Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘quvchining yomoni bo‘lmaydi

– deydi poytaxtimizdagi 206-maktab o‘qituvchisi Dilorom BOYMATOVA

Men ustoz Dilorom Boymatova bilan, aniqrog‘i, uning o‘quvchilari bilan bahorda – “Gulxan” jurnali poytaxt maktablari o‘quvchilari bilan Botanika bog‘ida o‘tkazgan “Yashil olamga sayohat” tadbirida tanishdim. Ona tabiatimizni asrash, atrof-muhitni ozoda saqlashga bag‘ishlangan ushbu tadbirda 206-maktabning 4-sinf o‘quvchilari tayyorlab kelgan sahna ko‘rinishlari bilan tomoshabinlarni xushnud etdi. Momo quyosh, bo‘ron, kapalak, zamin qiyofasidagi bolalar tadbir ishtirokchilariga o‘z vazifalari haqida juda qiziqarli ma’lumotlarni obrazga kirib, san’atkorlik bilan hikoya qilishdi. Shu sinf raqqosalari “Bahor” nomli hamda xorazmcha raqslarni ijro etayotganda zavqlanib ketgan tomoshabinlar ham raqsga qo‘shilib ketishdi. Vatanimiz tabiati, unda yashaydigan jonivorlar, giyohlar haqidagi savollarimizga eng to‘g‘ri javobni ham shu sinf bolalari topishdi. Bu bilimdon bolalarning ustoziga minnatdorlik bildirish uchun uni izladim. Qarasam, boyadan beri yonimda turib dasturni hayajon bilan tomosha qilayotgan ochiq chehrali, ko‘zlarida bolalarga muhabbat porlab turgan yoqimtoygina ayol Dilorom Boymatova ana shu biyron sinf rahbari ekan.

– Qizlaringiz raqs to‘garagiga boradimi, juda chiroyli raqs tushishdi, – so‘radim unga yuzlanar ekanman.

– Raqs to‘garagiga men borganman. Bekoboddagi Madaniyat uyida Tojixon opadan raqs sirlarini o‘rganganman. Bu raqslarni men sahnalashtirdim, – dedi u soddalik bilan.

Biz u bilan uzoq suhbatlashdik. Bekobodda Diloromlar xonadonini o‘qituvchilar oilasi sifatida juda yaxshi bilishadi. Otasi Abdumajid aka maktab direktori, o‘quvchilarga tarixdan dars beradi. Opasi Xolqizoy boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, singlisi Sayyora geografiya muallimi. O‘quvchilik chog‘idayoq, kelajakda xuddi otamdek bilimdon muallim bo‘laman, deb maqsad qilgan Dilorom maktabni a’lo baholarga tugatgach, pedagogika texnikumiga o‘qishga kirdi. Faolligi, bilimga chanqoqligi bilan ustozlari e’tiboriga tushdi. O‘qishni tugatish arafasida amaliyot o‘tagan maktab jamoasi uni ishga taklif qildi. Biroq u o‘zi o‘qigan maktabda, otasi bilan yonma yon mehnat qilishni, bilmaganlarini ustozi – otasidan o‘rganishni, o‘qituvchilikka qanchalik layoqati bor, yo‘qligini otasi sinovidan o‘tkazib olishni istardi. Shuning uchun otasi rahbarlik qilgan 31-maktabga ishga keldi. Uni sinash uchunmi yoki mahoratiga ishonishgani uchunmi 1-sinf rahbarligini topshirishdi. U o‘ziga havas va hayrat bilan qarab turgan 18 xil xarakterli, 18 xil oilada voyaga yetayotgan bolajonlar bilan tanishar ekan, yuragini biroz hadik bosdi. Shunda otasi, qizim, agar sen ana shu 18 bolaning har biri bilan do‘st bo‘lib olsang, ular bilan ishlash oson kechadi. Bolalar qalbida o‘ziga nisbatan ishonch uyg‘ota olgan pedagoggina chinakam ustoz bo‘ladi, dedi. Abdumajid aka deyarli har kuni Diloromning darsiga kirib kuzatar, yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini ko‘rsatardi. Shu tariqa talabchan ustoz sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Yosh muallimaga yana bir sinf ishonib topshirildi. Bugun uning ilk shogirdlari xalq xo‘jaligining turli sohalarida ishlashadi. Lekin har bayramda Dilorom opalarini yo‘qlash uchun shaharga kelishadi. Ustozlarini jajji o‘quvchilar davrasida ko‘rib, ustoz xuddi o‘z bolaligimizga qaytgandek bo‘ldik. Siz esa hamon o‘shanday quvnoq va mehribonsiz, deyishadi.

Mana o‘n olti yildirki Dilorom opasi Xolqizoy, singlisi Sayyora bilan birgalikda Toshkentdagi 206-maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida mehnat qiladi...

– Biz bugun “Bilimlar qasri” poydevoriga birinchi g‘ishtni qo‘yamiz. Kimda-kim qasr puxta, chiroyli, baland bo‘lishini xohlasa, boshlang‘ich sinfda faqat yaxshi baholarga o‘qiydi. Chunki boshlang‘ich sinf bilimlar asosi, poydevori, deb tushuntiradi u ilk darsidayoq. Ota-onalar esa bolasi Diloromning sinfida o‘qishini xohlashadi. Hatto maktab direktori Mahzuna Tursunovnaga yozma murojaat ham qilishadi.

– Diloromning yutug‘i, – deydi Mahzuna Tursunovna, – o‘quvchilarining ota – onasi bilan mustahkam aloqa o‘rnatganida. O‘quvchidagi har bir o‘zgarish, u qo‘lga kiritgan yutuq, yo‘l qo‘ygan xato haqida ota-ona bilan birga ishlaydi. O‘quvchilarining fe’l-atvorini yaxshi o‘rganadi. Bolalarni o‘z kuchiga, iqtidoriga ishontira oladi. Shuning uchun uning sinfida “uch” baho oladigan bolaning o‘zi yo‘q. Sifat ko‘rsatkichi ham maktabdagina emas, tumanda ham yuqori o‘rinda turadi.

– Yomon o‘quvchi bo‘lmaydi, – deydi Dilorom Abdumajidovna, – yomon o‘qituvchi, yomon ota-ona bo‘ladi. Bilsangiz, har bir bolada yashirin iste’dod bor. Uni yuzaga chiqarish o‘qituvchining vazifasi.

– Nahotki, sinfingizda birorta ham yalqov, to‘polonchi bola bo‘lmasa, – so‘rayman qiziqib.

– Bola bola-da, albatta dangasasi ham, o‘qishni uncha xushlamaydiganlari ham uchraydi. Bunday bolalarni men qiziqishiga qarab to‘garaklarga jalb qilaman. 4-sinfda Asilbek degan o‘quvchim telefonga yopishib qolgandi. Kitob o‘qish, dars tayyorlashga unchalik ham toqati yo‘q edi. Ota-onasiga e’tirozimni aytsam, unchalik yoqlashmadi. “Telefon biz uchun kerak, telefon orqali bolamizdan xabardor bo‘lib turamiz”, deyishdi. Shundan keyin Asilbek bilan o‘zim ishladim. Mashg‘ulotni ikkinchi sinf darsligidagi masala va misollarni yechishdan boshladik. Har kuni ikki, uch soat matematika bilan shug‘ullandik. Ko‘p o‘tmay Asilbekda matematikaga ancha qiziqish uyg‘ondi. Uyga bergan vazifalarni ham mustaqil yechishga urinadigan bo‘ldi. O‘qish darsligida ham qiziq-qiziq ertaklarni ovoz chiqarib o‘qishi natijasida nutqi ravonlashdi. “Sog‘lom yurtning sog‘lom bolalari” tadbirida masxaraboz rolini qoyilmaqom qilib ijro etganida, onasi yig‘lab yubordi. U 4-sinfni ona tili va matematikadan bo‘lgan imtihondan 4 baho olib boshlang‘ich sinfni yaxshi ko‘rsatkichlar bilan tugatdi,-hayajon bilan so‘zlaydi ustoz.

Dilorom opaning o‘quvchilari orasida g‘olib bolalar ko‘p. “Kamalak yulduzlari” tanlovining respublika bosqichida Asida Erkinova, Farzona Rahimova, Shahnoza Usanova, Madina Boirovalar sinf raqs dastasidan tashkil topgan Xorazmcha raqs ijro etib g‘olib bo‘lishdi. Fan olimpiadasining tuman bosqichida Nodirbek Rabbimov matematika, Shahzoda Usmonova rus tili bo‘yicha sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Sinf esa o‘tgan o‘quv yilini 91% sifat ko‘rsatkichi bilan ilg‘orlar safida yakunladi.

Dilorom Boymatovaning tarbiyaviy soat bo‘yicha dars ishlanmasi tuman maktablarida ommalashtirildi.

Bugun Dilorom opa yana yangi shogirdlar davrasida. Zamonaviy o‘quv jihozlari bilan bezatilgan birinchi sinf xonasini to‘ldirib o‘tirgan 36 juft qora ko‘zlarga qarar ekan, qalbida yangi-yangi rejalar tug‘iladi. Endigina “Bilimlar mamlakati” ostonasiga hayajon va qo‘rquv bilan ilk qadam qo‘ygan bu bolalar hech shubhasiz, ko‘p o‘tmay ustozining a’lochi, jamoatchi o‘quvchilariga aylanadi.

Dilorom ularning oppoq qog‘ozdek beg‘ubor qalbiga Vatanga muhabbat, xalqiga, milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat tuyg‘ularini joylaydi. Ular ustozlari izidan bilimlar cho‘qqisini zabt etish uchun ishonch bilan dadil odimlashadi.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.