Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Nurli manzillar

Har kuni necha bor ostona hatlab ko‘chaga chiqasiz. Shunda kundan-kunga, yildan-yilga mahallangizdagi, ko‘changizdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, atrofga hayrat va faxr bilan boqasiz. Bir necha yil oldin shu ko‘chalarda yalangoyoq chopib yurgansiz. Tengqurlaringiz bilan ariq bo‘ylarida shodon o‘ynagansiz. Endi maktabga qatnayapsiz, ulg‘ayib bormoqdasiz. A’lo baholarga o‘qib, ota-onangiz, ustozlaringiz ishonchini oqlayapsiz. Mahalla ham siz bilan birga o‘sib, chiroy ochib borayotganday...

Yaqinda poytaxtimizdagi “Nurafshon” ko‘chasi bo‘ylab yurdim. Yo‘lning ikki chetidagi mahobatli ko‘rinishdan zavqlanasiz. Qurilayotgan va qurib bitkazilgan yangi binolardan dilingiz yayraydi. Foydalanishga topshirilgan oq marmar ko‘rinishdagi Minor masjididan tortib, ko‘p qavatli turarjoy binolari, oyna misoli tekis va ravon yo‘llar. Ko‘cha yoqalariga ekilgan rayhon-u turfa gullarning anbar hidi ko‘nglingizga xush kayfiyat bag‘ishlaydi. Ayniqsa, yo‘lning Forobiy ko‘chasi bilan kesishgan joyi, ya’ni Chig‘atoy darvozasiga yaqinlashganingiz sari hayratingiz oshadi. Zamonaviy ko‘rinishdagi ko‘p qavatli uylarning atrofi noan’anaviy chiroy kasb etgan. Bu yerda yashovchi kichkintoylar uchun qurilgan bolalar maydonchalaridan ko‘z quvnaydi. Binolar hovlisining to‘ridan oqib o‘tgan kichik anhorchadagi mo‘jazgina favvora-yu charxpalaklar sizni yanada quvontiradi. O‘zingizni go‘yo ertaklar shaharchasiga tushib qolgandek his qilasiz. O‘rtada savlat to‘kib turgan dala shiyponini eslatuvchi, so‘nggi amaliy san’atning yog‘och o‘ymakorligi asosida zeb berilib, badiiy qiyofa aks etgan dam olish maskani. Uning yoniga va har bir uyning atrofiga o‘rnatilgan mo‘jaz shiyponchalar. Bularning bari davlatimiz tomonidan aholiga kerakli sharoit va qulayliklarni yaratish maqsadida barpo etilgan. Imkoniyatlari beqiyos shunday manzilda yashashni har bir inson orzu qilishi tayin. Nur balqib turgan bunday manzillarga boqib ko‘zingiz to‘ymaydi, havasingiz ortib boraveradi.

Bu kabi dilingizga yorug‘lik baxsh etuvchi maskanlar faqatgina poytaxtda deb o‘ylamang. Yurtimizdagi har bir viloyat markazidan tortib, chekka qishloqlarida ham mana shunday salobatli yangi turarjoylar qad rostlagan. Ularda yurtdoshlarimiz, yosh oilalar istiqomat qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizdagi ulkan bunyodkorlig-u taraqqiyotning barchasi bag‘rikeng xalqimiz, o‘sib kelayotgan avlodlarimiz, o‘zimiz uchundir.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.