Tarixiy voqea
Oʻzbek tilining tarixi bilan siz maktab darsliklari orqali tanishsiz. Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻotit-turk” asari qadimdan turkiy xalqlar tillari orasida koʻplab sinovlardan oʻtib bizgacha yetib kelgan. Bugun esa tilshunos olimlarimiz, shu sohaning yirik mutaxassislari ona tilimizni toza holda meros qilib keyingi avlodlarga yetkaza olamizmi, yoʻqmi degan savol qarshisida bahslashmoqdalar.
Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganiga 31 yil boʻldi. Bu vaqt mobaynida juda koʻp xayrli ishlar qilindi. Tilimizning mustabid tuzum davrida yoʻqotilgan mavqei tiklandi. Yurtimiz katta taraqqiyot yoʻliga chiqib oldi, xalqimizning yashash darajasi oʻsdi. Ona tilimiz ham yangi soʻzlar hisobiga boyib, sayqallanib bormoqda. Keyingi yillarda besh kitobdan iborat “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” nashrga tayyorlanib chop etildi.
Bilamizki, til – qomus, madhiya, bayroq kabi millatning oʻzligi, mavqei, obroʻ-eʼtiborini belgilaydigan muhim vositalardan biridir. Shuningdek, til milliy oʻzligimiz, maʼnaviy boyligimiz hisoblanadi.
Prezidentimiz oʻtgan yili til bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin... Ajdodlarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar”.
Bu yildan boshlab ona tilimizning nufuzi va mavqeini yanada oshirishga katta eʼtibor berildi. Oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Prezident Farmoni eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan joylarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Maʼlumotlarga qaraganda, er yuzida 50 milliondan ortiq kishi oʻzbek tilida soʻzlashar ekan. Bu ona tilimizning dunyodagi nufuzli tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat. Oʻzbek tili xalqaro minbarlarda ham baralla yangramoqda. Bunga misol yurtimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida ona tilimizda soʻzlagan nutqidir. Oʻzbek tilidagi ushbu nutq dunyoning turli davlatlarida yashayotgan oʻzbeklargagina emas, balki turkiy xalqlarga ham alohida iftixor, gʻurur baxsh etdi. Dunyoning nufuzli nashrlari “Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning yuksak minbaridan Alisher Navoiy tilida jahon hamjamiyatini hamkorlik va birdamlikka daʼvat qildi”, – deya eʼtirof etishdi. Buni televizor, ijtimoiy tarmoqlar orqali milliardlab insonlar tomosha qildi.
Hozirda yurtimiz yoshlari bir necha xorijiy tillarni oʻrganishga harakat qilmoqdalar. Poytaxtimizda rus, hind, xitoy, koreys, ingliz, fransuz tillariga ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritmoqda. Bu albatta, quvonarli hol. Lekin, oʻquvchi yoshlarimiz adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinovning quyidagi soʻzlarini hamisha yodda tutishlari zarur: “Har bir odam oʻzining ona tilini mukammal bilmasdan turib, boshqa millat tilida gaplashsa, kulgili ahvolga tushib qoladi”.