Opa-singil sportchilar
– Onajon, Zarina opamga oʻxshab chaqqon boʻlgim keladi, biroq uddalay olmayapman. Nima qilsam ekan?! – dedi Mohira maktabdan qaytgach. – Hali jismoniy tarbiya oʻqituvchisi opamni maqtadi.
– Dadang kelsin, gaplashamiz, – qizini bagʻriga oldi, Manzura opa. Kechki ovqat paytida Manzura opa Mohiraning gapini Rahmatilla akaga yetkazdi.
– Boʻldi, buning chorasini topamiz, – jilmaydi dadasi Mohiraga qarab. Ertasi kuni Rahmatilla aka qizlarini viloyat markazidagi “Yoshlik” sport majmuasi yakkama yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabining karate seksiyasiga olib bordi. Qizlar abjirlik bilan chiroyli mashqlar bajarayotgan bolalarga ham havas, ham hadik bilan tikilib qolishdi. Shu choq sport formasidagi ayol yonlariga keldi.
– Xush koʻrdik qizlar, karatega qiziqasizlarmi, chempion boʻlmoqchimisizlar? – dedi sinovchan qarab. Qizlar “ha”, deganday bosh silkitishdi.
– Ustoz, qizlarimni sizga topshiraman. Ularni sogʻlom, chaqqon, chempion qilib tarbiyalab bering, – dedi Rahmatilla aka jilmayib.
– Juda yaxshi, ammo bu sport turi qizlaringizni qiynab qoʻymasmikan?
– Qiynamaydi, qiynasa ham qoʻrqmaymiz, men chempion boʻlishni xohlayman, – dedi Zarina dadillik bilan.
– Ayni muddao, unday boʻlsa, shugʻullanishni boshladik, – murabbiy qizlarni mashq qilayotgan bolalar tomonga yetakladi.
Shu tariqa opa-singillar tajribali murabbiy Feruza Matyoqubovaning tirishqoq shogirdlariga aylandi. Qizaloqlar ustozdan karatening sir-asrorlarini, uning jozibador usullarini qunt bilan oʻrganishga kirishishdi. Mashaqqatli mashqlarni oʻzlashtirishdan charchashmadi va koʻp oʻtmay mustahkam irodalarini namoyish qilib murabbiy mehriga sazovor boʻlishdi. Shahar, viloyat, respublikada karate boʻyicha oʻtkazilgan qator musobaqalarda gʻoliblikni qoʻldan bermay kelishyapti. Viloyatda sportchi qizlar sifatida tanilishdi.
– Mana uch yildirki, qizlarim karate bilan shugʻullanishyapti. Bu davr mobaynida ularning dunyoqarashi, ruhiyati sezilarli darajada oʻzgardi. Ular hamisha yaxshi kayfiyatda yurishadi, darslarni, uy yumushlarini vaqtida, koʻngildagiday qilib bajarishadi. Erinchoqlikdan butunlay qutulishdi. Bilaman, karate ancha murakkab sport turi. Biroq shu mashaqqatlar qizlarimni irodasini toblayapti, qomatlarini raso qilib, fikrlarini tiniqlashtiryapti. Ona qizlarim allaqachon kelajakda kim boʻlishlarini ham belgilab olishdi, – deydi Manzura opa quvonch bilan.
Bugungi kunda opa-singil Ikromovalar Urganch shahridagi 18-umumtaʼlim maktabida tahsil olishadi. Zarina 6-sinfda, Mohira esa 4-sinfda oʻqiydi. Karate mashgʻulotlarini pandemiya tufayli onlayn tarzda olib borishyapti. Ustoz tomonidan berilayotgan topshiriq va koʻrsatmalarni masofaviy ravishda bajarishmoqda. Bu qizlarning nafaqat jismoniy holatini meʼyorida saqlashni, boʻsh vaqtlarini mazmunli va maroqli oʻtishini ham taʼminlayapti.
Darhaqiqat, sport Zarina va Mohira kabi yurtimizning kelajagi sanalgan yuzlab, minglab iqtidorli oʻgʻil-qizlarning istak va orzularini roʻyobga chiqarishga, ularni har tomonlama sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishiga xizmat qilyapti.
Muhabbat Hamidova