Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oromgohga bormoqchimisiz

yoxud yozgi oromgohlar haqida nimalarni bilasiz?

Yozgi ta’tilga chiqib, uyidagilarni ikki kundan buyon so‘roqqa tutayotgan Dildorani ishdan qaytgan dadasi yoniga chaqirdi:

– Qizim, seni qiziqtirgan ma’lumotlarni olib keldim. Avval mana bu raqamlarga quloq tut. Bu yil yurtimizda 1 ming 204 ta oromgoh faoliyat ko‘rsatar ekan. Bu degani, o‘tgan yilgiga nisbatan 55 taga ko‘p ekan. Ushbu oromgohlarda 292 ming 46 nafar bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan, – deya qog‘ozlarni varaqlay boshladi dadasi.

– Shulardan bittasi men bo‘laman-a? – so‘radi Dildora dadasining yoniga yaqinroq kelib.

– Ha, qizim. Buni qara, yana o‘sha bolaning barchasi imtiyozli sog‘lomlashtirilishi ko‘zda tutilibdi. Bundan tashqari, ixtisoslashtirilgan oromgohlar soni yana ortibdi. Masalan, Intellektual rivojlantirish oromgohlari bor ekan. Bu yerda bolalarga bir yoki bir nechta fanlar bilan birga xorijiy tillar chuqurlashtirilgan tarzda o‘rgatilishiga alohida e’tibor beriladi deyilgan. Turli fanlar bo‘yicha tabiat qo‘ynida mahorat darslari, yozuvchi va shoirlar, adabiyot va san’at namoyandalari, fan arboblari bilan uchrashuvlar o‘tkazilar ekan.

Yana biri Ekologik-biologik va o‘lkashunoslik oromgohlari. Ularda bolalar turli tabiat hodisalarini kuzatib, ekologiyaga doir masalalarni o‘rganishi va muhokama qilishi, xushmanzara tabiat bag‘rida sayohatlar uyushtirish imkoniga ega ekan.

Endi, Texnik ijodkorlik yo‘nalishidagi oromgohlar haqida eshit. Bu oromgohlarda bolalar hordiq chiqarish davomida tayyor chizma va shablonlar yordamida turfa modellarni yasar ekanlar. “Kemasozlik”, “Aviamodel”, “Avtomodel” kabi to‘garaklarda malakali mutaxassislar tomonidan mashg‘ulotlar olib boriladi.

Navbatdagisi Ijtimoiy moslashuv oromgohlari bo‘lib, ularda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, maktab-internatlar o‘quvchilari hamda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarning salomatligi mustahkamlanib, yetakchilik va faolligi, hayotga moslashish ko‘nikmalari shakllantirilar ekan.

Va yana Badiiy ijodiyot yo‘nalishidagi oromgohlar ham bor ekan. Shu yilning o‘zida mazkur yonalishda yana 14 ta oromgoh tashkil etilib, bundan ko‘zlangan maqsad bolalarni ijodga qiziqtirish va badiiy saviyasini oshirish.

Navbatdagi qog‘ozlarga ko‘z yugurtirayotgan dadasi so‘zida davom etdi:

– Buni qara, qizim, oromgohlarda bolalarning har tomonlama xavfsizligini ta’minlash maqsadida ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, tibbiyot, energetika, kommunal soha xodimlaridan navbatchi qism o‘rnatilar ekan. Malakali shifokor va hamshiralarning tibbiy xizmati... Voy, bo‘-o‘y... Yetkazib beriluvchi oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, ularning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi qat’iy nazoratga olinishi ham aytilibdi. Demak, bu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, seni ikkilanmay oromgohga yuborsak bo‘ladi. Bilasanmi, Dildora, eng quvonarlisi, ota-onalar o‘zlari mehnat qilayotgan korxona, tashkilot va muassasalarning kasaba uyushmasi orqali oromgohlarga yo‘llanma narxining o‘rtacha 30 foiz miqdordagi qiymatini to‘lashi meni xursand qilib yubordi.

Dildora quvonganidan dadasining bo‘ynidan mahkam quchib oldi.

 

Bekmurod ABDURAIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.