Qiyinchilikda toblangan isteʼdod
Bolajonlar, sizga yaxshi maʼlumki, badiiy filmlarda yoki qiziqarli multfilmlarda shahzodalar, kuragi yer koʻrmagan alp bahodirlar oʻzining keskir qilichlarini oʻynatib, dushmanlarning dodini beradi, yurtini yomonlardan himoya qiladi. Lekin oʻsha keskir, tigʻi oʻtkir qilich duch kelgan temir-tersakdan yaratilmaydi. Qolaversa, uni bolgʻa bilan shunchaki urib, majaqlab yasashning ham imkoni yoʻq. Chinakam qilich, yaraqlab koʻzni qamashtiruvchi shamshir shiddatkor olovda obdon toblanib, temirchilarning haftalab, oylab chekkan zahmatlari natijasida paydo boʻladi.
Oʻz sohasida dong taratib, mashhurlikka erishgan, yetuk shaxsga, ustozga aylana olgan insonlarni ham ana oʻsha qilichning qismatiga oʻxshatish mumkin. Ular oʻz baxtini, saodatini, omadini mehnatsevarlik, tirishqoqlik, sabr-u matonat, qatʼiyat, mustahkam iroda va halollikdan topgan. Baʼzi quloqsiz bolalar singari kun boʻyi koʻcha changitib, dangasalarga qoʻshilib, dars tayyorlamay yurmagan. Aksincha, erta yoshdan mashaqqatning noni shirin boʻlishini his qilgan. Axir dono xalqimiz bejiz: “Mehnatdan kelsa boylik, turmush boʻlar chiroyli”, – deb aytmaydi...
Bugun salkam yetmish yoshga yaqinlashib qolgan shoir bobongiz Mahmud Toir ham bolaligida koʻp qiyinchiliklar, ogʻir judoliklarni, achchiq sinovlarni boshidan oʻtkazgan.
“Muzqaymoq” va baxt soʻzlari
Sizga yaxshi tanish boʻlgan mashhur adiba Agata Kristi: “Menimcha, kimning bolaligi baxtiyor oʻtgan boʻlsa, u eng katta yutuqlaridan biriga erishibdi”, degan ekan. Baxtiyor bolalik! Juda jarangdor soʻzlar, shunday emasmi?! Gʻam-tashvishsiz, armon-anduhsiz davr, top-toza, tonggi havodek begʻubor palla. Qancha xayol sursangiz, orzular qilsangiz, yarashaveradigan ayyom! Lekin bolaligida bola boʻlib ulgʻayish nasib qilmagan, turmush mushtlari barvaqt yelkasiga ortilgan, demakki, bolaligi baxtli kechmagan kishilar atrofimizda oz emas.
Shunday deymiz-ku, lekin ozarboyjonlik isteʼdodli yosh adib Elchin Safarlining mulohazalaridan koʻnglimiz nurlanadi: “Bolalikda baxtli boʻlish uchun bitta muzqaymoq ham yetarli edi”... Shubhasiz, bolajonlarimiz uchun muzqaymoq soʻzi baxt soʻzi bilan egiz! Biroq shunga ham ravo koʻrilmagan bolalar-chi?!
Keyinchalik Oʻzbekiston xalq shoiri boʻlib yetishgan, ikki bora Oliy Majlis Senati aʼzosi etib saylangan, davlatimizning yana bir qancha yuksak mukofotlariga loyiq koʻrilgan Mahmud Toirning bolaligi shunday ogʻir kechgan, desam ishonasizmi?
Yetimlik va mardikorlik yillari
1964-yilning iyul oyi. Shoir 5-sinfni, ukasi uchinchi, singlisi birinchi va opasi sakkizinchi sinfni tugatgan payt. Kutilmaganda otalari – Toʻxtaboy akaning buyragi xuruj qilib, olamdan oʻtadi.
Shu paytgacha mehribon boʻlgan Rafiqa aya taqdir taqozosi bilan biroz qatʼiyatli, qattiqqoʻl boʻlishga majbur edi. Yosh Mahmudjon opasi bilan barvaqt uygʻonib, daladan mollar uchun oʻt oʻrib kelar, keyin qaytadan kiyinib, maktabga borishardi. Maktabdan qaytgach, yana oʻt oʻrishga ketardi. Ortib qolgan oʻtlarni quritib, qishga asrab qoʻyishardi. Yozda oʻrilgan gʻalla maydonlariga borib somon yigʻardi, un olish uchun yerdan bitta-bittalab mashoq terardi. Oʻsha paytlar uyida sogʻin sigiri bor odamlarga bayram edi. Shukrki, Rafiqa ayaning bisotidagi sigirning sut-qatigʻi barakali edi. Ancha vaqt sut-qatiq sotib, roʻzgʻor yuritdi. Boʻlajak shoir qish kunlari har yakshanba besh dona boʻz qopga somon tiqib, eshakka ortar va bozorga olib tushib sotib chiqardi.
Mahmudjon 8-sinfni bitirganidan keyin, roʻzgʻor yuki koʻproq uning zimmasiga tushdi. Shu bois yoz boʻyi odamlarning uyida mardikor boʻlib ishladi. Toʻgʻrirogʻi, yangi solinayotgan uylarning suvaydigan usta amakilariga loy qorib, yetkazib berardi.
Oʻsha toblarda qiyinchiliklar yelkasini ezgan oʻspirin hech kimga bildirmay yigʻlardi, borgan sari otasining qadri oʻtayotganini anglardi, otasiz oʻsish qanchalar ogʻirligini yuragidan oʻtkazardi.
Chap qoʻldagi chandiq
Mahmud Toir 6-sinfda oʻqirdi. Sentabr oyi, tokzor ichidan oʻt oʻrib kelgani opasi bilan birga Nomdanak qishlogʻiga bordi. Opasi ikkisi eshakka mingashib, manziliga eson-omon yetib olgach, eshakdan tushar chogʻda jonivor nimadandir hurkib ketib, bolakayni olib qochib ketadi. U qoʻrqib, oʻzini tutolmay yiqiladi va shu tobda qoʻlini oʻroq tilib yuboradi. Bu ham yetmagandek, bir oyogʻi uzangiga ilinib qolib eshak uni tokzor ichiga sudrab ketadi.
Bolakay qattiq ogʻriq va qoʻrquvdan hushidan ketadi. Koʻzini ochsa, oʻzini uyida, jigarlari qurshovida koʻradi. Boshida onasi yigʻlab oʻtirib, opasini koyir, “seni oʻtga yubormay men oʻlay”, – deya boʻzlardi. Uning butun badani momataloq boʻlib shilinganidan achishib ogʻrirdi, biroq onasi ezilmasligi uchun oʻzini azob chekmayotgandek tutishga intilardi...
Talabalikdan to shoirlikkacha
U 1969-yilda oʻrta maktabni tugatdi. Sinfdoshlari birin-ketin hujjatlarini oliy oʻquv yurtlariga topshira boshladi. Shoir esa shoshilmadi, uydagilarni, unga ancha suyanib qolgan onasini, opasini oʻyladi. Talaba boʻlib, Toshkentga ketib qolsa, shunday dastyorni ular qayerdan topadi, axir. Biroq Rafiqa aya oʻgʻlining orzularini payqab turardi.
– Oʻqiysan, bolam, – dedi volidasi. – Otang rahmatlini el-u yurt nafaqat duradgor usta, balki oʻqimishli inson sifatida ham qadrlardi. Mayli, kim boʻlsang ham otangning ruhini shod qil. Ukang ham ulgʻayib qoldi. Bir kunimizni koʻrarmiz...
Aslida ota-onasining eng katta orzusi ham farzandlarini oʻqimishli qilib kamolga yetkazish edi. Zamona zayli bilan oʻzlari oʻqiy olmagan, niyatlariga yetolmagandi. Oʻzbekmiz-da, biz yetmagan orzuga bolalarimiz yetsin deb yashaymiz. Rafiqa aya ham ana shunday oʻzbek ayoli edi!
U onasining duolari bilan hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetiga hujjat topshirdi. Afsuski, imtihonlarga badastur tayyorgarlik koʻrishga sharoiti boʻlmaganidan kunduzgi boʻlimga kirolmadi. Ammo toʻplagan ballari kechki boʻlimga qabul qilinishiga kifoya qildi. Shunisigayam rozi boʻldi, xursandchiligini oila aʼzolariga bildirdi. Bir tomondan yaxshi boʻlgan ekan.
Boʻlgʻusi shoir kunduzi qurilishda ishlab, kechqurun oʻqidi. Muhimi, uning uyidagilarga ogʻirligi tushmadi, aksincha, imkon qadar orttirgan pullarini onasiga yubordi. Ikkinchi kursni bitirib, harbiy xizmatga ketishga toʻgʻri keldi. Harbiy xizmatdan qaytib, oʻqishinini davom ettirdi, nashriyotga ekspeditor boʻlib ishga kirdi. Shu tariqa uning Toshkent shahrida kirmagan bosmaxonasi, bormagan qogʻoz, kitob omborxonasi qolmadi. Ayni paytda Mahmud Toirga tengdosh shoir-u yozuvchilarning birin-ketin sheʼrlari, kitoblari chop etila boshladi. U sukutda edi. Oilaviy tashvish koʻngilga soya solib turganda, yurakka sheʼr sigʻarkanmi?
Vaqt oʻtib, aniqrogʻi, qirq yosh ostonasiga yaqinlashgandagina uning ilk sheʼriy toʻplami chop etildi. Mahmud Toir nisbatan kechroq oʻz iqtidorini namoyon etgan boʻlsa-da, juda qisqa vaqt ichida el ogʻziga tushdi, sheʼrlari mashhur hofizlar tomonidan qoʻshiq qilib kuylana boshladi...
Demak, bolajonlar, siz shoir bobongizdan shoshmaslikni, chidam va sabotni, atrofdagilarga havas koʻzi bilan boqishni va yaxshilarga ergashishni, sabr qilishni oʻrganishingiz kerak. Aksincha, ustozlaringizning etagidan mahkam tutib, bilimlaringizni boyitishingiz zarur.
“Onangizni hech ranjitganmisiz?”
Oramizda ota-onasining aytganini qilmay, oʻzboshimchaligi bilan ranjitadiganlarimiz ham bor. Toʻgʻrimi, bolalar? Qani, ustozimiz ham onasini hech xafa qilganmikin, soʻraylik-chi.
– Turar joyimizni biroz kengaytirish maqsadida otamdan qolgan ikki tup anjir, bir tup anor, toʻrt-besh tup tokni olib tashlash zarurati tugʻildi, – dedi shoir bobongiz Mahmud Toir. Onam mutlaqo qarshi boʻldi. Hatto men bilan uch-toʻrt kun gaplashmay ham yurdi. Ammo noiloj edim... Koʻchatlarni baribir oldim. Oʻshanda volidam xuddi oʻz jigaridan ayrilgan odamdek hoʻngrab yigʻlagan: “Bularni otang rahmatli oʻz qoʻllari bilan ekkandi. Chelakda suv tashib koʻkartirgandi. Avval oʻzing bir tup nihol ekib, undirgin. Keyin koʻrasan... Kovlab tashlashga koʻzing qiyarmikan?.. Shunday ham berahm boʻlasanmi?..”
Onam bu dunyo neʼmatlarining barchasini oʻz oʻrnida qadrlardi. Men dunyoga kelgan Vatan onamning qalbidan boshlanadi. Shu bois onam menga hamma narsadan oldin Vatanni sevishni oʻrgatdi.
Keyinchalik shoir oʻz qoʻllari bilan yuzlab nihollar ekdi, bogʻlar yaratdi, yerga urugʻ qadab, hosil oldi. Hozir ham Mahmud Toir ekkan daraxtlarning mevasidan oʻzi, bolalari, nabiralari, qarindosh-urugʻ, doʻstlari bahramand boʻlishadi... Darvoqe, uy keyinchalik qayta qurilgach, taʼmirlangach, onasi quvonib, oʻgʻlini uzoq duo qilgan, oʻsha kungi xafagarchiliklarni unutgan ekan.
Xulosa oʻrnida
Hayotning magʻzini, eng shirin damlarini tashkil etadigan bolalik haqidagi xotiralarni bir maqolaga joylab boʻlmaydi, aslida. U qanchalar qisqa va oniy boʻlmasin, umrimizga rang berib turadi. Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning ham bolaligidan orttirgan hikoyalari, xotiralari juda koʻp. Ehtimol, ular yaqin kunlarda batafsil, toʻla-toʻkis holatda yaxlit kitob shaklida qoʻlingizga tegsa ham ajab emas.
Asosiysi, hech qachon mehnatdan, qiyinchiliklardan qochmagan inson kun kelib, albatta, yaxshi kunlarga yetishishiga, el-u yurt ichida obroʻ-eʼtibor, izzat-ikrom topishiga, eʼzozlanishiga zabardast shoirimizning bolaligi va bugungi hayoti yaqqol misol boʻladi. Shukrki, sizlarning sharoitingiz, imkoniyatlaringiz aʼlo darajada. Mustaqil Oʻzbekistonning erka bolalarisiz. Fidoyi Prezident bobongiz ne istasangiz, barchasini ortigʻi bilan muhayyo qilib turibdi. Shunday ekan, aziz bolajonlar, sizlar ham oʻqib-oʻrganishdan, mehnatsevar boʻlishdan aslo chekinmang. Ulgʻayib, kamolga yetgach, albatta, buning shirin hosilini oʻrasiz.
Zohidjon OLOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi