Husniddin Sharipov
Husniddin Sharipov 1933-yil 10-fevralda Namangan viloyatining Pop shahrida tugʻildi. Toshkent qishloq xoʻjalik instituti oʻrmon-melioratsiya fakultetida tahsil oldi.
Namangan oʻrmon xoʻjalik idorasida injener (1954–1956), “Namangan haqiqati” gazetasida adabiy xodim va masʼul kotib (1956–1960), “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida adabiy xodim (1960–1962), “Sharq yulduzi” jurnalida (1962–1983) boʻlim mudiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1984–1993) vazifalarida xizmat qildi.
“Navoiy” nomli birinchi sheʼri 1948-yili “Namangan haqiqati” gazetasida, “Nihol” degan ilk sheʼriy toʻplami esa 1956-yilda nashr etildi. Shundan soʻng shoirning “Tuproqqa qasida”, “Yerning qalbi” (1965), “Men sizga aytsam” (1968), “Lirika” (1970), “Hayajonli daqiqalar” (1980), ikki jildlik “Saylanma” (1982), “Xirmon” (1985) kabi kitoblari dunyoga keldi.
H. Sharipovning turli yillarda yozilgan “Sotvoldidan salom”, “Quyoshga oshiqman”, “Insof diyori”, “Qilmish-qidirmish”, “Bogʻ koʻcha bolalari”, “Tanovar” kabi oʻn sakkizta dostoni adabiyotimizdagi mazkur yoʻnalish rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshildi.
Husniddin Sharipovning “Seni sevaman” (1958), “Afsona” (1975), “Chollar va kampirlar” (1979), “Ota oʻgʻli” (1984), “Karvon bexatar boʻlmas” (1986) kabi pyesalari respublikamiz teatrlarida muvaffaqiyatli sahnalashtirildi. “Navroʻzim kelur”, “Jonim Oʻzbekiston”, “Iftixor” singari oʻnlab qoʻshiqlari Navroʻz va Mustaqillik bayramlarida ijro etildi. “Ukajonlarimga” (1963), “Bu yogʻi nima boʻladi?” (1973), “Chavandoz” (1974) kabi toʻplamlari yosh kitobxonlar qalbidan chuqur oʻrin egallagan.
Husniddin Sharipov, ayniqsa, mustaqillik yillarida faol ijod qildi. Bu yillarda shoir “Ming ikkinchi kecha” (1992), “Qaltis yurish” (1999), “Qaynar buloq” (2002), “Asiringman” (2003) kabi jami yigirmadan ortiq dostonlar, dramatik asarlar yaratdi.
Shoir I. Turgenev, U. Uitmen, R. Rojdestvenskiy, B. Vasilyev, Y. Yurandot, P. Neruda, J. Lafonten, B. Brext, V. Mayakovskiy asarlarini oʻzbekchaga oʻgirgan mohir tarjimon hamdir.
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Husniddin Sharipov “Oʻzbeksitonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, “Oʻzbekiston xalq shoiri” (2012) unvonlari bilan taqdirlangan.