Oftobga oshno maskanlar…
Multfilm qahramoni Kesha “O, yoz, sen kelsang bo‘lar juda soz, o yoz!...” deb kuylaganda ko‘z oldingizga poyonsiz bug‘doyzorlar, ta’til, muzqaymoq, mazza qilib cho‘milish, so‘lim oromgoh kelsa kerak-a?!
Darvoqe, ta’tilning birinchi oyidanoq oyingiz sochiq, shippak, kiyim-kechagingizni joylab bergan jomadoningizni olasiz-u, oromgoh qo‘yniga oshiqasiz. To‘g‘ri, u yoqda tarbiyachi aka-opalaringiz sizga ko‘z-quloq bo‘lib turishadi, doimiy kuzatuv ostida bo‘lasiz, ammo baribir oyingizning nazorati boshqa-da. Ba’zi bolalar muzday buloq suvlaridan sipqorib, mevalarni yuvmasdan tanovvul qilib, ovqatini oxirigacha yeb qo‘ymay, “quloqsiz bola”ga aylanadi-qoladi. Oqibatda, salomatlik bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi mumkin. Ana, Madinani qarang, ayamay sovuq suv ichaverganidan tishi og‘riyapti shekilli, qo‘li jag‘idan tushmayapti. Diyor oyisi ming bor tayinlashiga qaramay, parhezni buzib, shirinlik yeyaverganidan allergiyasi bezovta qilyapti. Elyor esa dastro‘molini olib yurishga erinib, o‘rtog‘ining sochig‘iga yuz-qo‘lini artib ketaveradi.
Unutmangki, siz oromgohga sog‘lig‘ingizni yo‘qotish uchun emas, aksincha uni boyitish, yangi o‘quv yiliga kuch to‘plash, hordiq chiqarish uchun kelasiz. Ota-onangiz yelkangizga bildirmaygina ortib yuborgan mas’uliyat yukini his qilishingiz kerak.
Oromgohda o‘zingizni qanday tutishingiz, ta’tilda hech bo‘lmaganda “bir yong‘oq bo‘yi o‘sishingiz”, eng muhimi kasal bo‘lmay uyga qaytishingiz haqida qayg‘urib, oilaviy shifokor Dildora Rizqulovaga sim qoqdim. Dildora opa temir qoida sifatida amal qilishingiz kerak bo‘lgan ba’zi ma’lumotlarni berdilar.
* Tog‘ havosi siz yashaydigan hudud iqlimidan ancha farq qiladi. Moslashish jarayonida immunitet qancha yuqori bo‘lsa, kurashga otlangan kasalliklarni yengish shuncha oson bo‘ladi. Shuning uchun oromgohga borishdan oldin immunitetni ko‘tarib olish kerak.
* Bodom, yong‘oqni tishida chaqadigan bolalar diqqatiga! Hatto qotirilgan non bo‘lakchalari ham tish emalini yemiradi. Natijada kariyes kovak qilgan “hudud”da issiq, sovuq yeguliklarni aralashtirib yeyaverganingizdan tish nervlari shamollaydi, lo‘qillab og‘riydi. Mabodo, shirinlikga o‘chlik qilib, tishingizni “chiritib” qo‘ygan bo‘lsangiz, oromgohga ketish oldidan ota-onangiz stomatolog shifokorga yetaklashsa, xarxasha qilmang. Vaqt o‘tib, ildizi yiring to‘plagan tish azobli og‘riq beravergach, sizni baribir do‘xtirga borishga majbur qiladi.
* Yuvilmagan qo‘limizga millionlab bakteriyalar yopishib oladi. Ayniqsa, ular o‘sgan tirnoqlar ostidan in qurishadi. Qo‘limizni yuvmay ovqatlanganimizda ular bizga rahmat aytib, og‘zimiz orqali ichimizga kirib ketadi. Endi bu mikroblar qornimizni og‘ritadi, gijjalarni ko‘paytiradi, ishtahamizni bo‘g‘adi. Birovning sochig‘idan, tarog‘idan foydalanish, oyoq kiyimini kiyib ko‘rish zamburug‘li kasalliklarning yuqishiga sabab bo‘ladi.
Esingizda bo‘lsin, har kimning shaxsiy buyumlari faqat o‘zi uchun xizmat qilishi kerak!
* Ba’zi bolalarning yoz oylarida burni tez-tez qonab turadi. Agar bu holat dam olish maskanida sodir bo‘lsa bormi... Organizmda C vitaminining kamayishi, issiq havoda qonning suyulib ketishi bunga sabab bo‘lishi mumkin.
Yodda tuting, shamollab, burun bitganida hadeb dori tomchilaridan tomizaverish shilliq qavat devorini yupqalashtirib, burun qonashiga olib keladi. Shifokor yozib bergan dorilar esa uni beozor davolaydi.
Uyini sog‘inib, burchak-burchaklarda yig‘lab olayotgan do‘stlaringiz ham bordir. Hechqisi yo‘q, ularni davrangizga chorlab, quvonch ulashing. Axir tez orada sizdan keyingi guruhda keladigan tengdoshlaringizga joy bo‘shatib berishingiz kerak.
Qani, maroqli ta’til uchun olg‘a!
Umida SADATOVA