Orzular e’tirofi
Shahodat qizaloqligidan qo‘g‘irchoqlarga taqinchoqlar yasab, ularga zeb berishni yaxshi ko‘rardi. Turli munchoqlar, keraksiz tugmalardan daraxt, gul yaproqlarini bezashga qiziqayotganini sezgan onasi uni “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyoti markazidagi “Munchoqli bezak” to‘garagiga yetaklab kelganiga ham ikki yil bo‘ldi. Munchoqlardan ayollar zeb-ziynati, turfa gullar yasab, qator tadbirlarda ijodiy ishlari bilan qatnashib faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Shahodat bugun ham sevimli maskani tomon shoshmoqda. Sababi, bugun markazdagi 24 ta to‘garak a’zolarining orasidan eng iqtidorli, iste’dodlilari saralanadi. “E’tirof – 2016” g‘oliblari aniqlanadi. Tanlovda har bir to‘garakdan uch nafardan qatnashgan o‘quvchi ijodiy ishlarini hakamlar hay’ati munosib baholadi.
– Samolyotimga “Uchar qanot” deb nom qo‘ydim, – deydi tanlov g‘olibi, “Aviamodel” to‘garagi a’zosi Muhammadkamron Qobilov. – To‘garakka qatnashayotganimga ikki yildan oshdi. Qirqdan ortiq po‘kakli, yigirmaga yaqin qog‘oz samolyot, o‘nta robot yasab, tanlov va ko‘rgazmalarda qatnashdim. Kichkinaligimdan osmonda uchayotgan samolyotni ko‘rsam, uning qanday qilib yuqoriga ko‘tarilishiga qiziqardim. Qo‘limga qog‘oz tushsa, undan samolyot yasab osmonga uchirardim. Eng sevimli o‘yinchog‘im ham samolyot bo‘lgan. Ularning har biriga nom qo‘yib olganman. To‘garakka kelgan kunlarim ustozim Abdunabi aka Hojiboyev menga samolyot yasashda to‘g‘ri andoza olish, qamish va plastilindan foydalanish yo‘llarini o‘rgatgan. Endi o‘zi yuradigan, gapiradigan robot yasamoqchiman.
Haqiqatan ham, bu maskanda Muhammadkamron kabi ixtirolar yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan o‘quvchilar talaygina. O‘zini Chilonzor tumanidagi 217-maktabning 4-sinf o‘quvchisi, deb tanishtirgan Jahongir Islomjonov markazdagi “Yosh dasturchi” to‘garagiga qatnayotganiga endigina bir yil bo‘ldi. Jahongir mashg‘ulotlarda eng sodda matn dasturida ishlashdan tortib, rasmlarga ramka qo‘yish, fotoshopda ishlashni ham o‘zlashtirdi. O‘zi yaratgan taqvim va tashrif qog‘ozlari bilan ko‘plab tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Taqvimga rasmlarni mukammal joylashtirishni bexato bajargan Jahongirning bugungi “E’tirof – 2016” tanlovining g‘olibi deb topilgani ham bejiz emas.
Tanlovda qatnashayotgan o‘quvchilarning ishlarini kuzatishda davom etarkanmiz, nozik did bilan, bejirim tikilgan ko‘ylaklar e’tiborimizni tortdi. Ularning ijodkori “Tikuvchilik” to‘garagi a’zosi Madina Qobilova ekan.
– Birga o‘ynaydigan singlim bo‘lmagani uchun qo‘g‘irchoq mening yagona ovunchog‘im edi. Uydagi keraksiz matolardan unga har xil ko‘ylak, yubka, qalpoqchalar tikib berardim. Qo‘g‘irchog‘imni chiroyli kiyintirish uchun turli bichimlar o‘ylab topardim. Bu qiziqish meni tikuvchilik to‘garagiga yetaklab keldi. Bugungi tanlovda maktab o‘quvchilariga mo‘ljallab tikkan yubkam hakamlar tomonidan yuqori baholandi.
– Ilk marta o‘tkazilayotgan “E’tirof – 2016” tanlovimizda faqat markazimizdagi to‘garaklarning a’zolari qatnashdi. Kelgusida ushbu tanlovga respublikamizdagi barcha iste’dodli o‘quvchilarni jalb qilish niyatidamiz. Maqsadimiz, o‘quvchilarning milliy qadriyatlar ruhida ulg‘ayishini ta’minlash, voyaga yetmaganlarni maktabdan tashqari ta’limga jalb etish, ularning ijtimoiy kamol topishiga ko‘maklashish. O‘ylaymanki, bu tadbir yillar davomida e’tirofga, e’tiborga loyiq ko‘plab iste’dodlarni aniqlab, nurli kelajak sari qadam tashlayotgan o‘quvchilarimizning safini kengaytiradi, – deydi “Barkamol avlod” respublika bolalar texnik ijodiyoti markazi direktori Xadicha opa Zokirova.
Tadbirdan ajoyib taassurotlar bilan qaytarkanmiz, bir olam orzulari bilan kelajak sari ildam odimlab borayotgan bolalarga qarab, mustaqil yurt farzandlari mana shunday sog‘lom fikrli, barkamol bo‘lishlari shart, degan xulosaga keldik.
Iroda UMAROVA