho nasihat va o‘gitlaridan bahra olib ulg‘aygan.

Tarixiy manbalar yosh Muhammad Tarag‘ayning bobosi Amir Temur bilan turli safarlarga chiqqani, hamisha buvisi Saroymulkxonim (Bibixonim) tarbiyasida bo‘lganidan dalolat beradi. Bu oqila va dono ayol Ulug‘bekni juda yaxshi ko‘rar, unga turli ertak va dostonlar aytib berar, she’rlar o‘rgatar ekan. Xonadondagi bu ajoyib muhit o‘tkir zehnli, ziyrak, zukko bola – Muhammad Tarag‘ayga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. U rahmdil, shafqatli, diyonatli, mehribon inson bo‘lib voyaga yetadi. Uning adabiyotga, she’riyatga bo‘lgan cheksiz muhabbati ham balki o‘sha paytlarda tug‘ilgandir...

 

Adabiyotga, san’atga mehr

Darvoqe, butun dunyoga buyuk astronom, xolis muarrix (tarixchi), insonparvar va tinchliksevar davlat arbobi sifatida mashhur bo‘lgan bobokalonimizning badiiy ijodga, umuman, adabiyotga qanday ixlosmand bo‘lgani haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni istasangiz, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarini mutolaa qilishingiz mumkin. Ulug‘ shoir o‘zidan avval yashab o‘tgan va zamondosh ijodkorlar haqida to‘xtalarkan, ularda bevosita Mirzo Ulug‘bek e’tibori va g‘amxo‘rligida, homiyligi ostida qalam tebratgan shoir-u adiblar xususida ham so‘z yuritadi.

Navoiy Mirzo Ulug‘bekning nazmga, ya’ni she’riyatga mayli, qiziqishini alohida ta’kidlabgina qolmasdan, u zotning: “Go‘zallik mulki qo‘l ostingda qanchalik ko‘p bo‘lsa ham, sho‘xlik qilmagil, axir sen hamisha yomonlarning nazaridasan, ya’ni mol-davlating bilan kerilma, yaxshi-yomonning ko‘z o‘ngidasan, ularning oldida maqtanish oqil odamning ishi emas”, mazmunidagi baytini keltiradiki, bu bizga ulug‘ olim va donishmand davlat arbobining shoirlik iqtidori, yuksak adabiy-badiiy didi haqida tasavvur beradi.

 

Bunyodkorlik ishlari

Sohibqiron Amir Temur davrida gullab-yashnagan ona diyorimiz uning zurriyodlari zamoniga kelib, yanada chiroy ochadi. Xususan, bilimi, yuksak iqtidori tufayli o‘n yetti yoshida podshoh bo‘lib, davlatni qariyb qirq yil boshqargan Mirzo Ulug‘bek davrida yurtimizda ko‘plab bino va inshootlar, ishlab chiqarish muassasalari, ustaxonalar, masjid va madrasalar barpo qilinadi. Bobosi davrida bunyod etila boshlangan ba’zi majmualar qurilishi Ulug‘bek davrida yakuniga yetkaziladi (masalan, Go‘ri Amir maqbarasining bitmay qolgan qismlari Ulug‘bek zamonida tugallanadi). Samarqand, Buxoro, G‘ijduvon kabi shaharlarda madrasalar quriladi, qishloqlar yanada obodonlashtiriladi.

 

Qaysi fanlarni yaxshi ko‘rgan?

Ulug‘ bobomizning dastlabki ta’lim-tarbiyani kimlardan olgani xususida yuqorida bir qadar ma’lumot berdik. Chunonchi, u bobosi saroyidagi kutubxonadan foydalanib, ilmini boyitib borganiga ham shubha yo‘q. Biroq uning professional astronom, mudarris (o‘qituvchi), davlat arbobi bo‘lib kamol topishida Sohibqiron bobosi, buvisi Saroymulkxonim o‘gitlari, otasi, ulug‘ sarkarda Shohruh Mirzo va onasi, oqila va tadbirkor ayol Gavharshodbegim nasihat-u yo‘l-yo‘riqlari, ustozi Salohiddin Muso ibn Muhammad ibn Mahmud Qozizoda Rumiyning hissasi katta bo‘lgan.

Donishmand ajdodimizdan meros qolgan astronomiyaga oid “Zij” (“Ziji Ko‘ragoniy”), tarixga doir “To‘rt ulus tarixi” singari asarlari uning matematika, geometriya, astronomiya, fizika, tarix fanlariga mehri o‘zgacha bo‘lganini ko‘rsatsa, she’rlar ijod qilgani, adabiyot va san’at vakillariga ko‘rsatgan e’tibor va g‘amxo‘rliklari u zotning adabiyotga cheksiz muhabbatidan darak beradi.

Ilm-u ma’rifatga tashnaligi, bolaligidan kitobga, bilim olishga qiziquvchanligi tufayli Mirzo Ulug‘bek yetuk inson, nuktadon (biror sohani nozik jihatlarigacha chuqur biluvchi) olim bo‘lib kamol topgan. Bu esa biz, bugungi avlodlar uchun o‘rnakka munosib fazilatdir.

 

Elmurod NISHONOV tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.